www.ziyouz.com kutubxonasi
44
ish chiqayotganiga» ishonib, hayratga tushdi.
IV b o b
1
— Sizni chiqarib yuborishmoqchi bo‘lishgan ekan, o‘zingiz ko‘nmaganmishsiz? — dedi
hamshira.
— Sizni tashlab ketgim kelmadi, — dedi Anvar, jilmayib.
— E, qo‘ying-e...
— ...Men sizni o‘ylasam
Charog‘on bo‘ladi olamim.
Men sizni o‘ylasam
Qora qon bo‘ladi olamim...
— Anvar aka, qo‘ying, bunaqa gaplarni... Shunaqa desangiz... gaplashmay qo‘yaman...
Hamshira shunday deb kaftlarini yuzlariga bosdi. Anvarning shirin so‘zlari unga yoqqan,
bu so‘zlar vujudidagi shaytonni uyg‘otgan, shayton esa fursatni qo‘ldan bermay,
ayolning nozik hislarini qo‘zg‘ata boshlagan edi. Ayni chog‘da, sergak farishtalar
ayolning uyat, nomus, hayo tomirlarini uyg‘otmoqqa kirishgan edilar. Osmondagi bulut
to‘dalari to‘qnashib yashin chaqqani kabi bu vujudda ikki kuch ayol yuragini yondirib,
larzaga soldi. Bu kuchdan juvonning yuzlarigacha qizarib ketdi. Chiroqning xira nurida
hamshiradagi bu o‘zgarish sezilmasa-da, u o‘ng‘aysizlanib, yuzlarini kaftlari bilan to‘sgan
edi.
Anvar juvondagi bu o‘zgarishni sezdi. Kunduzi bir shifoxonada hamshiralik qilib, bu
yerda haftaning ikki tunida navbatda turuvchi, ustiga-ustak qo‘shni idorada farroshlikni
ham bo‘yniga olgan bu ayol har qanday erkakning xayolini o‘g‘irlashi tayin edi. Bu
xushro‘y ayolning eri majruh ekani, to‘shakdan turolmasligini bilgan erkak esa unga bir
qarmoq tashlab ko‘rmasa ko‘ngli tinchimas. Hamshira bunga ko‘nikib qolgan. Ko‘zlarini
chaqchaytirib turib ko‘ngil izhor qilgan, ayniqsa bilagiga qo‘l yuborganlarida u erkak
zotidan, hatto ba’zan o‘z eridan ham nafratlanib ketadi. «Erim sog‘ bo‘lganida shularga
o‘xshar edimi», deb o‘ziga o‘zi savol beradi. Bolaligida xastalanib, so‘ng to‘shakka bir
umr mixlangan bu yigitni yaxshi ko‘rib tekkan. Ko‘nglida uyg‘ongan his nima edi —
muhabbatmi yo rahm-shafqatmi aniq bilmaydi. Yigitni xastaxonada ilk ko‘rganida yuragi
g‘alati bo‘ldi. Yuzida kulgichi bor, ko‘zlari qisiqroq, qoshlari qalin bu yigit istarali, so‘zlari
esa shirin edi. U xuddi xirgoyi qilayotgandek shirin gapirardi... Boshqa hamshiralar
muolaja qilishsa, gapga solishsa uning g‘ashi keladigan bo‘ldi... Otasi ko‘nglida norizo
bo‘lsa-da, sirtiga chiqarmadi. «Shu g‘aribga baxt bersa, savob», dedi. Dunyodagi eng
xushsurat yigitni kuyov qilaman, degan umidda yurgan onasi ko‘z yoshi to‘kdi-yu, baribir
ko‘ndi. Ba’zilar to‘rt muchasi sog‘ go‘zallarga yetishguncha dard chekishadi. Hozir
yuzlariga kaftlarini bosib turgan juvon esa xasta yigitga yetguncha ko‘p qiynaldi. U
kechirgan to‘lg‘oqli tunlar tasviri alohida doston bo‘lar. Ko‘nglini muhabbat chaqmog‘i
ozgina bo‘lsa ham yoritgan insonga bu kechmishlar begona emas.
Hamshira ko‘nglida shilqimlik uyg‘ongan erkaklarga duch kelganida to‘shakda yotgan eri
ko‘z oldiga kelardi. Shunda unga xiyonat qilganday, o‘zini o‘zi la’natlar edi. Bilagiga
begona erkakning qo‘li tekkuday bo‘lsa vujudi kirlanganday, yomon bir kasal ilashib
qolganday tuyular, uyiga qaytgach, erining ko‘ziga boqishga qurbi yetmas, bolalarini
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |