www.ziyouz.com kutubxonasi
51
— Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, maktabda duradgor ekan?
— Bilmadim. Balki menga kelgunicha ishlagandir. — Chuvrindi shunday dedi-yu,
ichida Kesakpolvonni so‘kdi: hamisha ishni chala qiladi.
— Sunnatullaev uylanganmidi?
— Yo‘q, ayollarga toqati yo‘q edi. Nima uchun qamalganini bilsangiz kerak. Menga bir
yorilib, «tuhmatga qolganman» devdi. Ayollarga ishonmay qo‘ygandi.
— Otasi og‘ir yotibdi, deysiz. Tuzalib ketsa-chi? Sizdan xafa bo‘lmaydimi?
— Avval tuzalsin-chi? U tuzalishi mumkindir, ammo o‘g‘li tirilmaydi-ku? Yo tiriltirish
qo‘lingizdan keladimi?
— Kelmaydi, ayniqsa yoqib yuborilgan murdani tiriltira olmaymiz. Jamshidda kimning
xusumati bo‘lishi mumkin?
— Bilmayman, mo‘min bola edi. Birov bilan janjallashganini ko‘rmaganman.
— Qiziq... Murda yoqib yuborilgan... — Zohid «murdaning buyragi olingan» demoqchi
bo‘ldi-yu, «hozir vaqti emas» degan qarorga kelib, o‘zini tutdi. Ikkilanganini bildirmaslik
uchun gapini bir maromda davom etdi: — Mashinaga esa tegilmagan. Bu sizga g‘alati
tuyulmayaptimi? Qotil nima uchun hech narsaga tegmadi ekan?
— Bu menga emas sizga g‘alati tuyulishi kerak. Siz mendan limonad nima uchun
bemaza, deb so‘rang, nima kam solinganini aniqlab, aytib beray.
— Balki bu ajablanarli holni o‘ylab ko‘rgandirsiz, debman. Unda boshqa savolga javob
bering: nima uchun murdani o‘likxonadan beruxsat oldinglar?
— O‘likni olishga ham ruxsat kerakmi? Bordik, so‘radik, berishdi, ko‘mdik. O‘lik «qachon
meni ko‘misharkin, qachon ruxsat berisharkin», deb maxtal bo‘lib yotmaydi-ku? Murda
qochib ham ketgani yo‘q, aniq bir joyda yotibdi, kerak bo‘lsa kavlab olaverasizlar,
shunaqa odatlaring ham bor shekilli?
— Bu gapingiz ham to‘g‘ri. Mana, o‘qib ko‘rib, imzo cheking, — dedi Zohid qog‘ozni
uzatib, — agar lozim bo‘lib qolsa yana bezovta qilamiz. Xizmatchilik, qotilni
topmagunimizcha tinchiy olmaymiz.
— Qotilni topishga ishonasizmi? — dedi Chuvrindi qog‘ozga imzo cheka turib.
— Yuz foiz ishonaman, — dedi Zohid qat’iy tarzda. Bu gapdan Chuvrindi miyig‘ida
kulimsiragan bo‘lsa-da, Zohidning tik qarashiga bas kelolmay ko‘zlarini olib qochdi.
— Omadingizni bersin, — deb xonadan chiqmoqchi bo‘lganida Zohid to‘xtatdi:
— Ha, aytmoqchi, eksgumatsiya lozim bo‘lsa, sizni yana bezovta qilamiz.
— Tushunmadim?
— Eksgumatsiya... O‘zingiz aytdingiz-ku, murdani go‘rdan kavlab olish-da. Otasi yotgan
bo‘lsa, yaqin kishisi sifatida siz qatnashishingiz kerak.
Chuvrindi «chaqirsangiz qatnasharmiz» deb xonadan chiqdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |