www.ziyouz.com kutubxonasi
201
XXIV b o b
1
Zohid ishga borayotib yo‘lda saboqdosh do‘sti Solmonovni uchratib qoldi. Qachonlardir
ilm toliblari orasida Habib Sattorovning bir qanoti Zohid bo‘lsa, bu do‘sti ikkinchi qanot
edi. Ikkovlon ilmda to‘ntarish yasash qasdida sho‘ng‘ishdi-yu, yarim yo‘lda Zohid fanga
xiyonat qilib, adolat qasrini tiklashga yeng shimardi.
— Sening faqat basharang odamga o‘xshaydi. Mehr-oqibat tariqcha yo‘q senda,— deb
gina qildi Solmonov.— Dissertatsiya yoqladim, kelmading. Loaqal telefonda tabriklasang
ham mayli edi.
— Himoyang tushimga kiribdimi? Aytsang boraman-da,— Zohid shunday dedi-yu, Habib
Sattorov bilan so‘nggi uchrashuvida domlasining «Solmonov o‘n sakkizinchida
yoqlayapti» degan gapini esladi. Eslab o‘zidan o‘zi ranjidiyu, ammo do‘stiga sir boy
bermadi.
— Melisaxonangga telefonda aytganman. Navbatchi milisa yozib olgan, eshitgansanu
borging kelmagan.
— U yerdan ketganimga yaqinda bir yil bo‘ladi. Tabrikning erta-kechi yo‘q, hozir ham
tabriklasam maylimi?
— Endi tabrigingni qizig‘i yo‘q. Uyga kelasan, yuzta-yuzta qilib keyin o‘ylab ko‘ramiz.
Men sendan xafa emasman. Habib akanikiga nima uchun kelmading, yo buni ham
eshitmadingmi?
— To‘y qildilarmi? Bundan ham bexabarman, rost. Qachonligi aniq esimda yo‘q, lekin
ukalarini ko‘ruvdim. Indagani yo‘q. Habib aka Angliyadan keldilarmi?
— Yo‘q, hali. Domlaning oshig‘i olchi. Angliyadagi ilmiy ma’ruzalari tugaganidan keyin
Amerikaga taklif etilganlar. Sen, ahmoq, rostdan ham bexabarga o‘xshaysan: domla to‘y
qilganlari yo‘q, ukalari olamdan o‘tdi.
— Ukalari? Qaysinisi?
— Bilishimcha, ukalari bittagina bo‘lsa kerak, tarixchi olim.
— Shu ukalarini ko‘ruvdim-da yaqinda. Nima bo‘libdi?
— Jinnixonada ekan, o‘zini osibdi. Ertaga ma’rakasi ekan. Balki Habib akam ham kelib
qolarlar.
Ana shu noxush xabarning soyasi ostida xayrlashdilar.
Solmonov bu noxush xabarni odatiy hol kabi aytdi. U Anvarning jinni bo‘lganu o‘zini
osganiga ishona qolgan. Zohidda esa bu xabar taajjub uyg‘otdi.
Ertasiga barvaqt turib Habib Sattorovning ota mahallasiga bordi. Oshni yeb chiqib
hassakashlar orasidan Habib Sattorov bilan Elchinni qidirdi. Domlasi ko‘rinmadi. Elchin
esa uch-to‘rt og‘aynisi bilan suhbatlashib turardi. To‘g‘ri bostirib borgisi kelmay, qator
turgan odamlar safiga qo‘shilib, nigohini Elchindan uzmadi. Bir necha daqiqadan so‘ng,
Elchin shu tomonga beixtiyor qaragach, nigohlari to‘qnashdi.
Elchin ikkilanib o‘tirmay, davradan ajraldi-da, Zohidga yaqinlashib, salomlashdi.
— Bandalik ekan, oshnangizni ham berib qo‘yibsiz.
Zohid barcha uchun an’anaga aylanib qolgan ta’ziya so‘zlarini aytdi. Bunday hollarda
qarshi tomon «Ollohning irodasi» deb qo‘yguchi edi. Ammo Elchin bu an’anaga zid
ravishda qoshlarini chimirdi-da:
— Bandalikmi yo ahmoqlikmi? — dedi. Atrofdagilar bu gapdan ajablanib ularga
qarashgan edi, Zohid odamdan xoliroq tomonga qarab yurdi. Elchin unga ergashdi.
— Gapingizga tushunmadim? — dedi Zohid chetga chiqishgach.
— Qanday o‘lganini eshitmadingizmi? Xolidiy degan xo‘jayini bor. O‘sha bilan
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |