www.ziyouz.com kutubxonasi
199
xayolga berilib o‘tirgan Asadbek u kirishi bilan tanishtirdi:
— Sen bu kishini eshitgansan: Xongirey.
3
Xongirey deganlari qirq yoshlardagi, o‘ziga oro berib kiyingan, barmoqlariga tilla uzuk
taqqan odam edi. Chuvrindi uning chaqchaygan ko‘zlarida bir yovvoyi kuch ilg‘adi.
Asadbek uning sheriklarini tanishtirib o‘tirmadi.
Xongirey Chuvrindi qaytishidan sal oldinroq kirib kelgan edi. Asadbek u bilan ikki marta
uchrashgan, garchi bir olamning fuqarosi bo‘lsalar-da, oralarida yaqinlik yo‘q edi. Shu
sababli uning to‘satdan kirib kelishidan taajjublandi. Xongirey Asadbek bilan
ko‘rishayotganda o‘zini kiborlarcha tutdi. Avvalgi ikki uchrashuvda ham shunday bo‘lgani
uchun uning bu qilig‘idan ranjimadi.
— Asad,— dedi Xongirey, tik turganicha,— yaqinda mening eng yaqin odamim o‘ldi.
Uning vasiyatiga ko‘ra seni topdim. Marhumning vasiyati biz uchun qonun.
— Qani, o‘tir, Xongirey, tik turib gaplashishning xosiyati yo‘q.
Xongirey yumshoq o‘rindiqqa o‘tirib, oyoqlarini chalishtirdi.
— Akademikni eshitganmisan? U menga ustoz qatori edi. Ana o‘sha ajoyib odamni
o‘ldirib ketishdi.
— Kim?
— Kimligini o‘zim bilaman. Muhimi shuki, u qo‘lidan kelmaydigan ishni qilmoqchi bo‘ldi.
U o‘limi oldidan menga bir-ikki gap aytibdi. Zelixonning Elchin degan do‘sti bor ekan,
sening yurtingda. O‘sha o‘lmasligi kerak!
Bu buyruq ohangida, Asadbekning g‘ashi kelib, zaharli iljaydi:
— Odamlaring yaxshi ishlamay qo‘yishdimi yo o‘zingni go‘llikka solyapsanmi? Elchin —
mening kuyovim.
— Bilaman buni. Shuning uchun ham o‘lmasligi kerak. Bu — bir. Qamalmasligi kerak, bu
— ikki. Xullas, uni birov chertmasligi kerak, bu — uch. Endi u bizning himoyamizdagi
odam.
— Yaxshi. Shuni aytgani keldingmi?
— Yo‘q, boshqa gaplarim ham bor. Sen Kozlov bilan yaqinlashaverma. U bilan
bitkazadigan ishni avval men bilan kelishasan.
— Haddingdan oshyapsan, Xongirey.
— Men hammaga ham yaxshi gapiravermayman, bu — bir. Hamma gapni ham o‘zim
kelib aytmayman, yigitlarimdan ayttirib qo‘ya qolaman, bu — ikki. Shundan bilki, Asad,
men seni hurmat qilaman. Mayli, shu hurmat haqqi senga osilmayman. Lekin Kozlov
mening ixtiyorimdagi odam bo‘lishi kerak. Sen menga to‘siq bo‘la ko‘rma.
— Men Kozlov bilan savdo-sotiq qilaman, boshqasi bilan ishim yo‘q. U senga tobe
bo‘ladimi, katta xolasigami, menga baribir.
— Ha, ana, endi tushunib yetyapsan. Endi men aytgunimcha u bilan savdo-sotiq ham
qilmay tur. Men oshni pishirib olay, keyin gaplashamiz.
— Buni o‘ylab ko‘raman.
— Asad, sen mening hurmatimga yarasha ish qil. Sening qo‘ling kalta. Meniki esa uzun.
Men bilan tortishma. Men istagan kuni butun urug‘ing bilan qirilib ketasan. Sen bitta
shaharga xo‘jayinsan. Men esam,— Xongirey derazadan ko‘rinib turgan Kreml
devorlariga ishora qildi,— hatto bu yerdagilarni ham o‘ynatishim mumkin.
— Meni qo‘rqitma, Xongirey. Sening kuchingni bilaman. Lekin sendan qo‘rqmayman.
Birovdan qo‘rqqan kunim o‘zimni o‘zim otaman.
Shu gaplarni aytayotganda eshik ochilib Chuvrindi kirib keldi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |