Shaytanat (2-kitob).
Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
205
Zohidni o‘sha kungi hamkasbi ochiq chehra bilan qarshi oldi. U telefonda «tezlik bilan
uchrashishimiz kerak», deganidayoq Zohidning yuragida cho‘g‘langan g‘ulg‘ulaga hozirgi
ochiq chehra moy bo‘lib sepilib, alanga oldirdi. «Bir dardi bo‘lmasa, bunchalik muloyim
bo‘lmas», deb o‘yladi Zohid. U yanglishmadi. Gapni uzoqdan boshlagan hamkasbi
Jamshidning o‘limi
tafsilotiga yaqinlashgandayoq, Zohid gumoni to‘g‘ri ekanini fahmladi.
— Sunnatullaevning qotillari o‘ldirildi,— dedi hamkasbi unga sinovchan nazar tashlab.
— Avval o‘sha murda Sunnatullaev ekanini isbotlash kerak,— dedi Zohid.
— Biz hozircha o‘sha murda Sunnatullaev, deb ishonganday bo‘laveraylik-chi. Xullas,
qotillar...
— Qotil deb gumon qilinganlar,— deb tuzatdi Zohid.
— Ha, gumon qilinganlar tasodifiy holda o‘ldirildi.
— Balki atayindir?
— To‘g‘ri, balki atayindir. Faqat iltimos,
gapning beliga tepmay, eshiting. Demak, qotillar
o‘ldirilgan. Yuzaki qaralsa, ishni yopish ham mumkin. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda,
birodarlarimiz orasida ishni shu tarzda yopishni istovchilar ham bor. Bu kattamizga ham
ma’lum.
Biz maslahatlashib, bir qarorga keldik. Mayli, shunday bo‘lishni istovchilar
murodlariga yeta qolsinlar. Biz go‘yo ishni yopaylik.
— Bu mumkin emas,— dedi Zohid keskin tarzda.
— Gapimni diqqat bilan eshiting, men «go‘yo» deyapman, a?
Ishni yopaylik-da,
kuzataylik, yana nimalar qilisharkan?
— Nima qilishardi, ertaga yana bittasini, indinga o‘ntasini yo osadi, yo otadi. Biz «go‘yo»
deb o‘tiraveramiz. Eshaklarga ferma yo‘q, a? Xuddi shunga o‘xshab, ularga ham qonun
yo‘q.
— Siz tuppa-tuzuk jizzaki ekansiz. Bizning ishimizda bu yomon illat hisoblanadi. Bir
narsani aniq tushunib oling: siz bir kissavurning ishini olib bormayapsiz. Siz
gazitchilarning
tili bilan aytganda, «uyushgan jinoyatchilar» bilan olishmoqchisiz.
Tushunyapsizmi, ular chindan ham uyushgan. Ular bitta yo ikkita emas. Siz-chi? Xo‘p,
yoningizda yana ikkita, boring, ana uch-to‘rtta ugro inspektorlari bordir. Sizning
hamlangiz ular uchun pista chaqib tashlanganday bir gap. Ular ayrim idoralarga qadar
kirib borganlarini mendan yaxshi bilasiz. Kattamiz bularning hammasini hisobga olib,
aniq reja bilan, ildizni
quritar darajada ishlash kerak, deyaptilar. Shuning uchun kerak
joyda hiyla ishlatamiz. Ishni yopish — birinchi hiylamiz bo‘ladi. Sizga bugun-erta ishni
yopishni shama qilishsa, mayli, avval jizzakilik qiling. Kattaga raport ham yozing. Faqat
raportga
rad javob berilsa, dod demang. Sizga topshirilgan boshqa ishni yuritavering.
Lekin bu ishdan butunlay ko‘z yummaysiz, zimdan ish yuritaverasiz. Kavkazliklarning
o‘limi bo‘yicha ishni men yuritaman, demak, barcha ma’lumotlar menda to‘planishi
kerak. Gapimga to‘la ishonishingiz uchun bir sirni ochay: bu masala boshqa idoralar
bilan ham kelishilgan. Birgalikda harakat qilinadi. Masalaning
jiddiyligini endi
tushundingizmi?
Zohid gap ohangidagi samimiyatga ham uncha ishonqiramadi. Bir oz o‘ylab o‘tirgach:
— Balki avvalgi ishimga qaytganim ma’quldir? — dedi.
— Bu fikrni xayolingizdan chiqarib tashlang. Bir gap aytaman, taltayib ketmang yana:
kattamizning sizga mehri tushgan. «Prokuraturani Sharipovga o‘xshaganlar hisobiga
mustahkamlash kerak», dedi. Xudo biladi, balki yaqin o‘rtada yonma-yon xonada
ishlarmiz?
— Men o‘ylab ko‘rishim kerak.
— O‘ylab ko‘rishim kerak? Gaplarimga ishonqiramayapsiz shekilli?
— To‘g‘risini aytaymi? — dedi Zohid unga tik qarab.— Uncha ishonmayapman.