www.ziyouz.com kutubxonasi
47
mamlakatning kunchiqar chegarasidan piyoda yurib kunbotardagi chegarasiga
yetguncha yigit yoshiga yetarkanu ammo tovoqdagi oltinga birov tegmas ekan. Bundan
xulosa shuki, qadim zamonda hukm qat’iy bo‘lgan. Odamlar gunohlari uchun qanday
jazo olishlarini bilganlar, bilganlari uchun qo‘rqib, o‘zlarini tiyganlar. O‘g‘irlik qildimi,
gunohi isbotlandimi, tamom, qo‘li kesiladi. Boshqacha jazo bo‘lishi mumkin emas. «Bu
o‘g‘ri bekning amma-xolasiga jigar ekan, jazoni yengillashtiring, iltimos, qo‘liga igna
sanchib qo‘ya qoling» deyilmagan. Yaqinda bir yigitcha «o‘tmishda temir qoshiq
bo‘lmagan, shavlani qanday yeyishgan, a» deydi. Senlarning gaplaring ham o‘sha
bolanikidan qolishmaydi. Nazarlaringda odil sud o‘n yettinchi yildan keyin paydo bo‘lgan,
a?
— Endi biz bilganimizni gapiramiz, aka, — dedi Hamdam. — Lekin qadim zamonda faqat
adolat bo‘lgan, degan gapingizga qo‘shilmayman. Gunohni isbotlash uchun ikkita guvoh
kerakmidi? O‘sha zamonda ikkita ahmoq, ikkita g‘alamis, ikkita ig‘vogar topilmagan,
deysizmi? Minglab kallalar o‘sha g‘alamislarning guvohligi bilan uzilgandir? Zindonda
kam odam bo‘lishiga boshqa sabab bordir. Podsholar jinoyatchilarni qayta tarbiyalash
bilan shug‘ullanishmagandir. Jinoyat qanday jazoga loyiq? O‘limgami? Kesilsin, osilsin,
chopilsin, tamom! «Besh yildan o‘n yilgacha axloq tuzatish koloniyasiga yuborilsin»
degan gap bo‘lmagan, deyman, a? Ular to‘g‘ri qilishgan. Mana, Asadbekni yuz yil axloq
tuzatish koloniyasida saqlang, foyda bo‘larmikin?
— Adashganlar-chi? — dedi Zohid, uning gapini bo‘lib.
— Adashganlarmi? — Hamdam bir oz o‘ylandi. — Agar chindan ham adashgan bo‘lsa,
kechirish kerak. Agar adashgan odam qamalsa, o‘ndan biri tuzaladi, bir qismi alamzada
bo‘ladi, bir qismi qamoqdagi «jinoyat malaka oshirish kursida» ta’lim olib chiqadi. Lekin
kim adashdi, kim astoydil tavba qildi, bilib bo‘lmaydi-da. Sen rahm qilgan odamni bittasi
shu Namozovmi? Endi u tamom bo‘lgan olim. Halqumini harom qildimi, endi nafsini o‘lsa
ham tiymaydi.
Mashina depara ichki ishlar bo‘limi qarshisida to‘xtab, Hamdam tushib qoldi. Ko‘p o‘tmay
mayor Soliev mashinani to‘xtatdi. «Hamdam bilan qiladigan ishim bor», deb u ham
tushdi.
2
Zohid Chuvrindi bilan uchrashuvga tayyorlanish uchun atayin barvaqtroq kelayotgan edi.
U Mahmud Ehsonovni Elchinning to‘yida ko‘rgan edi. U haqda juda oz narsa bilardi.
Bilganlarining qay biri haqiqat, qay biri mish-mish, hali farqiga bormagan edi. Dastlabki
uchrashuv chigalni yechishdagi dastlabki urinish bo‘lmog‘i mumkin. Zohid shu sohaga
kirganidan beri ko‘p odamni so‘roq qildi. Lekin bugungisining boshqacharoq bo‘lishini
ko‘ngli sezardi. Har holda laqabi «Chuvrindi» bo‘lgani bilan kissavur yoki yo‘lto‘sar emas,
hatto, bu olam iborasi bilan aytilganda, «torpedo» — bir-ikki puldorni himoya qiladigan
zo‘rlardan ham emas. Asadbeklar haqida so‘z ketguday bo‘lsa, mayor Solievning unga
hamisha yuqori baho berishi bejiz emasdir.
«Tarozi pallasini u tomon bosib turibdi, — deb o‘yladi Zohid. — Men ular haqida oz narsa
bilaman, ular esa meni besh qo‘lday yaxshi bilishadi. Hatto akamning qotillarigacha
bilishadi. Men ularni jinoyatchi deb gumon qilyapman. Menga tegishli tarozi pallasida
faqat gumon bor. Gumon pufakka o‘xshaydi. Shishib, bahaybat tus olaverishi mumkin,
ammo tosh bosmaydi. Aksincha, vaqti kelib yorilsa, odamni sharmanda qiladi».
Zohid shu xayollar bilan idorasiga yaqinlashib, Anvarni ko‘rdi-yu, ajablandi. Hatto «biron
kori hol bo‘ldimikin?» deb xavotirlandi.
— Habib aka tinchmilar? — deb so‘radi salom-alikdan so‘ng.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |