www.ziyouz.com kutubxonasi
61
ruhga davo yo‘q... Birinchi farzandi tug‘ilganida baxtiyorlik dengizi uzra suzdi. Biroq, bu
dengizning po‘rtanalari ham bor edi. Bola yo‘talsa yoki isitmalasa Asadbek shaytonlab
qolay derdi. Bola tuzalmagunicha ming xayolga borardi. Tanchaning bir chetida yotgan
ukasi ko‘z oldiga kelaverardi. Samandarning isitma otashida yonib aytgan so‘zlari qulog‘i
ostida jaranglayverardi: «...samalo‘t, qanotiyni pastlab o‘t...»
Dunyo yuzini ko‘rmay o‘tgan nabirasi yana jarohatini yangiladi...
Manzura ostona hatladi-yu, qaddini bukib o‘tirgan eriga yaqinlasha olmay, to‘xtadi.
Nazarida eri «He, noshud!» deb so‘kib qoladiganday edi. Asadbek xotiniga qaradi, unga
rahmi keldi. Manzuraga yaxshi gap aytgisi, ko‘nglini ko‘targisi keldi. Lekin gap
topolmadi. Ro‘parasidagi bo‘sh stulni ko‘rsatib, «o‘tir» dedi. Ikkovi anchagacha jim
o‘tirishdi.
— Bir oydan keyin o‘g‘illaring kelishadi. Ikkovini baravar uylab qo‘yamiz, — dedi
Asadbek jimlikni buzib. Ko‘pdan beri xayolini band etib kelayotgan bu fikrni aynan shu
damda, uyda emas, aynan shu yerda aytishiga sabab, xotinining zimiston ko‘ngliga umid
chirog‘ini yoqish edi.
— Xudo o‘sha kunga yetqazsin, — dedi Manzura titroq ovozda.
«Hozir yana bir narsa desam yig‘lab yuboradi», deb o‘yladi Asadbek.
— Sen piqillama, hali yosh, istaganicha bola ko‘raveradi.
— Aytganingiz kelsin, iloyim... dadasi... bolani olib ko‘mish kerak. Bu yerdagilar
tashlab yuborishadi.
— Ha, ha, albatta, — Asadbek shunday deb, telefon go‘shagini ko‘tarib, lozim raqamni
terdi. Uch qavatli uy yerto‘lasidagi telefonchi qizlar uning ovozini tanib, darrov, xos
xonani uladilar. Go‘shakni Chuvrindi ko‘tardi.
— Mahmud, — dedi Asadbek, — Haydar akang bu yerga yetib kelsin. Sen o‘zing
Elchinning uyiga borib tur, qabristonga odam yubor. Bolani ko‘mish kerak.
Shunday dedi-yu, go‘shakni joyiga qo‘ydi — ortiqcha gap-so‘zga hojat yo‘q edi.
Tabibboshi darsga kech qolgan boladay eshikni asta ochib, qaradi.
— Kiravering, — dedi Asadbek unga marhamat qilib. — Ayting, bolani tayyorlab
qo‘yishsin...
— Olib ketasizlarmi? — dedi tabibboshi ajablanib. — Odatda ko‘pchilik...
— Men ko‘pchilik emasman...
Haydar yetib kelishi bilan Elchinning uyiga jo‘nashdi.
...Asadbek qabristonlarda ko‘p marta bo‘lgan. Ammo bu safar o‘zi ham anglamagan
g‘alati bir kayfiyatda kirib, g‘alati bir kayfiyatda chiqdi. Ilgari u bahaybat qabrtoshlarga
e’tibor bermas edi. Bugun ne uchundir bu toshlar g‘ashiga tegdi. Garchi yer ostida,
indamaslar olamida yotganlar bir xil libosda, bir xil ko‘rinishda bo‘lsalarda, ularning
tepalari turli holda bezalgan: bir qabr shunchaki somon suvoq qilib qo‘yilgan, boshqasi
ustida oq marmar, qora marmar... hatto haykallar... Bo‘y baravar bir haykal qo‘lini
ko‘ksiga qo‘yib turibdi. Shom qorong‘usida o‘tgan odam qo‘rqib ketishi hech gapmas —
xuddi mayit yer ostidan chiqib «Xush kelibsiz, qani, ichkariga marhamat», deb
turganday...
Bahaybat qabrtosh yonida bolaning qabri bir uyumgina tuproq bo‘ldi. Xuddi bolalar
hammompish o‘ynashga to‘plagan tuproqdayin...
4
Quyosh botayotgan mahalda Manzura kasalxonaga — qizi yoniga, Asadbek huvillab
yotgan uyiga qaytdi. Uning ko‘ngli yolg‘izlikni istayotgan edi. Tanho qolib, tanholik
iskanjasida ezila boshladi. Uyga kirdi, hovliga chiqdi. Xuddi yo‘qotgan bir narsasini
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |