www.ziyouz.com kutubxonasi
169
— Asad, sen ertani ko‘rmayapsan. Ertaga yetarli bo‘lmay qoladi. Zo‘rlari bor. Senga
ilinyapman. Xitoy tomondan qora dori...
— Yo‘q, — dedi Asadbek qat’iy, — bu ishlarga o‘zing ham aralashma, bizni ham
aralashtirma.
Asadbekning kuragida og‘riq qo‘zg‘alib, aftini bujmaytirdi.
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi Kozlov.
— Kuragimni shamollatdim shekilli, — dedi Asadbek.
— No‘ problem! Moment tuzatamiz. Tur o‘rningdan. Bunaqa kasalning davosi massaj!
Kozlov uni ikkinchi qavatdagi yotoqxonaga boshladi. Dam o‘tmay u xonaga oq shoyi
xalat kiygan xushbichim qiz kirdi.
3
Kozlov aytgan massaj foyda bermadi, aksincha og‘riqni zo‘raytirib, isitma chiqardi.
Borajak manzillari Krasnoyardan qariyb to‘rt yuz chaqirim narida edi. Kozlov
mehmonlarni urintirmay olib borib kelish choralarini ko‘rib qo‘ygan bo‘lsa-da,
Asadbekning ahvolini bilib, «safarni kechiktirsakmikin?» dedi.
— Piyoda yurmasam, yelkamda bir qop yuk bo‘lmasa, mashinada boramizu kelamiz, —
dedi Asadbek, o‘zini jilmayishga majburlab.
Bu jilmayish niqobi ostida og‘riq azoblari yashirin ekanini barchalari sezdilar.
Asadbek go‘dak emaski, uni avrab, nasihat qilib yoki aldab ko‘ndirish mumkin bo‘lsa.
— Yo‘lda kraykomning statsionari bor. Birrov kirib chiqamiz, — dedi Kozlov
mulohazalarga yakun yasab.
Kozlov «statsionar» deb atagan joy kasalxonani emas, shohona dam olish uyini
eslatardi. Eng kamida raykomning ikkinchi kotiblarigagina nasib etuvchi bu koshonaning
kattalari Kozlovni yaxshi tanir edilar. Uning birgina imosi bilan Asadbek atrofida parvona
bo‘la boshlashdi. Asadbek bu yerga kirishda «isitmamni o‘lchab dori berishar», deb
o‘ylagan edi. Qon tarkibini tekshirishdan tortib yurak urishigacha tekshirildi, hatto
rentgen xonasiga ham kirib chiqdi.
— Bu yer shunaqa «TO-2»1, — dedi Kozlov kulib.
Tekshirishlar tugagach, Kozlovni izzat bilan kutib olgan kishi uni chetga tortib, dedi:
— Bu oddiy shamollashga o‘xshamay turibdi. Emlab qo‘ydik, isitmasi tushadi. Ammo
kechga borib yana ko‘tarilishi mumkin. Uch-to‘rt kun shu yerda yotsa, yana yaxshilab
tekshirib, uzil-kesil bir xulosaga kelar edik.
— Hozir bir joyga ketyapmiz. Qaytishda kiramiz. Har holda, ertaga qaytsak kerak. Bitta
lyuksni tayyorlab qo‘yavering. Doridan bering, isitmasi ko‘tarilsa o‘sha yerda hamshira
topilar.
Yarim soatlardan so‘ng dori ta’sir qilib, Asadbek o‘zini yengil his etdi. U oldingi
o‘rindiqda, suyanchiqni pastlatibroq yotib borardi. Ko‘zi ilinib o‘n-o‘n besh daqiqa
mizg‘idi-yu, uyg‘onib, o‘zini avvalgidek tetik sezib, qaddini ko‘tardi.
— Qalay? — dedi Kozlov, uni yelkasidan ushlab. — Tuzukmisan? Ranging yaxshi.
— Dardni bergan Olloh shifosini ham o‘zi beradi, — dedi Jalil Asadbekning o‘rniga javob
qaytarib.
— Umuman, to‘g‘ri gap aytding, — dedi Kozlov, — Xudo xohlamasa Xristos2ning jiyani
bo‘lsang ham hech nimaga erisha olmaysan. Men buni amalda ko‘p sinaganman. Men
Xudoga ishonaman, lekin ibodat qilmayman, shunisi chatoq. Bilasanmi, Jora...
— Men Jora emasman.
— Jora bo‘lmasang Jenyadursan?
— Men Jalilman. Otam rahmatli shunaqa ism qo‘ygan, — dedi Jalil o‘jarlik bilan.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |