2-§. Rossiya podsholigi protektorati sifatida Buxoro amirligi
va Xiva xonligining siyosiy tuzumi
Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasi o‘rtasida imzolangan 1868-yil
23-iyuldagi «sulh» va 1873-yil 28-sentabrdagi «Do‘stlik» shartnomasiga
binoan Buxoro amirligining davlat mustaqilligi cheklandi. Rossiyaning
vassaliga aylandi, chet mamlakatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy aloqa
o‘rnatish huquqidan mahrum bo‘ldi. Ikka davlat chegaralari, ular
o‘rtasidagi munosabatni va savdo, jinoyatchilik sohasidagi hamkorligini
belgilaydi. Qulchilik tugatiladi.
Rossiya imperiyasining hukmronligi mamlakatning ijtimoiy,
iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Buxoro
amirligining davlat tizimi o‘zgarishsiz saqlanib qoladi. Qo‘shimcha
organlar ta’sis etilmaydi. Rus hukumati tegishli ta’sir ko‘rsatuvchi
235
vositalar orqali mamlakatni boshqarish va o‘z manfaatiga xizmat
qildirishni yo‘lga qo‘yadi. Peterburgda Buxoro elchixonasi ochiladi.
Dastlabki davrlarda davlat boshqaruvida Turkiston general-
gubernatori shaxsi rol o‘ynadi. 1886-yilda Buxoroda Rossiya imperiyasi-
ning siyosiy mahkamasi ta’sis etiladi. Uning asosiy vazifalari amir va
uning hukumati faoliyati ustidan bevosita nazoratni amalga oshirish,
shartnoma bandlariga amal qilinishini kuzatib borish, soliq va pul sohalari
bo‘yicha amir hukumatini zarur choralar ko‘rishga majbur etish, rus
fuqarolariga oid ishlarni ko‘rib chiqib hal qilish va boshqalar kirgan.
Amir davlat boshlig‘i sifatida siyosiy mahkama tomonidan berilgan
ko‘rsatmalarni o‘z amaldorlari orqali amalga oshirgan. Bu mansabdor
shaxslar ilgari davrlardagi singari saroy ma’muriy boshqaruv va
yordamchi lavozimlar egalaridir.
Rossiya siyosiy agenti va mahalliy amaldorlar bilan yozishmalar olib
borish bilan shug‘ullanuvchi maxsus devonni birinchi vazir Qushbegi
boshqargan.
Qozikalonga Turkiston o‘lkasi va mahalliy aholi o‘rtasidagi merosni
taqsimlash, da’voni qondirish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib hal etish
vakolati berilgan.
Buxoro amirligining mahalliy boshqaruvi o‘ziga xos xususiyatlarga
ega edi. Rossiya protektorati o‘rnatilgunga qadar joylarni amir
hokimiyatidan qariyb mustaqil bo‘lgan beklar boshqargan bo‘lsa, Rossiya
mustamlakachilik hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng bu holatga barham
berildi. Natijada mahalliy hokimiyat bevosita amir tomonidan tayinlana-
digan va lavozimdan olinadigan mansabdor shaxslar bilan almashtirildi.
Buxoro amirligi vassalga aylanganidan so‘ng uning huquq tizimida
keskin o‘zgarishlar yuz bermagan. Avvalgi davrlardagi singari o‘troq
aholi hududlarida shariat qonunlari, ko‘chmanchi aholi hududlarida va
chekka hududlarda odat huquqi qoidalari o‘zgarishsiz saqlanib qoldi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, amirlikning vassal davlatga aylanishi
bilan vujudga kelgan yangi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi
manbalar tarzida qator quyidagi huquqiy hujjatlar ham qabul qilingan.
Bular Buxoro xonligida Vino ishlab chiqarish haqidagi qoidalar (1893-yil
15-dekabr), oltin qazib olish va uni qayta ishlab bilan bog‘liq
munosabatlarni tartibga soluvchi «Buxoro xonligida oltin sanoati haqida
qaror» (1896-yil 24-fevral), spirtli ichimliklar bilan savdo-sotiq qilish
tartibini belgilovchi «Buxoro xonligida kuchli quvvatli ichimliklarni
sotish qoidalari» (1889-yil 25-iyun), «Buxoro xonligida kuchli quvvatli
236
ichimliklarni sotish joylarini, ularning turlari va soni hamda yangi savdo
joylarini tashkil qilish tartibini belgilash haqidagi qoidalar» va boshqalar.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar amirlikda chor hukumatining
mustamlakachilik siyosatini qonuniy jihatdan mustahkamlashga,
mamlakatga rus kapitalining kirib kelishiga keng yo‘l ochishga, rus
fuqarolarining, birinchi navbatda, sarmoyadorlarning huquqlari, manfaat-
larini himoya qilishga qaratilgan edi.
Xiva xonligi ustidan rus podsholigi hukmronligining o‘rnatilganligi
1873-yil 12 (25)-avgustda tuzilgan ikki tomonlama Do‘stlik shartnomasi
bilan mustahkamlangan. Ushbu sulhga ko‘ra Xiva mustaqil tashqi siyosiy
aloqalar o‘rnatish huquqidan mahrum etilib, deyarli butun ijtimoiy
sohalarga oid cheklashlar o‘rnatiladi. Xiva xonligining davlat mustaqil-
ligiga barham berildi. Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi yer va mahalliy
xalq boshqaruvi uchun Amudaryo okrugi (Petro-Aleksandrovskiy
qo‘rg‘oni, hozirgi To‘rtko‘l tumani hududi) tashkil etiladi va u Turkiston
general-gubernatorligi tarkibiga kiritiladi.
Amudaryo okrugining huquqiy maqomi va faoliyati «Amudaryo
bo‘limini boshqarish haqidagi muvaqqat qoidalar» bilan mustahkam-
langan. Unga imperator tamonidan tayinlanadigan va unga bo‘ysuvchi
harbiy ma’mur boshchilik qiladi. Amudaryo okrugi boshlig‘iga Rossiya
va Xiva xonligi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, xon hukumati
faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatlari berilgan. U
general-gubernatorlik va Xiva o‘rtasidagi munosabatlarda vositachi
hisoblangan hamda harbiy gubernator maqomiga ega bo‘lgan. Mahalliy
rus qo‘shini boshlig‘i ham hisoblangan. Uning qoshida devonxona ta’sis
etilgan bo‘lib, unda kam sonli xodimlar faoliyat ko‘rsatgan va devonxona
boshqaruvchisi tomonidan boshqarilgan. 1886-yilda qabul qilingan
«Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risidagi Nizom»ga binoan
Amudaryo okrugi bo‘lim qilib belgilanib, Sirdaryo viloyati tarkibiga
kiritiladi va uning boshlig‘i Sirdaryo harbiy gubernatoriga bo‘ysunishi
belgilanadi.
Mustamlaka davrida Xiva xonligining siyosiy tuzumida tub o‘zgarish
yuz bermagan. Davlat boshlig‘i xon hisoblanib, uning hokimiyati meros
tariqasida imperator roziligi bilan qoldirilishi mumkin bo‘ladi.
1873–1874-yillarda, ya’ni Amudaryo bo‘limi tashkil etilguncha xon
huzuridagi an’anaviy Oliy kengash tarkibi o‘zgartirilgan holatda faoliyat
yuritiladi, so‘ngra tugatiladi. Bu vaqtdagi Maxsus kengash (ayrim
manbalarda Devon deb ham yuritilgan) imperiya va xonlik o‘rtasidagi
munosabatlarni amalga oshirish hamda xon hukumati faoliyatini nazorat
237
qilish uchun 7 kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi. Kengash
a’zolarining 4 nafari chor hukumati vakillaridan va nafari xivaliklardan
(xon, mextar va devonbegi) iborat bo‘ldi. Uning raisi rasman xon
hisoblanib, qabul qilgan qarorlari Turkiston general-gubernatori
tomonidan tasdiqlangan.
Xon o‘z hokimiyatini amalga oshirish uchun ilgarigi davrlardan beri
faoliyat ko‘rsatib kelayotgan o‘zi tashkil etuvchi davlat apparatiga
tayangan. Xonlikdagi oliy organlar faoliyati va vakolati XIX asr 70-
yillarigacha to‘la ilgari asos va yo‘sinlar bo‘yicha amalga oshdi. Xiva
xonligi yarim mustamlakaga aylangan 1873-yildan boshlab esa
chorizmning Rossiya ichki va tashqi siyosatini ifodalovchi oliy organlari
vakolatining Xivada ham ustun mavqega egaligi va davlat tuzumining
o‘zgarishi xonlar vakolatini chegaralab qo‘ydi. Xonlikda vaqtincha
bo‘lsa-da, Rossiya va Xiva Qo‘shma kengashi (Devon)ning faoliyat
ko‘rsatishi, bojxona ittifoqiga qo‘shilish, Rossiya talablari bo‘yicha
Manifestlar chiqarish (garchi ular hayotga to‘liq tatbiq qilinmasa ham),
Amudaryo bo‘limi nazorati, Turkiston general-gubernatorligiga qarashli
mirovoy sudlarning Xorazm hududida sodir etilgan jinoyatlarni ham
tekshirish huquqiga egaligi yoki xonlikdagi Rossiya fuqarolarining
(bunday fuqarolikni ko‘plab xorazmliklar ham ola boshlagandi) ishlari
fuqarolik sudlarida ko‘rilishi kabilar ana shunday cheklanishlar
hisoblanadi. Biroq xonlikdagi oliy organlar xonlik tashqi siyosiy kuch –
1920-yil fevralida Rossiya bolshevik hukumati harbiy tazyiqi tomonidan
tugatilgunicha mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy, diniy-ma’muriy va madaniy
hayotini o‘z qaror va faoliyatlari bilan idora etib turdi. Muhammad
Rahimxon II, Isfandiyorxon va Sayyid Abdulloxon tomonidan chiqarilib,
bizgacha yetib kelgan bu sohaga oid farmon, qaror va manifest kabi
ko‘plab tarixiy hujjatlar bunga guvohlik beradi.
Davlat boshqaruvida XX asr boshlariga kelib Vaziri a’zam va
Yasovulboshining mavqei kuchayishi yuz beradi. Bu davrda xonlik harbiy
jihatdan zaiflashib, hattoki ichki barqarorlikni ta’minlash uchun rus
hukumatiga murojaat etish darajasiga tushiriladi.
XIX asr oxirlarida Xiva xonligi qo‘shinlarida xizmat qiluvchi
shomxolchilar hujjat va tarixiy manbalarda tilga olinadi. Shomxolchilar
o‘t ochar qurol (to‘fang)li sarbozlar bo‘lib, ular oz miqdordagi doimiy
qo‘shin tarkibida yuzboshilar qo‘li ostida xizmat qilib, davlatdan maosh
olganlar.
Vassallik davrida Buxoro amirligidagi singari o‘troq aholi
hududlarida shariat qonunlari, ko‘chmanchi aholi hududlarida odat
qoidalari amal qilgan.
238
Sulh shartnomasiga muvofiq, xonlik hududida yashovchi rus
fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, ular o‘rtasida yuzaga kelgan
nizolar, mahalliy aholining rus fuqarolariga nisbatan shikoyatlari
imperiya qonunlari asosida rus sudlari tomonidan Amudaryo bo‘limida
ko‘rib chiqilgan.
Qozilar uchun asosiy qo‘llanma 1178-yili buyuk islom olimi faqih
Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil al-Farg‘oniy ar-Rishdoniy al-
Marg‘inoniy (1123–1197-y.) tomonidan yaratilgan islom huquqshu-
nosligining eng asosiy qo‘llanmalaridan biri «Hidoya» asari bo‘lgan.
XIX asrning ikkinchi yarmida hozirgi O‘zbekiston doirasidagi
mavjud siyosiy tarqoqlikdan foydalangan Rossiya podsholigi o‘zining
mustamlakachilik manfaatlaridan kelib chiqib, butun Turkistonni bosib
oldi. Bu yerda Angliya mustamlakachilik tuzumidan farq qilmagan,
ba’zan esa undan ham ziyodroq yarim harbiy, xalqlarni asoratda tutish
tizimi o‘rnatildi. Shu davrda imperiya huquqi, mahalliy xalqlar
huquqlarini cheklashga qaratilgan mustamlaka huquqi, mahalliy xalqlar
uchun shariat huquqi, qisman odat huquqlari amalda bo‘ldi. Imperiya
qonunchiligi bilan birga o‘lkada Yevropa huquqining bank-kommersiya,
veksel, kredit, tog‘-konchilik huquqi, xususiy sohibkorlik huquqi kabi
institutlari yoyiladi.
239
XV BOB. OKTABR TO‘NTARISHIDAN SO‘NG O‘ZBEKISTON
Do'stlaringiz bilan baham: |