www.ziyouz.com kutubxonasi
197
qilayotganday eridan baloga qoldi.
— Adasi, ko‘rmasdan turib nima deymiz? Qo‘y oladigan ham bozorga borib, ko‘rib oladi-
ku? — dedi eridan eshitadiganini eshitib olgach.
— Hov, kalla bormi, senda? Bu amma-xolangning mahallasimas, qiz ko‘rgani ikki ko‘cha
nariga borib keladigan. Ular Germaniyada turadi, dedim, tushunmadingmi?
— Tushundim, lekin...
— Lekin-pekinni qo‘y. O‘g‘illaring bilan gaplashaman, xo‘p deyishsa, tamom, men ham
ko‘naman.
— Adasi, bu umr savdosi...
Manzuraning gapi chala qoldi. Asadbek go‘shakni joyiga qo‘ydi. Aslida qo‘ng‘iroq
qilishdan maqsadi xotini bilan maslahatlashish emas edi. Chunki bu, uning nazarida,
xotin kishi bilan maslahatlashib pishiriladigan osh emasdi. Asadbek xotini xavotirda
ekanini Chuvrindidan bilib, uni tinchlantirib qo‘ymoqchi edi. Manzura bu qo‘ng‘iroqdan
so‘ng bir tomondan tinchidi-yu, ammo ikkinchi tomondan tashvishi ortdi.
Va’daga binoan yarim soatdan so‘ng Asadbek doktor Xudoyor joylashgan xona eshigini
taqillatdi. Restoranga qadar yonma-yon yurib gaplashib bordilar. Restoran eshigiga
yetganda doktor Xudoyor to‘xtab:
— Keching,— dedi.
Asadbek bu so‘zga tushunmadi.
— Siz o‘ng tomondasiz, avval siz keching,— dedi doktor Xudoyor,— qo‘li bilan eshikni
ko‘rsatib. Shundagina Asadbek «avval siz o‘ting», degan ma’noni uqib, ichkariga
yo‘naldi.
Chuvrindi deraza oldida olti kishilik joy hozirlab o‘tirgan edi. Doktor Xudoyor o‘tirgach,
dasturxon ustidagi ichimliklarni ko‘rib, Asadbekka ajablanib qaradi:
— Bular kimga?
— Bizga... sizga...— dedi Asadbek.
— Bular harom-ku? Siz... namoz qilmaysizmi?
Asadbek bu savoldan o‘ng‘aysizlandi. Uni bu holatdan chiqarish uchun Chuvrindi
suhbatga aralashdi:
— Bek akam shaharda katta masjid qurdiryaptilar. Bizga ham Xudo insof berib, namoz
o‘qib qolarmiz.
— Astag‘firulloh! — dedi doktor Xudoyor.— Masjid qurish savob, ammo farz emas. Avval
farzni ado etmak joizdur. Ajabki, biz xristiyonlar yurtida yashab namoz qilamiz. Siz o‘z
yurtingizda, musulmonlar yurtida yashab-da, namoz qilmaysiz. Siz Rasuli akram
afandimiz janob Haqdan rivoyat etgan «menga bir qarich yaqinlashganga men bir arshin
va bir arshin yaqinlashganga esa bir quloch yaqinlashgayman. Biron kimsa Men tomon
kela boshlasa, Men ham unga peshvoz chiqaman», kalimasin eshitmagan chiqarsizlar?
Ya Rabbim, gunohkor qullaringnida o‘zing avf etgaysan...
Asadbekning ishorasi bilan Chuvrindi o‘rnidan turib, ofitsiantni boshlab keldi-da,
shishalarni, kolbasa qo‘yilgan likoplarni yig‘ishtirdi. Unga qadar doktor Xudoyor indamay
o‘tirdi. Dasturxon usti haromdan holi bo‘lgach, tilga kirdi:
— Afandim, bunday as’asaga hojat nadir? Siz meni choyga taklif etib edingiz? Buncha
narsa o‘n kishigada ko‘pdir.
— Mehmonning izzati-da,— dedi Chuvrindi, Asadbekning o‘rniga javob berib.
— Insonning izzati isrof bilan o‘lchanmaydir, afandim. Izzat yaxshi ila, yaxshi sa’y ila
ifodalanur. Buni anglamak joizdir.
Bir necha daqiqalik suhbatdan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, doktor Xudoyorning odobi ham,
odati ham yevropalashgan. Manzirat, lutf, hilm degan tushunchalardan birmuncha yiroq.
Nimani o‘ylasa, shuni aytadi, suhbatdosh bu to‘g‘ri gapdan ranjiydimi yo‘qmi —
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |