www.ziyouz.com kutubxonasi
58
u xunasa.
— Qilichning o‘zi durust edi, buni bekorga taltaytirding. Foydasi tegadigan olim, deb
yelkangga chiqarib olding. Ana endi o‘zi boshingga o‘tirib olib ko‘llatib yotibdi.
— O‘chir, aqling yetmagan ishlarga aralashma. U bugun bo‘lmasa, ertaga kerak bo‘ladi
bizga. Mahmud, do‘xtirdan so‘ra, necha kunda tuzatarkin, shunga qarab, Portugaliyaga
borishini hal qil.
Azaldan shu: Asadbek bir ishni amalga oshirmoqchi bo‘lganida Kesakpolvon tushunibmi,
tushunmaymi, fikr bildirsa, «aqling yetmagan ishga aralashma», deb shart kesadi.
Boshqa odamga bu haqoratday yoki kamsitishday tuyulishi mumkin. Kesakpolvon esa
bunaqa jerkishu, so‘kishu, la’natlashlarga ko‘nikib ketgan. Og‘aynisining so‘kkani so‘k
oshi, urgani un oshi, deyish noo‘rin, chunki Asadbek unga hech qachon qo‘l
ko‘tarmagan. Chuvrindini yoshlikdagi xatolari uchun bir-ikki urgan, ammo Kesakpolvonni
chertib ham qo‘ymagan.
Asadbekning hozirgi jerkib baqirishi sahrodagi qumga singgan tomchiday beta’sir bo‘ldi
— oraga noqulaylik cho‘kmadi.
— Jamshidning o‘rniga kimni berasan? — dedi Asadbek Kesakpolvondan.
— Chaqiraymi, shu yerda, — Kesakpolvon shunday deb o‘rnidan turdi. Eshikka
yaqinlashib, qiya ochdi-da, Bo‘tqaga imladi.
Xonaga qoruvli, mushaklari o‘ynab turgan, qalin qoshlari tutash bir yigit kirdi. Saqich
chaynab turgan bu yigitning turqi Asadbekka yoqmadi.
— Kavsh qaytarma, bu yer senga molxona emas! — dedi jerkib.
Yigit saqich chaynashini to‘xtatib, ko‘zini lo‘q qilganicha turaverdi.
— Tashqaridagi akang bilan solishsang eplaysanmi? — deb so‘radi Chuvrindi Bo‘tqaga
ishora qilib.
— Menga cho‘t emas.
— Shunaqasidan ikkita bo‘lsa-chi?
— Eplashtiraman.
— Nimaga ishonib aytyapsan bu gaplarni?
— O‘zimga ishonaman.
— Hozir chiqib o‘shani majaqlab tashla, desam bajarasanmi? — deb so‘radi Asadbek.
— Majaqla desangiz, majaqlayman, — dedi yigit o‘ylab ham o‘tirmay.
Jamshid bilan dastlabki uchrashuvda ham shunday savol berishgandi. U savolga sukut
bilan javob qilgan edi.
— O‘ldir, desam-chi?
— O‘ldirish kerak bo‘lsa, o‘ladi.
— Keyin-chi?
— Keyin... siz nima desangiz shu.
Asadbek o‘rnidan turdi. Yigit bez bo‘lib qotib turaverdi. Asadbek xuddi tashqariga
chiqmoqchiday eshik tomon yurdi. Ammo yigitning yonidan o‘tayotganida keskin burildi-
da, uning jag‘iga musht tushirdi. Zarbani kutmagan yigit chayqalib ketdi. Nima voqea
yuz berganini tushunib yetmasidan qornidan tepki yeb bukchaydi, bukchaydi-yu,
gardanidan musht yeb yiqildi.
— Bir qop go‘sht-ku, buning, — dedi Asadbek joyiga o‘tirib. Shu damda yana Jamshidni
esladi. Jamshid ham shunday sinalgan, ammo ziyraklik qilib mushtga chap bergan edi.
— Men seni erkak deb yursam, hebbim ekansan-ku, — dedi Kesakpolvon yigitga. —
Yana Bo‘tqadan ikkitasini yopishtiraman, deb kerilasan-a?! Bo‘tqa sendaqadan o‘ntasini
sixga terib qo‘yadi. Nafas olib, chiqarishga ulgurmay qolasan. Tur o‘rningdan, tuqqan
xotinga o‘xshab yalpaymay, tur!
— Bek akamga qo‘l ko‘tarolmayman-ku, — dedi yigit o‘zini oqlamoqchi bo‘lib.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |