www.ziyouz.com
кутубхонаси
46
solib quladi. Shunda hamma yengil tortib, qiyqirib yubordi. Emrayinning hech yeri shikastlanmay
omon qolgan edi.
Hozir Emrayin shu voqeani eslab, o‘g‘lining dunyoga kelishi tufayli ham o‘zining shunday odam
bo‘lib yetishganini, hayotidagi eng ezgu va eng kuchli tuyg‘u xuddi shu otalik tuyg‘usi ekanligini
angladi. Buning uchun u farzandlaridan va avvalo, Kiriskdan minnatdor edi. Emrayin Kiriskka xuddi
shu haqda so‘zlab bermoqchi edi, lekin o‘g‘lini bezovta qilgisi kelmadi. Busiz ham bolaning ahvoli
og‘ir edi...
Otasining umri oxirlab kolgan edi...
Ko‘k sichqoncha, bizga suv bergin!..
Ko‘k sichqoncha, bizga suv bergin!..
Otaning umri oxirlab qolgan edi.
Uning ko‘zi qiymayotgan yana bir-ikki totli xotiralari qolgan edi, u bulardan umidini uzolmasdi.
Garchi vaqt siquvga olayotgan bo‘lsa-da, shularni yodiga tushirmasdan turib ajal quchog‘iga o‘zini
tashlashi qiyin bo‘ldi. Endi u doimo yodida saqlab yurgan xotiralari bilan vidolasharkan, qayiqni tark
etish vaqti kelganligini unutmadi...
U xotiniga dastlabki kunlardanok mehr qo‘ygandi. Ajablanarlisi shunda ediki, xotini uyda o‘tirib
o‘ylagan narsalarni u ham dengizga chiqqan paytda o‘ylagan bo‘lardi. Ular birga yashayotgan
dastlabki kunlardanoq shunday edi, U dengizga chiqqan vaqtida o‘ylagan narsalarni xotini ham
o‘ylagan bo‘lib chiqar, xotinining nima haqda o‘ylaganini esa u ham bilardi... Olisdan bir-birlarining
fikrlaridan bunday xabardorlikni ular sir tutishar, bu boshqalarga sir bo‘lgan yaqinlik baxti edi.
Kirisk hali tug‘ilmagan, ammo gumonining dastlabki alomatlari ko‘rinib qolgandi. Bu alomatlar
tasdiqlanishi ham, tasdiqlanmasligi ham mumkin edi. Emrayin dengizdan qaytib kelgan zahotiyoq
xotinidan:
— O‘g‘il bo‘ladimi? — deb so‘radi.
— Sekinroq, kinrlar eshitib kolishadi! — dedi qo‘rqib ketgan xotini va shu zahotiyoq ko‘zlari
xushbaxtlikdan porladi. — Qayoqdan bila qolding?
— O‘zing bugun shuni o‘ylagansan. O‘g‘il bo‘lishini judayam xohlaysan, to‘g‘rimi?
— O‘zing-chi?
— Sen nimani o‘ylagan bo‘lsang, men ham shuni o‘ylashimni yaxshi bilasan-ku! Men ham xuddi
shuni o‘ylovdim.
— Sen shuni o‘ylaganing uchun men ham shu hakda o‘ylaganman, o‘zing ham o‘g‘il bo‘lishini
judayam xohlaysan-ku, to‘g‘rimi?...
Shunday bo‘ldi. O‘ylaganlari to‘g‘ri chiqdi... Kirisk hali tug‘ilmagandi, biroq xotinining oy-kuni
yaqinlashib qolgan edi. Yakin-orada xotinining ko‘zi yorib qolishi mumkin edi. O‘sha kunlari xotini
uning eskirib, ming yamoq bo‘lib ketgan charm sholvorini kiyib yurardi. «Sen ovga ketganingda, —
derdi u, — erkak ruhi doim uyda bo‘lsin deb shunday qilyapman, yo‘qsa, yangi mehmon yaxshi
o‘smay qoladi». O‘sha kezlari eski charm sholvorini kiyib yurgan xotini uning ko‘ziga juda chiroyli va
juda jozibali ko‘rinardi. Dunyoda eng chiroyli va eng jozibali ayol edi uning nazarida.
Ularni ota-ona qiladigan odam farzand edi-da. Farzandni o‘ylashib yurgan kunlari ajoyib,
tashvishli hamda masrur kunlar edi!
Nihoyat Kirisk tug‘ildi...
Endi shu farzandi bilan, unga aloqador jamiki narsalar bilan vidolashuv payti keldi.
Yana esladi: Kirisk katta bo‘lib qolganida, bir kuni onasining jahli chiqib, «Sen yo‘qligingda
bunchalik qiynalmasdim», dedi.
Bola juda xafa bo‘lib ketdi.
Otasi dengizdan qaytib kelganida:
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |