www.ziyouz.com kutubxonasi
54
havo injiqliklarini mardonavor yengib, fidokorona mehnat qilmoqda» deb yoziladi. Qor
aralash yomg‘ir tinishi bilan dalaga haydaluvchi bu «azamatlar» kuniga uch-to‘rt kilo
emas, qog‘ozda oltmish-etmish kilo terayotganlarini bilmas edilar. «Yegan ovqatlaringga
loyiq termayapsanlar!» degan minnatdan tezroq qutulib, uyga tezroq qaytish ilinjida shu
bostirma ostida yashardilar.
O‘n sakkizinchi kuni Mahmud lanj holda turdi. O‘ng biqinida og‘riq sezdi. Ko‘ngli aynib,
qayt qildi. Nonushtada ishtahasi bo‘lmadi. Isitmasi ko‘tarildi. Sinf rahbariga ahvolini
ma’lum qilgan edi, u: «Dalaga chiqsang, tuzalib ketasan, o‘g‘il bola chayir bo‘lishi
kerak», dedi. U chayir bo‘lish uchun yana uch kun shu ahvolda yurdi. Biqinidagi og‘riq
kuchaydi. Ovqat yemayotgani uchun holdan toydi. To‘rtinchi kuni saharda, hamma uxlab
yotgan mahalda o‘rindan turdi-yu, katta ko‘cha sari yurdi. Yomg‘ir shivalab turgan edi:
birpasda mushuk boladay ividi. Katta, og‘ir etigini sudrab biron mashina ko‘rinib olib
ketarmikin, degan ilinjda yuraverdi.
Nihoyat, mashina chirog‘i ko‘rindi. Mashinaga qo‘l ko‘targani esida, chiroq nuridan
ko‘zlari qamashgani, boshi aylangani ham esida, qolgani yodida yo‘q.
Mashinadagilar bolani ko‘rishgan, ammo to‘xtash niyatlari yo‘q edi. Haydovchi yonida
o‘tirgan odam birdan baqirib yubordi:
— To‘xta! Nima balo, turtib yubordingmi?!
— Yo‘g‘-e, — dedi haydovchi tormozni bosib, — chetda turuvdi-ku?
— Yiqildi bola.
Ular tushib, behush yotgan Mahmudni mashinaga olishdi. Yo‘lni o‘zgartirib, kasalxona
tomon yurishdi.
Mahmudning jigari shishib ketgan edi. Tabiblar avvaliga «tuzalishiga umid yo‘q», degan
to‘xtamga kelishdi. Agar uyiga yaqin yerda bo‘lganida shunday deb ota-onasini chaqirib
berib yuborishardi. Mahmudning baxtiga uylari yuz chaqirimning nari-berisida edi.
Buning ustiga u «paxtadan qochganim uchun qamab qo‘yishmasin», deb qo‘rqib,
kimligini, qaerda yashashini noto‘g‘ri aytgan edi.
Sinf rahbari Ehsonov uyiga qochib ketdi, deb xotirjam, buvasi, buvisi esa «bolam
paxtada» deb o‘ylashardi. Shu bois uni qidirish hech kimning xayoliga kelmas edi.
Bu orada, hech kutilmaganda, butun g‘am-alamlarni birga baham ko‘rgan, bir-biriga
suyanib yashayotgan er-xotin oldinma-keyin boqiy dunyoga rixlat qildilar. Ajablanarlisi
shuki, kasal bo‘lib yotmadilar. Avval Er ketdi. Tungi uyqusi abadiy uyquning debochasi
ekanini bilmay ketdi. Kechqurun yotdi-yu, tongda uyg‘onmadi. Erning yettisi kuni aytib
yig‘layotgan Xotinning nafasi qaytdi, behush yiqildi. Bir soatcha alahsirab yotib, joni
uzildi. Hirqirab yotgan holida «bolam!» dedi-yu, tilini tishladi...
Xuddi o‘sha kuni Mahmudning sog‘aya boshlaganini bilib, tabiblar ajablanishdi.
Davolayotgan tabibni tabriklashdi. «Buni dissertatsiya qilish kerak», deb maslahat
berishdi.
Yaxshiki, maktab bolalarining baxtiga yil o‘ttiz birinchi dekabrda yakunlanadi. Agar yil
dekabrda emas, o‘ttiz birinchi yanvarda oxirlasami, ular yana bir oy qor bosgan dalada
shumtirab yurar edilar. Qo‘llari, yuzlari yorilgan bolalar o‘ttizinchi dekabrda uylariga
qaytdilar. Ana shundagina Mahmudning yo‘qolgani ma’lum bo‘lib, qidir-qidir boshlandi.
Sinf rahbari topib kelganida Mahmud ancha sog‘aygan, oyoqqa turib qolgan edi. Sinf
rahbari bu bevosh bolani urishdi, so‘kdi, gina qildi, oxiri buvisi bilan buvasidan ajrab
qolganini ma’lum qilib, iziga qaytdi.
Sinf rahbari o‘quvchisining sog‘-salomat ekanini bilib, ko‘ngli tinchidi. Shum xabarni
aytib, o‘z yelkasidagi tashvish tog‘ini murg‘ak vujudga, murg‘ak yurakka ag‘darib ketdi.
Ajdodlarimiz falakning aylanishiga qarab, o‘n ikki muchalni belgilab, har muchalga
jonivorlar nomini berganlar. Deydilarki, kim qaysi muchalda tavallud topsa fe’li o‘sha
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |