www.ziyouz.com kutubxonasi
65
tortishibdi-ku?
— Buning Bo‘ri emas, to‘ng‘izning o‘zi bo‘libdi. Kechadan beri tortishadi. Qayoqdan
kelishdi bu boshimga bitgan balolar? O‘zing qayoqda eding? Basharangdan it ham
qo‘rqadi.
— Olatasirning ichida yuribman.
— Senga yarashmas ekan.
— Nima yarashmaydi?
— Egasiz uylarni o‘marishni aytyapman. Bu Akademikning ishi emas, yo shunchalik
tubanlashib ketdingmi?
Zelixon «do‘stim bilan birga edim», demoqchi bo‘ldi-yu, «baribir tushunmaydi», deb
indamay qo‘ya qoldi.
— Ichasanmi? — dedi Nadya qopqog‘i ochilgan aroq shishasini qo‘lga olib.
— Yo‘q,— dedi Zelixon.
— Men bilan ozgina ich, yuragim tars yorilay deyapti,— shunday deb ikki qadahni
to‘latdi-da, birini olib, so‘z aytmayoq ichib yubordi.
— Senga nima bo‘ldi? — dedi Zelixon.
— Nima bo‘lganini sezmayapsanmi? Do‘zaxning eshigi ochilib ketganga o‘xshaydi.
Qo‘rqyapman. Xuddi uyimga bostirib kirib, yoqib yuborishayotganga o‘xshaydi.
— Bu yerlarga qachon kelgansan?
— Bu nima deganing? Shu yerda tug‘ilganman.
— Shu yerda tug‘ilsang ham bu odamlarni bilmas ekansan.
— Hozir hech kimni bilib bo‘lmaydi.
— Nadulya, sen bu yerdan ketishing kerak. Istasang, olib ketay?
— Nima uchun?
— Anavilarning iziga tushishgan. Bularga qo‘shib seni ham joylab qo‘yishmasin.
G‘alvalarning boshida shular turishdi. Belgili odamlar. Bular qutulib, sen esa tutilib
qolishing mumkin. Uyda qo‘rqib o‘tiruvdim, degan gapingga ishonishmaydi.
— Shuni aytgani keldingmi?
— Ha.
— Ovora bo‘libsan, meni hech kim ilintira olmaydi.
— Akademikning gapiga kirmaganlar xor bo‘ladi, bilib qo‘y. Men bekordan-bekorga
gapiravermayman.
Nadya bir oz o‘ylandi. Shu payt Zelixon xayoliga yaxshi fikr keldi:
— Nadulya, menga igna ber,— dedi u.
O‘yga botib turgan Nadya bu gapdan keyin ajablanib, unga qaradi.
— Nima qilasan? Sening bunaqa odating yo‘q edi-ku?
— Odam o‘zgarib turadi, Nadulya. Igna ber. Doridan ham ber, ko‘proq ber.
— Ko‘proq? Ko‘proq uchun ko‘proq pul kerak, yaxshi yigit.
— Men sendan qarz bo‘lib qolganmanmi hech? Dorini beru o‘zing ket bu yerdan. Pulni
kechki payt olasan. Qaerda bo‘lishingni aytsang bas.
— Shu yerda tur,— Nadya xojatxonaga kirib, eshikni zanjirladi. Bir ozdan so‘ng beshta
tsellofan xaltachadagi kukunni uzatdi:
— Bori shu.
— Nadulya, sen mening quyoshimsan! — Zelixon shunday deb tomog‘idan o‘pmoqchi
edi, u o‘zini olib qochdi.— Sen ketaver, Nadulya, men Bo‘rining o‘ziga kelishini kutaman.
Unda hisob-kitobli ishim bor.
— Hali-beri o‘ziga kelmaydi, rosa tortib, o‘lgudek ichgan. Sen shu yerda tur.
Nadya yarim soat mobaynida narsalarini yig‘ishtirdi-da, bir-ikki kun mobaynida qaerda
bo‘lishini aytib, chiqib ketdi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |