S o‘ n g g i b o b
yoxud uchinchi kitobning debochasi
Asadbek, Elchin, Hosilboyvachcha.
1989 yil, 29 noyabr
1
Hosilboyvachcha bu olishuvda mutlaq g‘olib chiqqaniga amin edi. Hatto Xongireyga
qo‘ng‘iroq qilib, uni g‘alaba bilan qutlagan, «akaxon, siz bu yerlarning xo‘jayinisiz, biz
sizga noibmiz xalos», deb kamtarlik niqobi ostida yaltoqlangan edi. U endi keyingi
qadamlari haqida bosh qotirar edi. Asadbek o‘lgach, avval Kesakpolvonni yo‘q qilishni
o‘ylardi. Chuvrindi bilan gaplashib ko‘radi, xizmat qilishga ko‘nsa, unga tegmaydi.
Ko‘nmasa urug‘i bilan quritib yuboradi. Ana undan keyin mayda-chuyda to‘dalar o‘z
xohishlari bilan emaklab kelaverishadi. Egilgisi kelmaganlarning beli sinadi...
Hosilboyvachcha yangi yilni rejasi bo‘yicha yagona hokim sifatida qarshilashi kerak. Bu
Hosilboyvachcha uchun xom xayol emas, tayyor pishirilgan osh edi. Suzib yesa, bas...
Biroq... pishgan oshni yeyish hammaga ham nasib etavermaydi. Hosilboyvachcha orzu
bulutiga yonboshlab, rohatlanib suzib yurganida Asadbek qo‘ng‘iroq qildi.
— Hosil...— Asadbek shunday deb sukut qildi. Gapini aytishga qiynaldi.
— Gapiring, akaxon,— dedi Hosilboyvachcha mehribonlik bilan.
— Senga tan berdim, gap yo‘q...— Asadbek shunday deb xo‘rsindi.
Hosilboyvachchaning yuzini shodlik yeli silab o‘tdi. Mag‘lubni bir oz kalaka qilish
maqsadida:
— Sizga ham qoyilman. Bunaqa tan berish faqat o‘g‘il bolaning qo‘lidan keladi,— dedi.
Asadbek uning bu lutfini javobsiz qoldirib, muddaoga ko‘chdi:
— Hosil, menga videokassetaning asl nusxasini berasan.
— Gap yo‘q, akaxon.
— Anavi qanjiqni qaerga qochirding, uni ham berasan menga.
— Bunisi endi to‘g‘ri kelmaydi. U qanjiq hali menga ko‘p kerak bo‘ladi. Uning ishini
uncha-muncha qanjiq eplolmaydi.
— Baribir topaman uni.
— Bir ukalik maslahatim — uni qidirmang. Men uni sizning o‘nta yigitingizga ham
alishmayman. Siz kassetani olingu boshqasini unuting. O‘zingiz kelasizmi, yo odam
yuborasizmi?
— Bu ikkalamizning oramizdagi ish. Men borolmayman. Kasalman, bilasan. Eski
shahardagi uyimda kutaman. Yolg‘iz o‘zing kel. Birga bir gaplashaman. Vinzavodga
tegishli qog‘ozlar bor, beraman. Agar yana boshqa da’volaring bo‘lsa, aytasan,
kelishamiz.
— Men o‘ylab ko‘raman, akaxon.
— Mayli, o‘yla. Kallali bolasan. Sen men qilgan xatolarni chetlab o‘tsang, uzoqqa
borasan. Bugun soat beshda kel, bir o‘zim kutaman. Qo‘rqma, pistirma qo‘ymayman.
Mening o‘yinim hamma vaqt o‘g‘il bolacha bo‘ladi, bilasan-ku?
Hosilboyvachchaning ko‘ngli qandaydir noxushlikni sezdi, ammo g‘oliblik sururi bu
sezgini bo‘g‘di. U Asadbekning taklifini ko‘p mulohaza qilib o‘tirmadi. Jon taslim
qilayotgan g‘animning iltijoli ko‘zlarini ko‘rgisi keldi. Ko‘kragiga oyoq qo‘yib, qah-qah
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |