www.ziyouz.com kutubxonasi
44
ekan, erkinlik haqida gapirmay qo‘yaqol.
— Gapni siyosatga burma.
— Ana, ko‘rdingmi, darrov qo‘rqasan. Bizda ilm bilan shug‘ullanish erkinligi yo‘q. Bizda
amalparastlik erkinligi, dunyoparastlik erkinligi, haqiqat ko‘ziga cho‘p tiqish erkinligi,
laganbardorlik erkinligi bor. Bulardan ustozing to‘la foydalanib, maza qilib yashadi. Endi
sen shunday yashaysan. So‘ng sening shogirding. Shunday ketaveradi zanjir reaktsiyasi
bo‘lib. Senga bir hikmatli gap aytaymi?
— Bo‘ldi qil, boshimni g‘ovlatib yubording. Sen bilan gaplashgan odam baraka
topmaydigan bo‘lib qolibdi. Sen ilmda orqada qolib ketayotganing uchun boshqalardan
gina qilma. Ayb o‘zingda, butun kuchingni jag‘laringga beribsan. — O‘lmas Akrom stoli
ustidagi bir varaq qog‘ozni olib, unga uzatdi. — Xavfsizlik qo‘mitasi arxividan
foydalanmoqchi edingmi? Ruxsat berishdi. Mana bu odamga telefon qilib, istagan
paytingda borishing mumkin.
Anvar qog‘ozni olib bukladi-da, e’tiborsiz narsaday cho‘ntagiga soldi.
— Ketaveraymi?
— Ha.
— Gapim ichimda qolmasin, haligi hikmatni aytay: bu jinnilarning gapi emas: «Sahli
Su’lukiy debturki, man tasaddara qabla avonihi fa qad tasaddo li havonihi».
Angladingmi?
— Tushundim, bor ketaver.
— Yo‘q, tushunmading. Tushunganingda sapchib ketarding. Meni tezroq chiqarib
yuborish uchun shunday deyapsan. Bu hikmatning ma’nosi shuki, kimda-kim vaqtidan
oldin boshliq bo‘lsa, o‘zining xorligiga mutasaddi bo‘ladi. Yana ham sodda aytilsa,
layoqatsiz odam boshliq bo‘lib olsa, odamlar ko‘zi oldida o‘zini- o‘zi xorlagan bo‘ladi.
— Yo‘qol, ahmoq!
— Ana, aytdim-ku, tushunganing endi ayon bo‘ldi, — Anvar unga bir jilmayish hadya
etib, xonadan chiqdi.
U jinnixonada o‘tgan har bir kuni uchun bulardan shu zaylda o‘ch olaman, deb o‘ylardi. U
o‘z nazarida hujumga o‘tgan, bular esa himoyada edilar. Bular Asadbek nomini eshitiboq
gangib qoldilar, deb o‘ylardi. Uning ko‘p narsalarga yetadigan aqli Xolidiyni gangitish
mumkin emasligiga yetmas edi. Xolidiy ajablanishi mumkindir, ammo gangimaydigan
toifadan edi. Anvar jinnixonada nur bilan gaplashganida eshitganlarini unutayozgan edi:
«Sen uning kelajakni ko‘ra bilish xususiyati borligini bilmaysan. Unga ertaga nima
bo‘lishi ma’lum». Anvar O‘lmas Akromning jig‘iga tegayotganida Xolidiy uni ko‘zdan
yo‘qotish choralarini izlayotgan edi.
3
Anvar peshinga qadar xush kayfiyatda yurib, tushlikdan so‘ng arxivga borish uchun
ruxsat so‘rab ketdi. O‘lmas Akrom aldamagan edi, chindan ham arxivda istagan hujjatni
beradigan bo‘lishdi. U buvasiga oid ma’lumotni ko‘rish istagini bildirgan edi, ikki kun
ichida topib qo‘yadigan bo‘lishdi. Ishga qaytishni ixtiyor qilmay, Elchinni ko‘rgisi kelib,
uning uyiga yo‘l oldi. O‘tgan kuni ham uyida hech kim yo‘q edi. Bugun ham darvoza
berk. U do‘stiga hazilnamo noma bitdi-da, naycha qilib o‘rab, kalit solinadigan tirqishga
tiqib, uyiga jo‘nadi.
Xotinining ishdan qaytishini kutmay, o‘zi oshga unnadi. Oqshom chog‘i uyga kirib kelgan
Xonzoda erini oshxonada ko‘rib «ko‘z tegmasin-ey» deb kulimsiradi.
— Ertalabki jilmayishingning haqqini ado etyapman, — dedi Anvar.
Osh suzilayotgan damda Elchin kirib keldi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |