www.ziyouz.com kutubxonasi
56
Asadbekdan ham nafratlandi. Onasini bu holda ko‘rsatgani uchun Haydarga nisbatan
bo‘lgan nafrati to hanuz so‘nmagan, bu nafrat vujudining allaqaerida uyg‘onmoq uchun
xuddi buyrakdagi toshday fursat poylab yotardi.
2
Prokuratura mahkamasidan chiqqan Chuvrindining ko‘ngli xira edi. U paxtadan qochgan
kezlari hayotida ilk marta qamalib qolishdan qo‘rqqan edi. Sinf rahbarining qamoqdagi
dahshatlar xususida gapirganlari hamon esida. U damda bu gaplarning aksari lof ekanini
bolalar bilishmas edi. O‘qituvchiga ishonishardi, ko‘rqishardi. Birinchi marta Haydarga
qo‘shilib o‘g‘irlik qilganida yana qo‘rqdi. Besh-o‘n kun eshik tiq etsa ham militsioner kirib
kelayotganday cho‘chib tushaverdi. Keyinchalik bu qo‘rquv ancha chekindi, ammo uni
butunlay tark etmadi. Uni hamisha aql bilan ish ko‘rishga majbur etuvchi his ham ana
shu qo‘rquv edi.
Roviylar derlarki, bu aldoqchi hayot kishi bilmasdan yeb-ichib qo‘yadigan zaharga
o‘xshar. Kishi zahar borligidan bexabar holda uni ishtaha bilan yer va bilmaski, unda o‘z
o‘limi yashirindir. Chuvrindi yeyayotgani asta-sekin ta’sir etuvchi zahar ekanini aniq
bilmasa-da, baxtiyorlik ichra yashay turib baxtsizlikka uchramoqdan qo‘rqmoq lozimligini
sezib turardi. Omadning fohisha xotin kabi ekanligi, bugun senga kulib tursa, ertaga
boshqaga iljayib qarajagi ham unga ayon edi.
Bugungi tashrif uning uchun aytarli jiddiy ahamiyat kasb etmasa-da, ko‘nglini xira qildi.
Bunaqa mahkamalarga hatto shunchaki salomlashib chiqish uchun ham kirgisi yo‘q edi.
Zohidning chaqiruv qog‘ozini yirtib tashlab, bu idoradagi tanishlariga sim qoqib qo‘yishi
ham mumkin edi. Avvalo ish chuvalashmasin, dedi. O‘jar, haqiqatparast deb
ta’riflanayotgan Zohidda shubha uyg‘otishni istamadi. Qolaversa, ruhidagi nafsni o‘ldira
olgan tergovchini yaqindan bir ko‘rish ishtiyoqi tug‘ildi.
Asadbek hech yolg‘iz yurmasdi. Bu tabiiy hol. Katta odamning tashvishi ham katta
bo‘ladi, atrofidagi xavfi ham. Kesakpolvon atrofidagilarga qadrini namoyish etish uchun,
og‘aynisiga taqlid qilib, u ham doimo bir-ikki yigit bilan birga bo‘lardi. Bu guruhda faqat
Chuvrindigina yolg‘iz yurardi. U birovga taqlid qilishni xushlamas edi, qolaversa,
gavdasiga, kuchiga ishonardi.
Shahar markazidagi uch qavatli bino yerto‘lasiga joylashgan qarorgohiga ketaturib
mashinasini ko‘p qavatli imoratlar orqasida qolib ketgan mahalla sari burdi. Mahallaga
urushdan ilgari asos solingani uchun imoratlari unchalik hashamatli emasdi. U
mashinasini suvoqlari ko‘chib tusha boshlagan uy qarshisida to‘xtatdi. Bu uy bir vaqtlar
Asadbeklarning makoni edi. Uy egasi bir kechada uyni ham, xotinni ham Asadbekka boy
berib, alamiga chiday olmasdan o‘zini osib qo‘ygan edi. Asadbek u bilan qalin do‘st
bo‘lmasa-da, o‘zaro yaqinliklari bor edi. Shu sababli uning o‘limidan ham iztirob chekdi,
ham jahli chiqdi.
— Ering ahmoq ekan, — dedi ma’rakalari o‘tganidan so‘ng. — Uy ham, xotin ham
topiladigan narsa, jon topilmaydi. Kecha yutqizgan bo‘lsa, bugun yutardi. Men unga uyni
bo‘shat, xotiningni ber, deb qistalang qilmovdim. Hozir ham bunday demayman. Uy
o‘zingga buyursin. Xohlasang erga teg. Faqat eringni qimorga yaqinlashtirma.
Ayol nima uchundir erga tegmadi, Asadbeklar davrasidan uzoqlashishni istamadi. Dam-
badam shu uyda qimorbozlar yig‘iladigan bo‘lishdi. Xotin ularning xizmatini o‘rniga
qo‘yib yuraverdi. Umri shu zaylda o‘tib, oltmishni qoralaganda yolg‘izligini his qila
boshladi. Bu orada Chuvrindining onasi ham chiroyini, yoshligini boy bera bordi. Bozori
chaqqon xonimning ishlari orqaga keta boshladi. Mayxo‘rlik uni odam kepatasidan
chiqarib tashladi. Hali u yerda, hali bu yerda xor holida yotib yurganida Chuvrindi uni
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |