www.ziyouz.com kutubxonasi
46
Bu dunyoning sho‘rishiga navnihollar tebraning,
Esliroq bog‘boni yo‘q, qoldi bog‘lar, alvido!»
— Voy, bechora...
— Bechora emas. Chorasini topdi, mard ekan.
— Qo‘ying, bunaqa gaplarni. O‘zini o‘ldirish... mardlik emas.
Anvar o‘rnidan turdi. U ayol bilan bahslashishni istamadi.
— Ertalab yana ishga borasiz. Damingizni oling, — dedi u.
Anvar xurrak ovozi eshitilayotgan xonasiga kirib ketdi.
Hazil ohangida boshlangan suhbatning ezgin ruhda to‘satdan uzilishi Dilobarni qiynab
qo‘ydi. Ustiga choyshab solingan taxta karavotda uch-to‘rt soat bo‘lsa ham uxlab olardi.
Anvarning gaplaridan keyin ko‘zlaridan uyqu qochdi. Xunuk xayollar tinchlik bermay
xonaga bir-ikki o‘g‘rincha qarab oldi.
Anvar karavotida o‘tirardi. U tong otguncha ham yotmadi.
2
Navbatdagi tun bedor edi. Umrning yana bir qorong‘u kechasi to‘lg‘oqlar bilan
o‘tayotgandi. Ruhlari xastalangan bemorlar orasida sog‘lom bir yigit dunyoning kirligiga
imon keltirib o‘tirardi.
Hamshira bilan bo‘lgan suhbatdan ezildi, shoir esiga tushib o‘rtandi, deb, siz azizlarni
chalg‘itmay. Nafsilamrini aytganda, suhbatni keskin uzishiga nima sabab bo‘lganini
Anvarning o‘zi ham aniq bilmaydi. Yuragi siqiladiyu tomog‘iga bir nima tiqilib gapirolmay
qoladi. Qulog‘i shang‘ilaydi. Xotini ko‘rgani kelganida ham tuppa-tuzuk gaplashib o‘tirib,
birdan shu ahvolga tushadi. Xotini «kasallari tutdi shekilli», deb o‘ylaydi. O‘zi ham
ba’zan shu fikrga keladi. «Chindanam jinni bo‘lyapmanmi», deb xayol qiladi. Bu fikrga
bandi bo‘lmaslik uchun «Dorilar ta’sir qilyapti», deb o‘zini o‘zi ishontirmoqchi bo‘ladi.
Ruhni sozlovchi, tinchituvchi kuchli dorilar sog‘lom odamni gangitishi turgan gap.
Hozir ham shunday bo‘ldi. Xonaga kirib o‘tirib yutindi. O‘sha «bir nima» tomog‘iga
qadalib turaverdi. «Jonim halqumimga kelib qoldimi? Qadalib nima qiladi, chiqib keta
qolmaydimi? Jon chiqishi shunchalik qiyinmi? Uni quvib chiqarish uchun bo‘yinga sirtmoq
solish shartmi? Asqar aka ham shunday qiynalganmi? Qanday umidlar bilan tong
ottirganlar? «Bandasini yaratgan Xudo insofni ham berar», debmi? Shoh Mashrabday
odamni osgan bandaga insof berilishini umid qilish mumkinmi?»
Yuragi siqilib, havo yetishmayotganday bo‘ldi. U chuqur-chuqur nafas oldi. Tomog‘idagi
«bir nima» yo‘qoldi. «Jon anoyi emas. Menday mo‘minni tashlab qayoqqa ketsin? Lekin
yurak bezovta. Nimaga potirlaydi. Ozodlikni qo‘msayaptimi? Qaerda bor ozodlik? Mana
shu devorlar ortidami? Yo uchinchi qavatdami? Ozodlik devor ortida emas, shu yerda-
ku? Ozodlikni asrash uchun devor bilan o‘raganlar. Eng ulug‘ ozodlik esa uchinchi
qavatda. Shuning uchun ham derazalarga temir panjara to‘silgan. Devor orti —
jinnixona. Amal talashadilar, obro‘, shon-shuhrat ilinjida Xudodan qo‘shimcha barmoqlar
tilab olib ishga kirishadilar... Bu yerda esa unday jinnilik yo‘q. Hamma teppa-teng...»
Anvar shu xayollarga bandi bo‘lib o‘tirganida deraza orti yorishdi. U avvaliga ko‘cha
chirog‘i yondi, deb o‘yladi. Lekin yorug‘ oqim faqat ro‘paradagi derazadan oqib
kirayotganini anglab sergaklandi. Oppoq nur xuddi poyandoz singari yuqoridan tushib
oyoqlari ostida to‘xtagan edi. Anvar ajablandi. Dam o‘tmay bu ajablanish qo‘rquvga
aylandi. Hozirgina joni chiqib ketishiga rozi bo‘lib o‘tirgan yigit qo‘rqdi — har holda jon
shirin-da! Qo‘rquv oyoq-qo‘liga muz yugurtirdi.
«Qo‘rqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz».
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |