www.ziyouz.com kutubxonasi
165
armondan qutulyaptilar. Otalarining so‘nggi makonini topadilar. Qabrda yotgan otalari
bilan xayolan bo‘lsa ham gaplasha oladilar. Men-chi? Men qayoqqa boraman? Qanday
gaplashaman? Yig‘lagim kelsa qaysi qabrning tepasiga borib yig‘layman? Bek akam-ku,
otalarini oz bo‘lsa ham ko‘rganlar. Quchganlar, o‘pganlar... Men-chi?.. Na ota hidini
bilaman, na ona isini... Bek akam o‘ch olishga ulgurdilar, picha bo‘lsa-da, xumordan
chiqdilar. Men-chi? Kimdan o‘ch olaman, o‘sha chollardanmi? Umr bo‘yi qo‘rquvda,
titroqda yashagan bu chollarni o‘ldirib nima baraka topdim? Sirlari oshkor bo‘lganini
bilib, o‘lmay turib o‘lishdi, pichoqsiz so‘yilishdi...»
Boshini suyanchiqqa qo‘yib, ko‘zlarini yumib olgan Chuvrindi mana shularni o‘ylardi.
Asadbek yana bir gap aytsa, Jalilning portlab ketishi mumkinligini bilib, jim bo‘la qoldi.
Begona odamlar orasida Jalilga ortiqcha gap aytgan odamning sharmanda bo‘lishi tayin.
«Mayli, duosini yodlayversin, janoza o‘qigisi kelsa, o‘qisin. Domla o‘qish kerak, deb bejiz
aytmagandir. O‘qib qo‘ygani durust. O‘qimasa nima bo‘larkin? Jannatga tushmasmikin?
Nega tushmaydi? Bu dunyoni azob bilan o‘tqazgan, birovga yomonlik qilmagan bo‘lsa?..
Gunohni qilib yura-yura o‘lganida janoza o‘qib qo‘yilsa, to‘g‘ri jannatga tushaversa?..
Qiziq...»
Asadbek, garchi mahallasidagi masjid qurilishiga homiylik qilayotgan bo‘lsa-da, islom
ilmi, shariat hukmi degan tushunchalardan nihoyatda yiroq edi. Uning nazarida marhum
lahadga qo‘yilishi bilan to‘g‘ri jannatga yoki do‘zaxga yo‘l oladi. Asadbek qiyomat,
undagi hisob-kitob, nomai a’mol, Rasullullohning shafoati kabi gaplarni eshitmagan,
eshitgan bo‘lsa ham uqmagan bandalardan edi. Shu sababli otasiga jannatdan joy tayin
etish uchun janoza o‘qib qo‘yish albatta zarur, degan qarorga keldi. Shunga aqli yetgan
do‘stini quchib olgisi keldi. Lekin bunga jur’at etmadi. Chunki u Asadbek, do‘sti esa Jalil,
ya’ni ikkovi ohanraboning ikki qutbi edi.
Shu onda kuragida qattiq og‘riq turib, ingrab yuborganini o‘zi ham sezmadi. Ko‘zlari
yumuq bo‘lsa-da, o‘zi ziyrak yotgan Chuvrindi boshini ko‘tardi.
— Bek aka, nima bo‘ldi? Mazangiz qochdimi?
— Kuragim shamolladimi, deyman. Sanchiq turdi. Ezib qo‘ysang-chi...
Asadbek shunday deb engashdi. Chuvrindi uning yelkalarini uqaladi. Og‘riq zo‘rayib,
Asadbek qaddini rostladi.
Chuvrindi tayyora bekasini chaqirib, suv so‘radi. Asadbek suv ichgach, suyanchiqni
tushirib, og‘riyotgan kuragini tirab yotdi.
Krasnoyarga yetganda tayyora tog‘day bo‘lib turgan qo‘ng‘ir bulutlar orasini yorib kirib,
titray boshladi. Yo‘lovchilar o‘zlarini tayyorada emas, shag‘al yotqizilgan yo‘lda
ketayotgan eshak aravada xis qildilar. Xasta odamlarning dardi qo‘zib, tayyora bekasi
tinchini yo‘qotdi. Tayyora barchani behalovat qilib qo‘ydi.
Shahar osmonini bulut qoplagan, salqin shamol esib turardi. Bir necha soat ilgari
jaziramadan noligan odamlar endi salqinda qunishib turishardi.
— Asad, — dedi Jalil junjikib, — bitta taksi to‘xtatib, boradigan joyimizga jo‘navoraylik.
Asadbek unga qarab «xo‘p», deb kulimsirab qo‘ydi. Ko‘nglidan esa boshqa gap o‘tdi: «E
nodon bola, sen Asadbekni kim deb yuribsan? Hammaga o‘xshab xurjunini osiltirib,
taksiga qo‘l ko‘tarib yursa Asadbek bo‘larmidi? Dunyodan go‘lligingcha o‘tasan shekilli,
sen bola. Hozir «bu yerlarda taksi bo‘lmaydi, yayov ketamiz», desam ishonarmikinsan?
Ke, qo‘y, yana shallaqiliging tutib qolmasin...»
Jalilning chindan ham soddaligi bor edi. Sodda bo‘lmaganida og‘aynisining ko‘zga
ko‘rinmas, ammo o‘ziga xos kichik bir mamlakat podshosi ekanini, bunday podshohlik
har bir yurtda mavjudligini fahm etgan bo‘lardi. Rosmana yurt egalarining bordi-
keldilari, rasmiy kutib olish, muzokaralaridagi as’asayu dabdabalarni televizorda hamma
ko‘radi. Pinhoniy yurtchalarning podshochalari uchrashuvida ham izzat-e’tibor zo‘r
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |