Shaytanat (2-kitob).
Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
207
Ayvonga yetar-etmas uydan Zaynab chiqib kelgach, «xayriyat» deb qo‘ydi. Zaynab eriga
salom berayotganida nigohini olib qochdi. Elchin buni ham sezdi. «Ona-bolaga bir gap
bo‘lgan-mi?» deb qo‘ydi. Ichkari kirib duo qilingach, Manzura choy bahonasida chiqdi.
— Tuzukmisiz? — dedi Elchin, xotiniga tikilib.
Zaynab bu qarashga dosh berolmadi.
— Rahmat,— dedi siniq ovozda. So‘ng nigohini ko‘tarmagan holda: —
Dadam
kelgunlaricha shu yerda turib tursam maylimi, oyim yolg‘izlar, — deb so‘radi.
Elchin Asadbekning xastalanib qolganidan bexabar, «bir-ikki kunda kelib qolar», deb
ruxsat berdi. Avvallari Zaynab bunday iltijo bilan so‘ramas edi. «Uyga boraman» yoki
«yotib qolaman» deb qarorini ma’lum qilardi. Shunda Elchin «ming qilsa ham otasining
qizi-da», deb g‘ashi kelardi. Hozir iboli xotin singari odob bilan ijozat so‘ragani uchun
ham osonlik bilan ko‘ndi.
Manzura
er-xotin gaplashib olsin, degan fikrda choyni damlab, darrov kira qolmadi.
Bundan Zaynab betoqat bo‘ldi. U onasining tezroq kirishini, erining tezroq ketishini
istayotgan edi. Nazarida, eri ko‘ziga tikilib turib:
— Kecha qaerda eding? — deb so‘rab qoladiganday edi.
Onasi kiravermagach, Zaynab o‘rnidan turdi:
—
Men boray endi, — deb Elchin ham qo‘zg‘oldi.
Er-xotinni ayvonda ko‘rib, Manzura oshxonadan shoshilib chiqdi:
— Voy, nimaga turdingiz? Hozir choy qaynaydi. Gaz o‘lgur aksiga olib pastlab qoldi-ya...
Elchin ishini bahona qilib xayrlashdi.
Zaynab erining tezda qo‘zg‘alganidan mamnun bo‘lib, yotog‘iga kirib ketdi. Manzura
izma-iz kirdi-da, qizining yuzini siladi:
— Ering bir nima dedimi?
— Adam kelgunlaricha turishimga ruxsat berdilar. Hozir to‘ylari ko‘p, ertalabga yaqin
keladilar.
— To‘y-po‘yini yig‘ishtirsa bo‘lardi. Adangga aytaylik, bironta ish topib bersin.
— Qo‘ying, oyi, bilganini qilsin. Birpas dam olay...
Onasi peshonasidan o‘payotganida Zaynabning eti seskandi.
Onasi
chiqib ketgach, yuztuban yotib oldi.
U yarim tunda kelib, onasini qo‘rqitib yuborgan edi. «Kuyovingiz to‘ydalar, uyda yolg‘iz
qo‘rqdim», deb bahona qildi. Manzura bu bahonaga unchalik ishonmadi. Chunki kech
soat o‘nlarda qo‘ng‘iroq qilganida hech kim javob bermagan, boloxonadagi yigitlardan
birini yuborganida u «darvoza qulf, chiroq o‘chgan», deb kelgan edi. Manzura «er-xotin
mehmonga ketgandir», deb o‘yladi-yu, ammo «nima uchun menga aytmadi?» deb
baribir xavotir oldi. Qizining tunda,
parishon holda kirib kelishi, undan qandaydir
yoqimsiz hid taralishi Manzurani g‘alati holga soldi. Zaynabni qiyin-qistovga olishga
qo‘rqdi. Bir tomondan tobi yo‘q, boshqa tomondan jahl ustida yana o‘zini bir nima qilib
qo‘yishidan qo‘rqdi...
Kuyovi kelgandagi nigohida bexos zuhur bo‘lgan havotir uchquni shundan edi.
Zaynab odamiylik libosini yechib, hayvonlik martabasiga
tushgan uydan chiqqanida
ko‘chalardagi qatnov hali to‘xtamagan edi. Shayton g‘olibligida avval lazzat topgan,
so‘ngroq o‘z-o‘zidan nafratlangan bu juvonga ko‘chalar, nainki ko‘chalar, olam tor
tuyular edi. U ovsar holatida ko‘p ko‘chalarni kezdi. Qaerlarda tentirab yurganini hozir
ham fahm eta olmaydi. Qayoqqa borishni, nima qilishni istadi — bu ham esida yo‘q.
Yodida qolgani — anhor ko‘prigidan o‘tayotganda «o‘zimni
tashlasam-chi, bira to‘la
qutulsam-chi», degan o‘y xayoliga keldi. Nazarida, suvdan bir ovoz ham keldi: «Kel,
cho‘milib ol, poklanib ol. Poklik dunyosi shu yerda, kela qol!» Ovozni eshitib qo‘rqdi.
O‘zini qirg‘oqdan olib qochdi. Yodida qolgani faqat shu. Uni ajablantirgani, yanada