www.ziyouz.com kutubxonasi
223
— Do‘xtirga ketuvdi...
— Ermisan yo hezalakmisan o‘zing?! — Asadbek shunday deb go‘shakni kuch bilan urib,
telefonni sindirdi.
Bir ozdan so‘ng eshik qiya ochilib, Bo‘tqaning ixtiyoridagi qiz asta mo‘ralab,
Hosilboyvachcha degan odam telefonga chaqirayotganini aytdi. Chuvrindi eshik tomon
bir qadam qo‘ygan edi, Asadbek «To‘xta!» deb o‘zi yurdi. Telefon go‘shagini ko‘tarishi
hamon:
— Hosil, bilib qo‘y, kindigingdan bo‘g‘zinggacha tilmasam, yurgan ekanman, erkakman
deb.
— O‘zingizni bosing akaxon,— dedi Hosilboyvachcha, uyqudan turib esnayotgan odam
ovozi bilan.— Siz hoynaxoy kassetani oxirigacha ko‘rmagandirsiz? Tomoshaning zo‘ri bir
joyda bo‘lyapti, istasangiz borib ko‘ring. Qizingiz o‘sha yerda ayshini suryapti.—
Hosilboyvachcha ko‘chaning nomini aytdi, garang holdagi Asadbek darrov ilg‘ab olmadi.
Hosilboyvachcha buni sezgandek, manzilni yana ikki marta takrorlab, gapni bas qildi.
Asadbek merov odamdek qaqqayib turib qoldi. Keyin fikri bir oz tiniqlashgach, shasht
bilan yurib, ichkari kirdi-da, temir javonni ochib, to‘pponchani qo‘lga oldi.
Mahmud masalaning jiddiyligini tushunib:
— Yigitlarni chaqiraymi? — deb so‘radi.
— Yo‘q! — Asadbek shunday deb tez-tez yurganicha ko‘chaga chiqdi. Mashinaga
suyanganicha qo‘lini qovushtirib turgan Halimjon uning avzoyini ko‘rib shoshib qoldi.
— Mahmud, rulga o‘tir,— deb buyurdi Asadbek mashinaga yaqinlashgach. Mashina
joyidan jilgach, manzilni aytdi.
Boradigan joylari bu yerdan uzoq emasdi. To‘rt qavatli g‘ishtin imoratning uchinchi
qavati. O‘n yettinchi xonadon. Eshik qulflanmagan. Chuvrindi bir itargandayoq ochildi. U
ichkari kirmoqchi edi, Asadbek yelkasidan ushlab to‘xtatdi-da, o‘zi oldinga o‘tdi. O‘ng
tomondagi eshik o‘rniga parda tutilgan. O‘sha xonadan Zaynabning ovozi keldi. Asadbek
pardani yuldi. Qizi bilan yigitning sharmandali holatini ko‘rib, taxtadek qotdi. Yuragi
urishdan to‘xtagandek bo‘ldi. Qo‘l-oyog‘i muzladi. Parda yulinganini sezgan yigit o‘girildi.
Asadbekni ko‘rgach, qo‘rquvdan ko‘zlari kosasidan chiqar darajada baqraydi. Uning
qo‘rquv aralash qarashi Asadbekni hushiga keltirdi. Titroq barmoqlari cho‘ntagidan
to‘pponchani oldi. Tepki bosildi. Zaynab chinqirdi. Yigit oh urishga ham ulgurmadi.
To‘pponchadagi barcha o‘qlar uning ko‘kragidan makon topdi.
Chuvrindi Asadbekni to‘xtata olmadi. Aniqrog‘i to‘xtatishga harakat ham qilmadi. Boshqa
chora yo‘qligini u bilardi. Faqat Zaynabga o‘q tegmaganiga ajablandi.
To‘pponchada o‘q qolmagan bo‘lsa-da, Asadbek uning dastasini mahkam siqib turardi.
Chuvrindi barmog‘ini dastadan ayirib, to‘pponchani oldi-da, Zaynab tomon bir qarab
olib:
— Pastda kutamiz,— dedi.
Ko‘chaga chiqishganda Asadbek bukchayib qolgan edi. Undagi g‘azab chekinib, vujudiga
dam qasos, dam alam hislari hukm o‘tkazardi. Kechagina kimsan, Asadbek (!) edi. Endi-
chi... O‘z qizi nomusini himoya qila olmagan bir notavon... O‘z holiga yig‘lagisi keldi. Bu
sharmandalik yukini ko‘tarib yurgandan ko‘ra o‘zini otishni ham istadi. Barmoqlari
beixtiyor ravishda cho‘ntakni paypaslab to‘pponchani izladi. Mashinaga o‘tirgach,
Chuvrindi gap boshladi:
— Kasalxonada ignaga o‘tqazishganga o‘xshaydi. Uyda igna bilan doriga ko‘zim tushdi.
Bo‘lmasa bunaqa qilmasdi.
— Yonini olma...
— Yonini olayotganim yo‘q...
— Ovozingni o‘chir... Ketdik...
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |