www.ziyouz.com kutubxonasi
198
farqlamaydi. Har narsaga, hatto aytayotgan so‘zlariga ham iqtisod nuqtai nazaridan
yondoshadi.
— Men bu oqshom sizlar bilan uzoq o‘tira olmasman, afandilar,— dedi u.— Har kuni ikki
soat kitob ila yolg‘iz qolmakni har narsadan afzal bilurman. Yigirma daqiqadan so‘ng
sizlarni tark etajakman.
— Majlisdan so‘ng dam olmaysizmi? — deb so‘radi Asadbek.
— Dam? Bunga hojat nadir? Siz menga ayting, janob Asadbek, Gorbachev qayta
qurishni olam aro e’lon qildi. Boltiya davlatlari sovetlardan ajralib, mustaqil bo‘lish
arafasidadir. O‘zbekistonda bunday harakat mavjudmi yoki yo‘qmi?
Asadbek «bu haqda sen gaplasha qol», deganday Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu
qarash ma’nosini anglab:
— Ha, bor,— deb javob berdi.
— U holda nechukkim, bizlar bexabarmiz?
Chuvrindi Orzubek haqida so‘z boshlaganda Asadbek «shuni gapirmasang bo‘lardi»
degan ma’noda qoshini chimirdi. Chuvrindi bu ishorani ham payqab gapini muxtasar
qildi.
— Vatanga faqat muhabbat kerak. Vatanni yurakdagi muhabbat ila sevmas ekanmiz, u
sahrodagi suvsiz nihol singari qurishga mahkum o‘lajak. Vatanga sizning muhabbatingiz
bo‘lak, biznikida bo‘lak, azizlarim. Siz Vatan ichida yashab Vatandan ayrilgansiz. Bizning
qalbimiz Vatan sog‘inchi ila tepar. Umrimiz xalos bo‘lgach, ustimizga Vatan hajri kafanini
yopajaklar,— u shunday deb soatiga qarab olgach, o‘rnidan turdi-da, boshini kiborlarcha
egib ta’zim qildi.— Cho‘x tashakkur azizlarim. Oqshomingiz xayrli o‘lsun.
Asadbek kuzatmoqchi edi, u unamadi. Odati yevropacha, gaplari o‘zbekcha-turkcha
aralash bo‘lgan bu odam Asadbekda yaxshi taassurot qoldirdi.
Ertasiga ertalab Asadbek shaharga chiqishga istak bildirmadi. Shuning uchun Chuvrindi
Kozlovning yigiti aytgan vrachni yo‘qlab bordi. Vrach u keltirgan tibbiy xulosalar bilan
tanishgach, o‘ylanib qoldi:
— Xulosalar to‘g‘ri — rakdan boshqa narsa emas bu. Oldi olinmabdi. Kechikdingiz, deb
qo‘rqaman.
— Kechikdingiz? Qanaqasiga?! — Chuvrindi unga hayrat bilan tikildi. — O‘n kun bo‘lmadi
boshlanganiga.
— Yo‘q, azizim. Kamida yarim yil avval boshlangan. Balki o‘tib ketadigan og‘riq deb
e’tibor bermagandir. Qiziq, o‘zingizda yaxshi mutaxassislar bor, Krasnoyarskka olib borib
nima qilardingiz?
— Krasnoyarga ish bilan borgan edik. Og‘riq zo‘rayib ketdi.
— Agar istasangiz, uni yotqizib yana bir qayta tekshiruvdan o‘tkazishim mumkin. Lekin
bunaqa hollarda men achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytishni lozim ko‘raman.
Chuvrindi uning huzuridan ruhi ezilgan holda chiqdi. Krasnoyarda ekanida Kozlov
xastalikning nomini aytganida bir cho‘chib tushgan, ularning xulosasi xatodir, deb
o‘ylagan edi. Umid chinnisini shu vrachga ikki qo‘llab, ehtiyotlab ko‘tarib kelgan edi. Endi
bu chinni ham sindi.
Sindi?! Yo‘q!! Bittasi taxmin qildi, ikkinchisi tasdiqladi. Endi ellikka kirgan odam bir
necha oyda qurib bo‘lar ekanmi? «Yo‘q! O‘ntasi aytsin, mingtasi aytsin, baribir
ishonmayman!» Chuvrindi shu xayolga kelib, qo‘lidagi qog‘ozlarni burdalab tashladi.
Yo‘lda bora turib Asadbekning tayyorada aytgan gaplarini esladi. «Nahot tushida ayon
bo‘ldi?» deb o‘yladi. Bu o‘yni «tushga nimalar kirmaydi», deb shu zahoti bo‘g‘ib
o‘ldirishga intildi.
Mehmonxonaga qaytgach, notanish odamlarni ko‘rib taajjublandi. To‘rdagi o‘rindiqda
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |