www.ziyouz.com kutubxonasi
209
bugun qarzdan qutulib, ertaga birovni qarz qilib, xuddi shu holga soladi.
— Baribir nohaqlik-da, aka?
— Nohaqlikka nohaqlik. Men ularni oqlayotganim yo‘q. Vaziyatni tushuntiryapman.
Halimjon, bu kecha yo bugun boshlangan ish emas. Qadimdan shunaqa bo‘lib kelgan.
Shu mahallada inqilobdan oldin Bukir qimorvoz degan odam o‘tgan ekan. Qarib,
qimordan nari bo‘lgach, qozilik qila boshlabdi. Kim sigirmi, otmi yo‘qotsa shu odamga
arz qilarkan. U topib berarkan. Sigir egasidan ham topib bergani uchun, o‘g‘ridan
mirshabga topshirmagani uchun haq olarkan. Ana o‘shaning ishi hozir sal boshqacha
ko‘rinishda-da. Siz nohaqlik deysiz. Xo‘p, unda haq tomonga ko‘chaylik: Kesakpolvonni
o‘ldirish kerak, desam, o‘ldirasizmi?
— Kim?
— O‘sha Haydar akangizning laqabi Kesakpolvon. Uning marazligini bilib turibsiz. U
o‘ldirilsa bu yoqdagi qancha jonlar omon qoladi.
— U o‘ldirilsa sheriklari bor-ku, ishni davom ettiraverishadi.
— Ular ham birin-ketin o‘ldiriladi.
Halimjon hushtak chalib qo‘ydi.
— Bo‘ladigan gap emas, bu aka.
— Men sizga bir sirni ochishga majburman. «Hofiz akam bular bilan bir qozondan osh
ichadi», desangiz yanglishasiz, uka. Men o‘lganimning kunidan ular bilan birgaman. Men
ularning tovog‘idan osh ichmayman. Men ilon bo‘lib ularning bag‘riga kirib olishim kerak
edi. Kirdim. Endi bitta-bitta chaqib o‘ldiraman. Bilaman, bu oson emas. Menga yordam
kerak. Sizni birinchi marta ko‘rgandayoq men shuni xayol qildim. Asadbek yonida
yursangizu, menga lozim paytda ko‘maklashsangiz, biz bularning ildizini quritamiz.
Kutilmagan bu gap chinmi yo sinash uchun aytilyaptimi, Halimjon tushunmadi.
— Bularning qilib yurgan ishidan ko‘pchilik norozi, ko‘pchilik qo‘rqadi. Lekin kimdir unga
qarshi chiqishi kerak-ku? Siz halol, adolatparvar do‘stlaringiz bilan meni tanishtiring.
Mana, yaqinda bir qadrdon do‘stim o‘zini osdi.
— Shularni debmi?
— Yo‘q, boshqa odam majbur qilgan. O‘sha odam o‘sha jinnixonada, o‘sha hojatxonada
osilishi kerak. Do‘stimning ruhi shuni talab qilyapti. Buning uchun ham menga yordam
kerak.
— Hofiz aka, ranjimang, bu gaplaringiz menga yoqmayapti.
— Halimjon, o‘ylab ko‘ring. Busiz adolat bo‘lmaydi. Ponani pona bilan chiqariladi.
Bu yovuzlik uyasiga tushib qolib, yolg‘iz qush holatida yurgan Halimjonga Elchinning
gaplari boshqa bir yovuzlik uyasiga chorlash kabi tuyuldi. Elchin uning holatini
tushungani uchun «eng muhimi aytdim, o‘ylab ko‘radi», deb uzoq da’vat qilmadi.
Halimjon xayrlashib, qaytayotganida darvoza bo‘sag‘asida Shomilga duch keldi. Ikkovi
avval bir-biriga taajjub bilan tikildi. Bir nafasdan so‘ng taajjub o‘rnini burgut qarash
egalladi. Yaxshiki, bularning xo‘roz kabi patlari yo‘q, bo‘lgandami, darrov hurpaytirib
olardilar. Shomil Halimjonning orqasidan kelayotgan Elchinni ko‘rib sovuq tirjaydi-da,
darvoza bo‘sag‘asidan chekinib, yo‘l bo‘shatdi. Halimjon esa zaharli qarashiga isloh
kiritmagan holda uning yonidan o‘tib, mashinasiga o‘tirdi. O‘n qadam naridagi «jiguli»da
bir ayol o‘tirganini ko‘rdi, ammo «kim ekan u?» deb sinchiklab qaramadi.
Halimjon ketgach, Shomilning ishorasi bilan juvon mashinadan tushib Elchin sari kela
boshladi. Juvon g‘oyat go‘zal, yurishi ham o‘ziga yarasha tamannoli edi. U Elchinga
yaqinlashib, yosh ko‘ngillarni entiktirib yuborish qudratiga ega bo‘lgan shirin jilmayish
hadya etdi-da, qo‘lini uzatib:
— Valya, — deb o‘zini tanishtirdi.
Entikish yoshidan o‘tgan bo‘lsa-da, Elchinga bu jononning jilmayishi xush yoqdi, oppoq,
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |