XVIII b o b
1
Oddiy hazil yoki kimnidir laqillatish maqsadida aytilgan gap oxir-oqibatda kimningdir
joniga qasd qilinmog‘i uchun sabab bo‘lajagini barcha ham vaqtida fahm eta olmaydi.
Ba’zida hatto ko‘pni ko‘rganlar ham «nahot shu gap bilan falonchini o‘ldirib ketishibdi?»
deb ajablanishadi. Roviylar «aytgan so‘zim — hojam, aytmaganim — qulim» deb
ekanlar. Shundanmi, hojaga aylangan gap istasa kuldiradi, istasa yig‘latadi. Xohlasa —
jon beradi, xohlasa — jon oladi. Olganda ham inson bolasiga ko‘p azoblar berar, it
azobini boshiga solar. O‘limga yetaklovchi boshqa hech bir yo‘lda bu qadarli azoblar
yo‘qdur...
Zohid yoqimsiz hamkasbining jig‘iga tegish uchun aytgan gapi ikki odamning jonini olib
ketishi mumkinligini, oqibatda o‘zi ham og‘ir ahvolga tushib qolajagini o‘ylamagan edi.
Kecha oqshomda prokuror uni qabul qilib, barcha gaplarini diqqat bilan tinglab, so‘ng
yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngliga chiroq yoqqan edi. Zohid avvallari tashvish tikanaklari
ustida yotib to‘lg‘onib chiqqan bo‘lsa, bu kech yaxshilik umidi chirog‘ida ko‘zi qamashib
uxlay olmadi. Prokurorning gaplari dam-badam qulog‘i ostida jarangladi: «Siz aytgan
Asadbeklar kim, homiylari kim — bilamiz. Ular bilan hisob-kitob vaqti keladi. Arqonni
uzun tashlang. Bir-ikki odamni qafasga solgan bilan ish bitmaydi. Hammasini
birvarakayiga ilintirish harakatini qilamiz. Bu harakatda siz ham borsiz...»
Bu albatta yaxshi gap. Ammo... birvarakayiga ilintirish vaqti yetguncha ular jim
turarmikin? O‘g‘irlashmasmikin, bokira qizlarning nomuslarini bulg‘ashmasmikin, zo‘rlik
qilishmasmikin? Va nihoyat... o‘ldirishmasmikin? Xorij filmlariga ishonilsa, undagi
jinoyatchilar, undagi odam o‘ldirishlar oldida Asadbeklar halimdekkina, odobli odamlar,
deyish mumkin. Lekin arqon uzun tashlansa, ular ham o‘sha kinolardagidek, balki
undan-da battar vahshiylashib ketishmasmikin?
Zohid tunda shularni o‘yladi, prokuror bilan xayolan bahslashdi. Unga tasalli bergan
narsa — prokurorning hamma narsalardan xabardorligi, jinoyatchilarga xayrixoh
emasligi. Eng muhimi shu! Qolganini vaqt hal qiladi.
Zohid tergovni davom ettirish, yanada qat’iyroq harakat qilish qasdida ishga kelgan edi.
O‘sha yoqimsiz hamkasbi, yoqimsiz xabar bilan qarshiladi:
— Eshitdingizmi, kavkazliklaringizni o‘ldirishibdi, — dedi u mamnun bir qiyofada.
— O‘ldirishibdi? Kim o‘ldiradi? — deb so‘radi Zohid.
— Hammomda urish chiqibdi. Kim o‘ldirgani noma’lum.
Zohid uning gapini oxirigacha eshitmadi. Xonasiga kirdi-da, eshikni qulfladi. Joyiga
o‘tirib, boshini changalladi. Boshi savollar oqimida shishib, yorilib ketay derdi: nimaga
o‘ldirishadi? Kim o‘ldiradi? Kecha prokuror ularni boshqa turmaga ko‘chirishga va’da
bergan edi. Bu haqda buyruq chiqarishga ulgurdimi? Va’dasi chinmidi yo qo‘ynini puch
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |