www.ziyouz.com kutubxonasi
157
— Yaxshi. Siz tergov qilayotganingizda ishtirok etishim mumkinmi?
— Hozircha yo‘q.
— Siz boshlagan ish men olib borayotgan ish bilan bir yerda kesishyapti. Nima uchun
buni tushunishni istamaymiz?
— Tushunib turibman. Prokuror ham yaxshi tushunganlari uchun jiddiy shug‘ullanishni
vazifa qilib qo‘ydilar. Vaqti kelib, balki birgalikda ish yuritarmiz. Hozircha sizga
aytadiganim: u yigit bir qizni zo‘rlashda ayblangan. Ishi sudga oshirish arafasida ekan.
Aytishicha, Petrashvili u yigitga bir-ikki qiliq qilgan. Hammomda esa zo‘rlamoqchi
bo‘lgan. Yigit taekvando bilan shug‘ullangan ekan. Bo‘sh kelmagan. Petrashvili
boshqalarning ham joniga tegib yurganmi, har holda, mushtlashuvga ko‘pchilik
aralashgan. Mening hozircha bilganim shu.
— Demak... Sizningcha bu atayin uyushtirilmaganmi? — dedi Zohid hamkasbiga
ishonchsizlik nazari bilan boqib.
— Hozircha menda bunday ma’lumot yo‘q. Agar siz bu qotillik avvaldan tayyorlangan,
degan fikrda bo‘lsangiz, marhamat, isbot qilishga urinib ko‘ring, fikrlaringizni inobatga
olay.
— Yo‘q, hozircha fikrim o‘zimda tura tursin. Vaqti kelsa o‘rtoqlasharmiz, — Zohid
shunday deb xonadan chiqmoqchi bo‘lganida hamkasbi to‘xtatdi:
— Siz haqingizda eshituvdim. Ugroda ishlab yurganingizda ham haqiqatparastlik qilar
ekansiz. Bu yaxshi fazilat. Ammo bu sohada faqat sizgina adolatli, sizgina haqiqatparast
emassiz. Sizdan yoshim kattaroq bo‘lgani uchun aytib qo‘yay: hamkasblaringizdan sira
gumonsiramang. Gumon bilan uzoqqa bora olmaysiz. Biz bir-birimizdan gumonsirasak,
bir-birimizga ishonmasak, xalq bizni sariq chaqaga ham olmay qo‘yadi. Shusiz ham
odamlar bizga uncha ishonmaydi.
— Bunga asos bo‘lsa-chi?
— Asos hamisha ham haqiqat bo‘lavermaydi.
Zohidga uning keyingi gaplari bir oz ma’qul bo‘ldi.
3
Zohid hamkasbi bilan gaplashib turganida shahar atrofidagi o‘likxonalarni bir-bir
tekshirib chiqayotgan Hamdam Tolipov muddaoga yaqin kelib qolgan edi. Bu ishni u
Farg‘onaga ketmay turib boshlagan, barvaqtroq qaytgani uchun yakunlab qo‘ya qolish
niyatida edi.
Yoqib yuborilgan murdaning Jamshid Sunnatullaev emasligiga ishonch hosil qilingach,
o‘likxonadan egasiz murda olingan, degan qarorga kelishgan edi. Ekspertiza xulosasiga
ko‘ra, bu egasiz murda avtomobil halokatiga uchragan odamniki bo‘lishi mumkin. Shu
fikr bilan ish boshlagan Hamdam bir oyning nari-berisida mashina urib yuborgan
odamlar ro‘yxati bilan qiziqdi. Shahar bilan cheklanmay, atrof tumanlardan ham
ma’lumot olib, shu ma’lumot asosida kasalxonalarni aylandi.
Tog‘ yonbag‘ridagi kasalxonaga kelganida, kech kirib qolgani uchun rahbariyat uy-uyiga
tarqagan edi. Hamdam o‘likxonada biror kimsa bordir, degan taxminda to‘rt qavatli
binoning orqa tomonidagi pastak, ko‘rimsiz bino sari yurdi. Qip-qizil rangga bo‘yab
qo‘yilgan eshik tepasidagi lavhaga «Begona kishilarning kirishi qat’iyan ta’qiqlanadi.
Ma’muriyat.» deb yozib qo‘yilgan edi. Hamdam bu yozuvni o‘qib kuldi. «Bu yerda kim
begonayu kim begona emas,— deb o‘yladi u. — O‘likxona bo‘lganidan keyin tiriklar
begona-da. Undan ko‘ra «Xush kelibsiz, o‘rtoq o‘liklar!» deb shior osib qo‘yilsa yaxshiroq
bo‘larkan...»
Eshik ichkaridan zanjirlangan edi. Hamdam astagina, odob bilan taqillatdi. Javob
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |