www.ziyouz.com kutubxonasi
45
o‘pishga ham yuragi betlamas edi. Uyiga go‘yo haromni boshlab kelganday o‘zidan-o‘zi
nafratlanar, dunyoni bunchalar yaralganidan xafa bo‘lib ketardi. Ba’zi hollarda «erim sog‘
bo‘lganida shu yo‘lda yurarmi edi» deb savol tashlab, yuragi battar ezilib ketardi.
Nomusni jondan aziz bilgan ayol xiyonatga duch kelsa nima bo‘larkin? Ming yillar
muqaddam o‘tgan Yevripid degan shoir:
Nomussizlik gar ilashsa nikoh ipiga
Ayol qalbi shu qadarli qonsiragayki,
Topolmaysiz yer yuzida bunaqasini,
deganida balki bizning hamshirani nazarda tutgandir.
Xullas, rashk mavjud, ammo xiyonatga begona oila sohibasi garchi Anvarga mehri
bo‘lsa-da, chegaradan chiqa olmas edi. Chegarada nomus, iffat, hayo degan qo‘riqchilar
borki, ular iblisning zarbalariga yo‘l bermaydilar. Hamshira «shunaqa desangiz...
gaplashmay qo‘yaman» deganida shunchaki po‘pisa qilmadi. Hozir Anvar gapni shu
ohangda davom ettirsa, chindan ham suhbatga chek qo‘yar edi.
Anvar hamshiraning gapini yolg‘on po‘pisa deb anglamadi. Balki gaplari noto‘g‘ri talqin
etilganidan afsuslandi:
— Dilobar, — dedi u, — siz meni tushunmadingiz. Erkak bilan ayol bir-birini yaxshi
ko‘rsa maqsad faqat to‘shak bo‘lmaydi-ku? Aka-singilday yaxshi ko‘rish mumkinmi? Men
sizning qoshu ko‘zingizni emas, faqat inson bolasiga xos odatlaringizni yaxshi ko‘rishga
haqqim yo‘qmi? Yorug‘ olamda besh milliardga yaqin odam yasharkan. Lekin ko‘ngil
ba’zan beshta yaxshi odamga muhtoj bo‘ladi-ku? Shu besh odamning biri ayol bo‘lishi
mumkin emasmi?
Dilobar «Gapingiz rostmi?» deganday unga bir qarab oldi. Anvar boshini egib, ko‘zlarini
bir nuqtaga qadab o‘tirar edi. Hamshiraning qarab qo‘yganini sezmadi.
— Siz mendan nafratlanmang. Agar siz mendan ranjisangiz... men dunyodan
nafratlanaman.
Olislarni ko‘rish uchun umr karvoni,
Saboq ekan, kiprigimni yosh qilib qo‘ydi.
Keyinchalik har bir kuzning bargi xazoni
Yumshoqqina yuragimni tosh qilib qo‘ydi.
Dilobar oradagi siniqlikni ko‘tarish uchun gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ldi:
— Yangi she’ringizmi?
— Yo‘q, — Anvar boshini ko‘tarmay javob berdi, — Asqar Qosim degan shoirniki.
Taqdirim o‘xshaydi, ammo she’riyatiga yetishim mushkul. Balki umrim ham o‘xshar.
— Umrim?.. U odam tirikmi?
— Yo‘q... o‘zini osgan.
Dilobar titrab ketdi.
— Osgan?
— Ha.
— Nimaga?
— Buni tushunishingiz qiyin. Oxirgi she’rini aytaymi?
— Ayting.
«Boshginamga ag‘anagan, katta tog‘lar, alvido!
Men ketarman hasratlanib, ruhi sog‘lar, alvido!
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |