www.ziyouz.com kutubxonasi
42
miyasiga igna sanchilganday bo‘ladi. Taqdirning g‘irrom o‘yini bu «fazilat»larning
barchasini Haydarga nasib etgan. Yillar mobaynida Asadbek unga tanbeh beraverib
charchadi. Agar bu tanbehlar molga aytilsa, u tuppa-tuzuk odamga aylanib qolishi
mumkin edi. Lekin Kesakpolvon yaratgan egam ato etgan bu «fazilat»lariga zarracha
xiyonat qilmay yashayapti.
Asab torlari tarang tortilgan Asadbek unga o‘qrayib qarab turib, oxiri portladi:
— Jim o‘tirsang-chi, birpas!
Dunyoning oromini shu barmoqlar qisirlashi buzib turganday, xonani birdaniga sukunat
bosdi. Ikkala a’yon Asadbekka tikilib o‘tiraverishdi. Bir necha nafaslik sukut Asadbekning
ham joniga tegib, ohista gap boshladi:
— Uni tinchitish oson... O‘sha yoqda tinchiydi. Men xoinlarni hech qachon kechirgan
emasman. Yozuvlarni menga Hosilboyvachcha berdi. Nima uchun berdi, o‘ylab ko‘r-chi?
Meni yaxshi ko‘rgani uchunmi? U «Asadbek Kesakpolvon degan ahmoq oshnasining
maslahatiga yuradi», deb o‘ylagan. U payt poylayapti. Uning puli ko‘p, ammo aqli kalta.
— Aqli kaltalardan ko‘proq qo‘rqish kerak, — dedi Chuvrindi.
Asadbek unga yalt etib qaradi. «Qo‘rqish kerak» degan ibora unga yoqmadi. Chuvrindi
bu qarashning ma’nosini tushunib, gapiga tuzatish kiritdi:
— Ehtiyot bo‘lish kerak, demoqchiman. Aqli kaltalar o‘ylab, ishni pishitib so‘ng jangga
kirmaydi, kutilmaganda chang solib, o‘zini ham, boshqani ham vayron qiladi.
— Hosilboyvachcha hali-beri menga urush ochmaydi. Yangi paydo bo‘layotgan mayda
to‘dalardan ehtiyot bo‘lish kerak.
— Gapingiz to‘g‘ri, — dedi Chuvrindi, — bir hikmat bor: tariqday mamlakatning
rahbarlari kambag‘allikdan chiqish yo‘llarini izlab, oxiri Amerikaga urush ochmoqchi
bo‘lishibdi. Urush ochsak, ular bizning yurtimizni bosib olishadi, so‘ng xalqimizni
boqishga majbur bo‘lishadi, deyishibdi. Shu qarorga kelishganda ulardan biri: «agar biz
ularni yengsak-chi, xalqini qanday boqamiz?» deb tashvishlangan ekan.
— Agar katta mamlakat lallaysa har balo bo‘lishi mumkin, — dedi Asadbek. So‘ng
Kesakpolvonga yuzlandi: — Otarchining qaytganini eshitganmiding?
— Qaysi otarchi?
— Elchin. Esingdan chiqdimi?
— Ha, umi? Eshituvdim.
— Nega menga aytmading?
— Chakki qadam bosgani yo‘q. Tinchgina yuribdi.
— Tinchgina yuribdimi? Sen uning o‘rnida bo‘lganingda tinchgina yurarmiding?!
— Meni o‘sha so‘takka tenglashtirasanmi?
— Bo‘pti, gapni chaynama. Endi qarzimizni uzishimiz kerak. U sen o‘ylagan
so‘taklardanmas. Erkak u, bilib qo‘y! Deputatning qizi bo‘yiga yetib qolganmi?
Chuvrindi Asadbekning maqsadini anglab, bosh irg‘adi.
— Haydar, Shilimshiqdan xabar bormi?
— Yuribdi, Chelyabinskda.
— Uni qaytarish kerak. Otarchiga ro‘para qilamiz. O‘chini bizdan emas, o‘shandan
olaversin. Mahmud, Sharifning ishi yosh bolaning qo‘lida ekan. Vinzavodga qiziqayotgan
emish. Kimligini bilib qo‘y.
— Bilib qo‘yganman. To‘ytepalik bola. Ota-onasi ketmonchi. O‘ziga ilmdan Xudo bergan
ekan. Lekin ilmni tashlab bu yoqqa o‘tibdi.
— Nega?
— Akasini o‘ldirib ketishgan ekan. Shunga alam qilgandir.
— Kim o‘ldirgan ekan, aniqlab qo‘y.
Bu buyruq Kesakpolvonga qarata aytilgan edi. U nima qilish lozimligini tushundi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |