www.ziyouz.com kutubxonasi
64
— Picha vaqt o‘tsin, tinchisin, kelib sotib ketarman.
— Sotolmaysan.
— Nega, Zeli og‘a?
— Uyingni bugunoq yoqaman.
— Yo‘q, Zeli og‘a, bolalarimga rahmingiz kelsin, meni xonavayron qilmang.
— Seni xonavayron qilib bo‘larkanmi? Nechta chamadon bilan ketyapsan.
— Ko‘p emas,— dedi Selim dovdirab,— oltita. Kichkina chamadonlar.
— Boshqalar,— Zelixon avtobuslar karvoni ketgan tomonga qarab qo‘ydi,— bitta ko‘ylak
bilan ketishdi. Og‘am Ismoilbeyga kafanni o‘zbeklar berishdi.
— Og‘am o‘ldilarmi?
— Ha... mening bobomni ham o‘zbeklarning o‘zlari kafanlab ko‘mishgan edi. Shu
narsaga aqling yetadimi sening?
— Ha, tushunaman. Yomonlik istashmas edi.
— Yo‘q, tushunmaysan. Tushunganingda oltita chamadonni liq to‘ldirib qochmas eding.
Boshqalar bilan birga bo‘larding. Sen xunasani baribir otaman. Qayoqqa borsang ham
izlab topib, otaman. To‘pponcham bo‘lganida hoziroq otar edim. Mayli, yana ozgina
yashay qol. Ozgina bo‘lsa ham darbadarlik nima ekanini bilib qo‘y.
— Zeli og‘a, unday demang, sizni hurmat qilaman.
— Hurmat qilmay qo‘ya qol. Bor, ichkariga kir, xotiningning yuragi yorilib ketmasin. Sen
meni kutgin, bir kunmas-bir kun uyingga kirib boraman. Agar bir balo bo‘lib qamalib
ketsam, odam yuboraman. Seni o‘ldirish endi menga qiyomat qarz!
Zelixon bu gaplarni atayin uni qo‘rqitish uchun aytgan edi. Uning nazarida Selimga bitta
o‘q kifoya emas. U bundan buyongi hayotini qo‘rquvda, talvasada o‘tkazishi lozim edi.
Selim chindan ham qo‘rqdi. Ammo shu onning o‘zida Zelixondan oson qutulayotganiga
quvonib, xayr-ma’zurni nasiya qilgani holda ichkariga kirdi. Bundan Zelixonning achchig‘i
chiqdi. Ichkari kirib bir adabini bermoqchi ham bo‘ldi. Shu onda qandaydir bir g‘oyibona
ovoz: «o‘zing-chi, joningni saqlab qolgan odamga xayr ham demay ketmoqchisan-
ku?»— dedi. «Ha-ya,— dedi u o‘ziga-o‘zi,— Yigitaliga uchrashmay ketsam, durust
bo‘lmas». Shu qarorga kelib, shaharga qatnaydigan avtobusga o‘tirdi. U Yigitalinikiga bu
usti-bosh bilan borib bo‘lmasligini, soqchilar ko‘paygani, shubhali odamlar hibsga
olinmog‘i mumkin ekanini bilardi. Shu bois avval Nadyanikiga bormoqni, yuvinib-taranib,
so‘ng Yigitaliga uchrashmoqni afzal ko‘rdi...
...Eshik darrov ochilmadi. Qo‘ng‘iroqning ikkita qisqa, uchta uzun jiringlashi ham
ichkaridagilarga ta’sir etmadi. Qo‘ng‘iroqni qayta-qayta bosavergach, eshik qiya ochilib,
sochlari to‘zg‘igan, o‘ng qo‘l barmoqlariga sigaret qistirgan Nadya ko‘rindi.
— Zelya, senmiding? — dedi u xushlamagan bir ohangda.
— Nadulya, mehmonni yaxshi kutib olmayapsan? — dedi Zelixon ichkari kirib, uning
beliga qo‘l yuborib,— nima bo‘ldi, tinchlikmi?
— Jonimga tegdilaring, hammalaring! — Nadya shunday deb unga esh bermay, oshxona
tomon yurdi. Gaz plitasi ustidagi gugurtni olib, sigaretni tutatdi.
Zelixon ajablanib, katta xona eshigini asta qiyalatib, ichkariga mo‘raladi: ikki yigit
divanda bir-birining yelkasiga bosh qo‘yib uxlab o‘tiribdi, yana biri ustol oyog‘ini
quchoqlagan holda qotgan. Dimog‘iga nasha hidi urilib, burnini jiyirdi. Zelixon bu
yigitlarni tanimadi. Ichkariga kirib o‘ng tomondagi yotoq eshigini ochdi. Ikki o‘rinli
karavotda yotgan, chap qulog‘ining ostidan og‘zigacha tirtig‘i bo‘lgan yigitni darrov tanidi
— Fedya. Ustiga bostirib borib, bo‘g‘ib o‘ldirgisi keldi. Lekin bu uyda guvoh borligini
eslab, o‘zini tutdi. G‘ijim yostiqqa qarab, zaharli jilmaydi. — Nadyaning hozirgina shu
o‘rindan turib chiqqanini fahmladi. Oshxonaga chiqib, uning belidan quchdi.
— Nadulya, bazm zo‘r-ku? Halaqit beribman-da? — dedi uni erkalab.— Bearmon
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |