www.ziyouz.com kutubxonasi
168
bo‘lib qoldingmi?
— Sen o‘zingni bil, — Jalil shunday deb bir burda non sindirib og‘ziga soldi. — Men senga
o‘xshab ziyofat yeb o‘rganmaganman. Non ham bo‘laveradi.
— Nonni ham shu pichoqda kesishgan.
Bu gapni eshitib Jalil chaynagan nonini yutishni ham, tashlashni ham bilmay qoldi.
— Yut, yutaver, sendaqa mulladan o‘rgildim.
Asadbek shunday degach, ajablanib qarab turgan Kozlovga izoh berdi:
— Oshnam mullalardan. Tandirdan kechagina uzilgan xilidan.
Kozlov buni hazil deb tushunib kuldi.
Davrada Kozlovning yigitlaridan hech biri ishtirok etmadi. Ovqatlanib bo‘lishgach,
yumshoq o‘rindiqlarga o‘tib o‘tirishdi.
— Sen, Asad, anarxist ekansan. Gorbach hammaga demokratiya berdi-yu, qayta qurish
senga yetib bormabdi. Yigitlaring hech bir narsani o‘zicha hal etolmaydi. Vinoni
tsisternada yuborishni tashkil qilinglar, desam, avval Bek akamdan so‘raylik, deydi. Zo‘r
pushkalar bor, desam...
Gap shu yerga kelganda Asadbek yo‘talib qo‘ydi-da, Chuvrindiga qaradi. Bu qarashning
ma’nosini tushungan Chuvrindi Jalilga gap aytmoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, ammo
ulgurmadi. Jalil o‘rnidan turdi-da:
— Yo‘talni ham ezvording. Yo‘talishni bilmasang, o‘zingni qiynab nima qilasan, chiqib
hovuzda cho‘milib kel, degin, yomg‘irda cho‘milishning mazasi boshqacha bo‘ladi, — deb
eshik sari yurdi. Chuvrindi yolg‘iz o‘zining chiqishi noqulay bo‘lmasin, deb ergashgan edi,
Jalil orqasiga o‘girilib, to‘ng‘illadi: — Menga dumning keragi yo‘q. Gaplaringni gaplashib
olaverlaring.
— Jalil mening eng qadrdon do‘stim. Lekin bizning ishlarimizdan nihoyatda uzoq. Uning
hayoti boshqa, — dedi Asadbek.
Asadbekning «eng yaqin do‘stim bo‘lsa ham uning oldida sir aytma», demoqchi ekanini
Kozlov tushundi.
— U qaerda ishlaydi? — deb so‘radi Kozlov.
— Aniq bilmayman, qaerdadir ishchi.
— Yoningga olmagan ekansan-da?
— Bunaqa o‘jar dunyoda bitta. U bu dunyoda halol mehnat bilan kun ko‘rish
mumkinligini isbot qilmoqchi.
— Oshnang bitta emas, bunaqalar hammayoqda to‘lib-toshib yotibdi. Gorbach aytyapti-
ku, hamma narsani o‘z nomi bilan aytish kerak. Bularning nomi — AHMOQ! — Kozlov
shunday deb kuldi. — Xullas, yigitlaring keldi-yu, ketdi. Hech nima hal bo‘lmadi. Men
sizlardan xafa emasman. Oramizdagi ish puxta, halol bo‘lyapti. Lekin bir yigiting bizni
go‘l qilib ketdi. Esingdami, sen uni o‘n yilcha oldin yuborgan eding. Qarab turdik, xor
qilmadik. Lekin ketishda hammamizga tupurib, ancha narsani o‘marib ketibdi. Orqasidan
odam yuboray dedimu, senga malol kelmasin, dedim.
Chuvrindi gap Shilimshiq haqida ketayotganini bilib, suhbatga qo‘shildi:
— Aleksey Petrovich, odam yubormaganingiz yaxshi bo‘libdi. U tinchidi. Xizmatiga
yarashasini oldi.
— Yigitlarga tayinlab qo‘yish kerak: bunaqa qiliq jazosiz qolmaydi. Men bu yerda
yashaganim bilan qo‘limni uzatsam O‘zbekistonga, kerak bo‘lsa undan nariga yetadi,
shunday emasmi, Asad?
Kozlovning keyingi gapi Asadbekka sal malol keldi. Shu bois gapni boshqa yoqqa burdi:
— Yaxshi. Takliflaringni ayt. Sisternani o‘ylab ko‘ramiz.
— Pushkadan olinglar. Ortiqchasi zarar qilmaydi.
— Hozircha yetarli, bor.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |