www.ziyouz.com kutubxonasi
214
ko‘p. O‘n yildan beri qidirishadi. O‘zing ham ehtiyot bo‘l, buni ham ehtiyot qil», deb
tayinlagan edi. Xazina Elchinning ixtiyorida, xat mazmunidan xabardor. Unga faqat
bularning asl maqsadlari qorong‘u.
«Zeli og‘a aytgan xushtorlardan biri shularmi? O‘lim oldida bularni chalg‘itdimi? O‘lim
oldida? Meni bular laqillatmayaptimi? Unda xat-chi? Xat so‘nggi chora edimi u uchun?»
Elchin Zelixonning Fedyani laqillata olgani, uning marhamati bilan ketar chog‘ida to‘shak
bahona, Valyaning yotog‘iga kirganidan, maishat o‘rniga Valyaga gap tayinlaganidan
bexabar edi. Valyaning Moskvaga uchgani, Xongirey bilan uchrashgani, Elchinni
himoyasiga, Jamshidni esa xizmatiga olish haqidagi Zelixonning iltimosini yetkazgani
ham u uchun qorong‘i edi. Zelixon ertami-kechmi Jamshid qaytsa, Elchin uni gumdon
qilishga urinib, o‘zi ham halok bo‘lishi mumkin, degan xavotirda shu iltimosni Xongireyga
yetkazgan edi.
Zelixonning o‘limga borayotib ham birodarining bexavotirligini o‘ylashi Elchinga
noma’lum edi. Ma’lum bo‘lgandami, bu ayriliqqa chidashi nihoyat darajada og‘ir
bo‘lardi...
Bir ozdan so‘ng Hosilboyvachcha eshik ostonasida ko‘rinib, Shomilni chaqirdi-da, unga
nimadir deb pichirladi. Shomil Elchin tomon qarab olgach, tez-tez yurib ko‘chaga chiqdi.
Elchin bir fitna boshlanganini sezsa ham, joyida tek turaverdi. Hosilboyvachcha kelib
ko‘risharmikin, degan maqsadda ostonada picha turdi. Elchin uning maqsadini
sezmaganday, bosh irg‘ab bo‘lsa-da, salomlashmadi.
Hosilboyvachcha zaharli iljayib, u tomon yurdi.
— Keling, Hofiz aka, qanday shamol uchirdi? — dedi piching bilan.
Elchin «Sochining shamoli» demoqchi edi, Valyaning «Siz endi Xongireyning
himoyasidagi odamsiz», degan gapini eslab:
— Xongireyning shamoli, — deb, u ham zaharli iljaydi.
Valya ham uydan chiqqach, uchovlari shiypon tomon yurdilar.
— Hofiz aka, bir suhbatingizni olaylik, ja sog‘intirib yubordingiz.
Elchin bu zaharli jilmayish, bu soxta mulozamat ortida qandaydir shumlik borligini bilsa-
da, o‘zini hech nima bilmaganday erkin tutdi.
— Xo‘sh, Hofiz aka, to‘ylar qalay, bo‘lib turibdimi? — dedi Hosilboyvachcha yastanib
o‘tirib. — Cho‘talni endi kimga beryapsiz? Bek akamgami?
— Bek akangiz cho‘tal oladigan gadolar toifasidan emaslar. Shuni bilmasmidingiz? Men
ham cho‘tal beradigan ovsar emasman. Og‘zidagi luqmasini oldiradigan laqmalar
boshqalar.
Elchin «cho‘tal oladigan gadolar» deganda eng avval Hosilboyvachchani nazarda tutib,
o‘z ko‘nglida uni tuzlagan edi. Hosilboyvachcha o‘ziga qarata haqorat toshi otilganini
bildi. Bildi-yu, sir boy bermay masxaraomuz kuldi:
— Katta ketmang, Hofiz aka, buzoqning yugurgani somonxonagacha.
Elchin «bir marta tuzlaganim yetadi, to‘ng‘iz bilan olishishdan foyda yo‘q», degan fikrda
bu zaharli gapga javob qaytarmadi.
Ikki soat davomida mayda-bachkana gaplar bilan band bo‘ldilar. Shomil hovliga kirib
uzoqdan «yo‘q» ma’nosida bosh chayqagach, Hosilboyvachcha tizzasiga shapatilab urib,
o‘rnidan turdi:
— Rahmat, Hofiz aka, bi-ir miriqdik suhbatingizdan. Shunaqa kelib turing... Otamlashish
yaxshi narsa-da, a?
Valya xayrlashish uchun qo‘l uzatmay, sovuqqina bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Akangiz buni tuflamay yopishtiribdi, shunga xafa, — dedi Hosilboyvachcha.
— Qaytishga yo‘lkirasi bo‘lmasa beraymi? — dedi Elchin piching bilan.
— O‘pkangizni sal bosibroq yuring, Hofiz aka.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |