www.ziyouz.com kutubxonasi
222
Hosilboyvachcha shunday deb g‘olib odamning nazari bilan unga tik qaradi. Asadbek
undan bu darajadagi surbetlikni kutmagan edi. Shartta tarsaki tortib yubormoqchi bo‘ldi-
yu, o‘zini tiyib so‘radi:
— Hozircha vinzavodmi? Undan keyin-chi?
— Undan keyingisini o‘shandan keyin gaplashamiz.
— Agar Xongireyga bachchalik qilmaganingda senga vinzavodni sovg‘a qilib berardim.
— Akaxon, og‘zingizga qarab gapiring. Bizda ham izzat-nafs bor.
— Senda izzat-nafs bor ekanmi? Kelib-kelib o‘sha haromiga orqa qilyapsanmi? Ikki
o‘zbek mol talashsayu luqmasini begona olib ketsa, yana sen izzat-nafs haqida
gapirasanmi? Bu kundan o‘lganing yaxshi.
— Endi, akaxon, sovuq nafas qilmang, hammamiz issiq jonmiz, kim oldin o‘ladi, Xudo
biladi.
Hosilboyvachchaning bu ilmoqli gapini eshitib, Asadbek Chuvrindiga savol nazari bilan
qarab oldi.
— Bek aka, jahlingiz chiqmasin, dunyo bozor-da, bir sizning omadingiz keldi, endi gal
meniki. Vinzavodni tekinga olmayman. Juda katta narx qo‘yaman. Darrov rozi
bo‘lganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz.
— Bu nima deganing?
Hosilboyvachcha kulimsirab pidjagi cho‘ntagidan videokassetani olib uzatdi.
— Bu nima? — dedi Asadbek ajablanib.
— Qo‘yib ko‘ring. Men yarim soatdan so‘ng telefon qilaman,— Hosilboyvachcha shunday
deb chiqdi.
— Do‘xtirni top,— dedi Asadbek Chuvrindiga.— Gapini eshitdingmi, is olganga o‘xshaydi.
Chuvrindi lozim raqamni terib, tabibni topdi-da, dabdurustdan:
— Nega qasamni buzdingiz? — dedi. Tabib javobga taraddudlanganidan foydalanib,
so‘roqni davom etdi:— Kimga aytdingiz?
Tabib g‘udranib bir g‘ilayning zo‘rlaganini ma’lum qildi.
— G‘ilay Shomil,— dedi Chuvrindi go‘shakni joyiga qo‘yib.— Nima qilamiz?
Asadbek yo‘talib olgach, yoshlangan ko‘zlarini unga qadab jahl bilan dedi:
— U qasamni buzdi!
Chuvrindi chiqib Bo‘tqaga tabibni nima qilish lozimligini aytgach, xonaga qaytib
videokassetani qo‘ydi. Hammom... Ikki juvon... Biri birini quchoqlayapti...
— O‘chir! — deb baqirdi Asadbek. Chuvrindi amrni bajarishga ulgurmay, sapchib
o‘rnidan turdi-da videomagnitofonni tepdi. Og‘ziga kelganini qaytarmay bo‘ralab so‘ka
boshladi. U Hosilboyvachchani so‘kyaptimi, yo Zaynabnimi, Chuvrindi farqlay olmadi.
Xastaligini ham, vujudidagi og‘riqni ham unutgan Asadbekni g‘azab o‘zini bilmas
darajaga keltirgan edi. Uning ko‘ziga hozir hech nima ko‘rinmasdi. Mana shunday hol
yuz berishi mumkinligini hisobga olgani uchun ham Hosilboyvachcha videokassetani
tashlab, tezgina chiqib ketgan edi.
Chuvrindi hojasining yelkalarini silab, bir oz ovutganday bo‘ldi.
— Anavi qanjiq tanish ko‘rindi, kim u? — dedi Asadbek hansirab:
— Kasalxonadagi hamshiraga o‘xshatdim.
— Top uni, top! Yerning tagidan bo‘lsa ham topasan, o‘ligini bo‘lsa ham top, chotini
o‘zim yirib tashlayman!
Chuvrindi shoshib eshikni ochdi. Bo‘tqa hali topshiriqni bajargani ketmagan edi.
Chuvrindi unga kasalxonaga borishni, Zaynabni boqqan hamshirani topishni buyurdi. Bu
orada Asadbek o‘tirib, titroq barmoqlari bilan telefon raqamini terdi. Go‘shaqdan
Elchinning uyquli ovozi eshitilgach, baqirib so‘radi:
— Zaynab qani?
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |