www.ziyouz.com kutubxonasi
163
— Uzr, — dedi Halimjon. — Men bu kishini Bek akamikinlar, deb o‘ylabman.
— Nega shunday deb o‘ylading? — dedi Chuvrindi.
— Ko‘rinishlari, qarashlari, o‘tirishlari boshqacha. Savlatlari bor.
— Boshqacha deganing nimasi?
— Nima desam ekan... — Halimjon o‘ylanib turib Asadbekka tikildi. So‘ng Kesakpolvonga
qaradi: — Siz xafa bo‘lmang, Bek aka, bu kishida boshqacha viqor bor...
Kesakpolvon g‘ijindi. Chuvrindi esa kulib qo‘ydi.
— To‘g‘ri topding. Bek akam bu kishi.
— Odam ajratishni-ku, bilarkansan, tashqaridagi akang bilan solishsang, eplaysanmi? —
deb so‘radi Kesakpolvon. — Yo hebbimga o‘xshab tagiga tushib yotib olasanmi?
Halimjon uning kimni nazarda tutayotganini fahmladi-da, yelkasini qisdi.
— Qo‘rqasanmi?
— Qo‘rqishga-ku, qo‘rqmayman. Lekin sinamagan odamimga bir nima deyishim qiyin.
Xudo xohlasa bo‘sh kelmasman.
— O‘zingga ishonmaysanmi?
— O‘zimga ishonmasam, sizga ro‘para bo‘lmas edim.
— Hozir chiqib pachaqlab tashla, desak bajarasanmi?
— Vaziyatga qarayman. Sinash uchun aytsangiz bajarmayman. Zarur bo‘lsa, boshqa
gap.
— Demak, o‘ylab ko‘rasan, shundaymi? Aqling shunaqa ko‘pmi?
— O‘zimga yetarli bordir, deyman.
— Men bilan shunday gaplashgani qo‘rqmaysanmi? Jahlim chiqsa shartta otib tashlashim
mumkin-ku, a?
— Jahlingizni chiqaradigan gap aytmadim-ku? Siz so‘rayapsiz, men javob beryapman.
Javobim yoqmasligini bilsam ham to‘g‘risini aytyapman. Sizga yaxshi ko‘rinish uchun
boshqacha gapirolmayman.
Asadbek Kesakpolvon bilan Halimjonning savol-javobini diqqat bilan tingladi.
Javoblardan yetarli qoniqish hosil qilib o‘rnidan turgach, Halimjon gapdan to‘xtadi.
Asadbek tashqariga chiqmoqchiday eshik tomon yurdi. Ammo Halimjonning yonidan
o‘tayotganida keskin burildi-da, uning jag‘iga musht tushirmoqchi bo‘ldi. Sergak turgan
Halimjon o‘zini chetga olishga ulgurdi. Asadbek ikkinchi marta urmoqchi bo‘ldi, bu safar
ham yigit chap berdi. Kutilmaganda Kesakpolvon o‘rnidan sapchib turdi-da, uning
qarshisida yashin tezligida paydo bo‘lib, tepdi. Biroq, oyog‘i mo‘ljalga yetmay,
muvozanatini yo‘qotib, yiqildi. Halimjon bularning qilig‘ini tushunmay, o‘zini devor
tomonga olib, mushtini tugib, himoyaga shaylandi.
Kesakpolvon o‘rnidan turib yana tashlanmoqchi bo‘lganida Asadbek uning yo‘lini to‘sdi:
— Chiranma, yetadi, — deb Halimjonga yaqinlashdi-da, yelkasiga urib qo‘ydi. — Qani,
o‘tir.
Kesakpolvon mulzam bo‘lganini sezdirmaslik uchun Asadbekning qilig‘ini qaytardi:
yigitning yelkasiga asta mushti bilan urib «durust» deb qo‘ydi.
Hamma joy-joyiga o‘tirgach, Asadbek Halimjonga qarab dedi:
— Sen hozircha Haydar akang bilan birga bo‘lasan. Bizning ishimiz ham nozik, ham
xatarli. Biz bilan birga bo‘lsang, faqat himoyani o‘ylamay, hujumga shay turishing kerak.
Bizning ishimiz faqat hujum bilan bitadi. Hozircha shuni bilsang bas. Qolganini keyin
gaplashamiz. Aqling borligi yaxshi, ammo biz aytgan ishni so‘zsiz bajarishing kerak. Aql
bizda ham bor. Bir ish buyurishdan oldin o‘ylaymiz biz ham. Kunimiz odam urishu
o‘ldirish bilan o‘tmaydi. Endi boraver, ertaga seni o‘zimiz topamiz.
— Bek aka, yuragimni qon qilib yurgan bir gapim bor, aytib olay?
— Ayt.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |