www.ziyouz.com kutubxonasi
50
— Nima uchun siznikidan chiqarildi?
Chuvrindi «Bilmaysizmi? Ajab... Men esam Jamshidning uyiga borganingizdan
xabardorman. Men bilan mushuk-sichqon o‘ynamang», deganday qarab turdi.
— Otasi ana ketaman, mana ketaman, deb yotibdi. Bilmay qo‘ya qolsin, dedim. Shum
xabarni eshitsa, ajalidan oldinroq o‘lardi, shunday emasmi?
— Balki... Otasi bilan yaqin do‘st edingizmi?
— Yaqin desam ham bo‘ladi. Ammo do‘st emas edik. U kishining yoshlari ulug‘roq. Men
kooperativ ochayotganimda yordam berganlar. Limonad tsexini birga ochganmiz, desam
ham bo‘ladi. Vinzavodda qo‘li gul ustalardan bo‘lgan ekanlar.
Bu gapni eshitgan Zohid yozishdan to‘xtab, o‘ylanib qoldi. «Vinzavod? Qo‘li gul ekanmi?»
— Sexni qachon ochgansiz?
— Ikki-uch yil bo‘ldi. Hammasi qonuniy ravishda bo‘lgan.
«O‘gay onasi qamoqdan chiqarishga ham yordam bergan devdi. Qamoqdan chiqqaniga
o‘n ikki yildan oshgan-ku?»
— Jamshidning otasi bilan ham o‘sha kezlari tanishganmisiz?
— Shunaqa shekilli, aniq esimda yo‘q.
— Xotirangiz... yaxshi emasmi?
— Xotiramdan nolimayman, ammo kim bilan qachon tanishganimni aniq eslab qolishim
lozim, deb o‘ylamagan ekanman. Bugundan boshlab shu xatoni tuzataman. Bugun —
uchinchi iyun, bir ming to‘qqiz yuz sakson to‘qqizinchi yil. Shanba. Soat, — u shunday
deb, bilagidagi tilla soatga qarab oldi. — Soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tdi. Prokuror
Zohid Sharipov bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldim.
Zohid istehzo bilan jilmayib qo‘ydi.
— Sizga yarashmas ekan.
— Nima yarashmas ekan?
— Maynavozchilik. Undan tashqari, xotirangizga o‘zgartish kiriting, Zohid Sharipov
prokuror emas, prokuratura tergovchisi.
— Yaxshi, kompyuterga yozib qo‘yildi, — Chuvrindi shunday deb ko‘rsatkich barmog‘ini
chakkasiga tiradi.
— Jamshidni oxirgi marta qachon ko‘rgan edingiz?
— O‘limidan bir kun oldin.
— Yoqilgan murdaning Sunnatullaev ekaniga aniq ishonasizmi?
— Boshqa odam deb o‘ylaysizmi?
— Men hozircha hech nima deb o‘ylamayman. Murda Sunnatullaevniki ekanini qaerdan
bildingiz?
— Mashinasi turibdi-ku?
— Sizga kim xabar berdi?
— Bilmadim, uyga kimdir telefon qilibdi.
— Notanish odamning xabariga ishondingizmi?
— Mashinasi turibdi-ku?
— Murdaning aftini tanib bo‘lmasdi. Jamshidning alohida belgilari bormidi?
— Qanaqa alohida belgilari?
— Masalan... bir oyog‘i kalta emasmidi?
— Cho‘loq, demoqchimisiz? Yo‘q, soppa-sog‘ edi... — Chuvrindi shunday javob berdi-yu,
«nima balo, cho‘loq murdani topishgan ekanmi?» deb ichidan zil ketdi.
— Demak, uni bir kun oldin ko‘rgansiz.
— Ha, bir kun oldin ishda edi.
— Qaerda ishlardi, maktabdami?
— Maktabda nima qiladi? Menda, limonad tsexida ishlardi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |