www.ziyouz.com kutubxonasi
212
— Chiroyli juvonga yetishish uchun qozoq bo‘lsam ham mayliga.
Bir necha chorrahani kesib o‘tishgach, Shomil boshqarayotgan mashinaning qorasi
o‘chdi. Bu Elchin uchun muddaoning o‘zi bo‘ldi. U g‘ilayni qanday chalg‘itsam ekan, deb
turganida jonon qochirimli gapi, nozli qarashi bilan unga bahona topib berdi. Valyaga
esa Shomilning ko‘zdan yo‘qolgani yoqmadi. Chunki Hosilboyvachcha unga Elchinning
kim ekanini aytgan, ehtiyot bo‘lishni tayinlagan edi. Ularning mo‘ljalicha, Zelixon
boylikning yarmini in’om etdimi, demak, hammasiga ega chiqish mumkin, otarchini
ulushga qo‘shishning hojati yo‘q.
Hosilboyvachcha: «Elchin u joyni balki darrov ko‘rsatmas, balki chalg‘itishga harakat
qilar, mayli urinaversin, biz uning har bir bosgan qadamini kuzatamiz», deb edi. Birinchi
harakatdayoq kuzatuvchisi pand yedi. «Chindan ham ayyorga o‘xshaydi», deb o‘yladi
Valya. Lekin tashvishga tushmadi. O‘n uch yoshidan beri Xongireyning tarbiyasida
bo‘lgan bu juvon biri ikkinchisiga o‘xshamagan hiyla-nayranglarni ko‘raverib, ko‘zi pishib
ketgan. U Elchinni dastlab ko‘rganidayoq «buni mushuk boladay o‘ynataman», deb
qo‘ygan edi, hozir uning harakatini kuzata turib, «baribir o‘ynataman» deb ahdini
qat’iylashtirdi.
Valya Elchinning soniga shapatiladi:
— Sekinroq hayda, g‘ilay senga yoqmasa shunday ham orqasiga qaytarib yuboraman, —
dedi.
— Buyruq bilan qaytarishning qizig‘i yo‘q, olib qochishning mazasi boshqa, — dedi
Elchin, o‘zini go‘llikka solib. — Valya, repetitsiyaga bormayman. Seni hozir Zeli og‘ani
kuzatib qo‘ygan uyga olib boraman. Yettinchi qavat, o‘ngdagi birinchi eshik. Sening
adashing, Valentina Mixaylovna. Kirasan, aytasan, o‘sha kitobni o‘zing olasan. Keyin,
rozi bo‘lsang, restoranda otamlashamiz.
— Yaxshi. Ammo uyga birga kiramiz. Aldab ketasan, degan gumonda emasman. O‘sha
narsa ikkalamizga tegishlimi, demak, birga kirib, birga olamiz.
Yettinchi qavat, o‘ngdagi jigarrang charm qoplangan eshikni yoshi elliklarda bo‘lgan,
ammo malohatini saqlab qololgan ayol ochib, Elchinni ochiq chehra bilan qarshi oldi.
— Bu Valya, Zeli og‘aning xotini, — dedi Elchin, «o‘ynashi» deyishni ep ko‘rmay.
— Xotini emasman, nega yolg‘on aytasan? — dedi Valya. — O‘ynashiman. O‘ynash
xotindan ham yaqinroq bo‘ladi, shunday emasmi, Valentina Mixaylovna.
— To‘g‘ri, — dedi uy bekasi kulib, — Zelyaning uylanganiga baribir ishonmas edim. U
uylanib, oyoq-qo‘llarini bog‘laydigan erkaklardan emas. O‘ynash ekaningizga ishonaman.
Chunki Zelyaning didi zo‘r. Uncha-muncha juvonni o‘ynash tutmaydi.
— Valentina Mixaylovna, sizda Dostoevskiyning kitoblari bormi? — deb so‘radi Elchin.
— Bor. To‘liq asarlar to‘plami bor. Nima edi?
— To‘rtinchi jildda menga atalgan bir xat bor ekan, ko‘zingiz tushmadimi?
— Savol qiziq, men kitob o‘qiymanmi? Muqovasi chiroyli bo‘lgani uchun javonga terib
qo‘yganman. Kir, qaray qol.
To‘rtinchi jildda darhaqiqat maktub bor edi. Elchin qog‘ozni olib, Valyaga uzatdi. Valya
xatga ko‘z yugurtir- di-yu, rangi bo‘zarib, uni yana Elchinga qaytardi-da:
— Qaysi tilda yozgan o‘zi? — deb ming‘irladi.
Elchin xatni o‘qib, Valyaga nigohini o‘qdek qadadi:
— Zeli og‘aga nima bo‘ldi? — deb so‘radi sovuq ohangda.
Valya unga javob bermay, xatni olib sumkasiga soldi-da:
— Rahmat, Valentina Mixaylovna, biz shoshib turibmiz, — deb eshik tomon yurdi.
Uning tez-tez yurishidan, gapirgisi kelmay qolganidan, mashina eshigini qarsillatib
yopishidan Elchin bildiki, hayajonlanyapti. Elchin arqonni uzunroq tashlashga ahd qilib,
mashina motorini o‘t oldirdi-da «qayoqqa?» deganday Valyaga qaradi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |