www.ziyouz.com kutubxonasi
210
momiq qo‘lning tafti esa vujudiga iliqlik berdi. Bu iliqlikni o‘sha zahoti Shomilning
yoqimsiz ovozi haydadi:
— Xonimning zarur ishi bor ekan senda, — dedi u Elchinga.
Elchin o‘zini tanishtirib, ichkari taklif etgach, Valya Shomilga qaradi-da, «sen mashinada
o‘tira tur, bu yerda mashina o‘g‘rilari ko‘p deb eshitdim», deb ostona hatlab ichkari kirdi.
Valya shu amri bilan o‘zining martabasi baland ekani, Shomilni esa nochor bir qul
ekanini ta’kidladi.
Elchin: «Shomilning popugini pasaytirib qo‘ygan bu oyimcha kim bo‘ldi?» — deb
ajablandi. Valya Elchinni jumboqlar dengizida suzishiga yo‘l qo‘ymadi. Uyga kirib o‘tirishi
bilan maqsadga ko‘chdi:
— Meni Zelya yubordi.
— Kim? — dedi Elchin o‘zini tushunmagan qilib ko‘rsatib.
— Zelixan, akademik, — dedi Valya.
— O‘zi qaerda?
— O‘zi Sochida. Zarur ish bilan band. Kelolmadi. Bir gapni aytib yubordi: oxirgi marta
tunagan joyda Dostoevskiyning to‘rtinchi jildi orasida bir varaq qog‘oz bor ekan. Unda
pul qaerga yashirilgani aytilgan ekan.
— Qanaqa pul? — dedi Elchin yuziga ovsarlik niqobini tushurib.
— Yig‘ib qo‘ygan puli bor ekan. Shuni topib, yarmini mendan berib yuborar ekansiz.
— Yarmi-chi?
— Yarmi sizga ekan. Nima qilishni o‘zingiz bilar ekansiz. Qaerda tunaganini bilarsiz?
Bo‘liq soniga Elchinning bot-bot qarab qo‘yayotganini sezgan Valya etagini yanada
yuqori ko‘tarib, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— U bir joyda yashamas edi. Yotib yuradigan bir-ikki joyini bilaman, vaqtim bo‘lganda
qarab qo‘yarman.
— Kutishga fursat yo‘q. Birga boramiz. Shu bugunoq.
— Menga ishonmaysizmi?
— Siz-chi? Menga ishonyapsizmi?
— Ham ishonmayapman, ham ishonyapman, — dedi Elchin kulimsirab.
— Sabab?
— Ishonishimning boisi, Zeli og‘a chiroyli ayollarni tanlashga ustalar. Ikkinchidan,
yaqinda menga Sochidan qo‘ng‘iroq qildilar. Ishonmasligim- ning sababi — telefonda
bu haqda hech nima demadilar.
— Bu telefonda aytadigan gap emas. Ketdikmi?
— Hozir men ishga borishim kerak. Kutishyapti.
— Ansamblingiz bor ekan, a? Men ham san’atga o‘larday qiziqaman. Repetitsiyangizga
olib boring, zerikmayman, rost.
Elchin «quvgina xonimcha ekanmi?» deb o‘yladi-da, unga qarab jilmayib:
— Marhamat, yuring, — dedi.
Elchin mashinani ko‘chaga olib chiqayotganida Valya Shomilni imlab chaqirdi-da,
«orqamizdan qolma», deb shipshidi.
Elchin Valyaning maqsadini darrov fahmladi. Ro‘paradagi ko‘zgudan qarab, Shomilning
izma-iz kelayotganini ko‘rdi. «Zeli og‘a tashlab ketgan boylikning cho‘g‘ini bilishadi
shekilli, — deb o‘yladi Elchin. — Shiraga yopishgan itpashshaga o‘xshab qolishdimi, endi
bulardan osonlikcha qutulish mumkinmasdir. Biron chora o‘ylashim kerak. Bu xonimcha
chindan ham Zeli og‘ani biladi. Dostoevskiyning to‘rtinchi jildini faqat Zeli og‘a aytishi
mumkin. Lekin nima uchun aytdi, nima uchun aynan shu xonimchaga aytdi? Nima uchun
bu xonimcha g‘ilayni laychadek ergashtirib yuribdi?..»
Valya uning ko‘zgu orqali bot-bot qarayotganini sezib:
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |