www.ziyouz.com kutubxonasi
90
bo‘g‘iq ovozi chalinardi.
— Nega u shu paytgacha yo‘q? — so‘radi ona.
— Hozir, sabr qil.
Biroq Lafarj endi ishonmayotgan edi. Kim bilsin, balki yigitchani qaerdadir, qanday qilibdir
bandargoh tomonga chopib kelayotgandami, chiroqsiz uylar oralig‘idagi zim-ziyo ko‘chalardan o‘tib
ketayotgandami, tutib olishgandir-da? Albatta, oradagi yo‘l ancha olis edi, hatto chaqqon bola uchun
ham olislik qilar edi. Ammo nima bo‘lganda ham Tom undan oldin yetib kelishi kerak edi...
Birdan uzoqdan oydin yoritib turgan ko‘chadan chopib kelayotgan odam qorasi ko‘rindi.
Lafarj qichqirib yubordi, biroq o‘sha zahoti o‘zini bosdi:
— O’sha yoqdan, uzoqdan uning qulog‘iga boshqa ovozlar, boshqa oyoqlar dupuri chalindi.
Derazalarda birin-ketin chiroqlar yondi. Yolg‘iz ko‘lanka bandargoh oldidagi keng maydonga otilib
chiqdi. Bu Tom emas edi, balki sonsiz fonarlar yog‘dusida bir charaqlab, bir o‘chib turgan kumush
rang yuzli oddiy xilqat edi. Ammo u yaqinlashib kelgani sayin tobora tanish tuyula boshladi va qiyofa
bandargohga yetib kelganda Tomga aylanib bo‘lgan edi! Enn qo‘llari bilan suvni shaloplatdi, Lafarj
shoshib qayiqni qirg‘oqdan itardi, ammo endi kech edi.
Chunki ko‘chadan kimsasiz maydonga bir erkak... yana bir erkak... bir ayol, yana ikki erkak, mister
Spolding otilib chiqdi. Ular nima qilishlarini bilmay, to‘xtab qolishdi. Ular chor atrofga olazarak
qarashar edi, ular uyga qaytishni istashardi: axir bu... bu borib turgan dahshat, telbalik edi,
vassalom! Shunday bo‘lsa-da, ular ta’qib etishda davom etar, dam-badam ikkilanib to‘xtab olar va
yana yugurib ketar edilar.
Ha, endi kech edi. Bu g‘ayrioddiy oqshom, g‘ayrioddiy voqea nihoyasiga yetgandi. Lafarj qo‘lida
arqonni aylantirardi.
U qattiq sovqotgan va o‘zini yolg‘iz his qilardi. Oydinda odamlar ko‘zlari kosasidan chiqib
chopayotganlari, shoshib ketayotganlari, oyoqlarini siltab, yugurayotganlari ko‘rinib turardi, mana,
ular barchasi, o‘n nafar odam qirg‘oq bo‘yida turar edi. Ular qayiqqa yeb qo‘ygudek qarab turishardi.
Ular qichqirar edilar:
— Joyingdan qo‘zg‘alma, Lafarj!
Spolding qo‘lida to‘pponcha ushlab turardi.
— Nima bo‘lgani endi ravshan edi... Tom bir o‘zi yo‘lovchilarni ortda qoldirgancha oy yoritib turgan
ko‘chalardan yurib borar edi. Politsiyachi miltillagan qiyofani sezib qoladi. Shartta orqasiga burilib,
uning yuziga qaraydi, qanaqadir ismni aytib qichqiradi, orqasidan quvib, yuguradi. “Hoy, to‘xta!” U
mashhur jinoyatchini ko‘rib qoldi. Yo‘ldan kim o‘tgan bo‘lsa hammasini ko‘rdi. Erkakmi, ayolmi, tungi
qorovulmi yoki raketa uchuvchisimi — ularning har biri uchun chopib ketayotgan qiyofaning kim
ekanligi baribir edi. Uning timsolida ular uchun tanish bo‘lgan har qanday odam, har qanday ramz,
har qanday ism tajassum topgan edi... So‘nggi besh daqiqa ichida qanchalab turfa ismlar tilga
olinmagan edi!.. Tom timsolida qanchalab shaxslar tusmol qilinmagandi — barchasi soxta!
Butun yo‘l bo‘ylab ta’qiblanuvchi va ta’qib qiluvchilar, orzu va orzu qiluvchilar, parrandalar va
ko‘ppaklar to‘lib-toshib ketgan edi. Butun yo‘l bo‘ylab: kutilmagan kashfiyot, tanish ko‘zlar chaqnog‘i,
chala esda qolgan ismni aytib qichqirish, qadim zamonlar haqidagi xotiralar — uning izidan chopib
borayotgan olomon shu tariqa ko‘paygandan-ko‘payib, toshgandan-toshib borar edi. Har kim o‘rnidan
dik etib turar edi-da, orqasidan chopib ketar edi, bir karra lip etib ko‘zdan o‘tgan siymolar, o‘n
minglab ko‘zgular o‘n minglab ko‘zlarda aks etadi, — chopib borayotgan sharpa, shaxs, biri oldinda
ketayotganlar uchun, boshqasi orqada kelayotganlar uchun va yana biri, yangisi uning yo‘lida
uchraydigan, hali uni ko‘rmagan odam uchun.
Mana, ular barchasi shu yerda, qayiq yonida har biri birgina orzuga yetishishni istaydi, — xuddi biz
bu sharpa na Laviniya, na Rojer, na boshqa biron kishi emas, aynan Tom bo‘lishini qanchalik xohlar
edik, o‘yladi Lafarj. Ammo endi bu amalga oshmaydi. G’isht qolipdan ko‘chgan edi.
— Qayiqdan chiqinglar, qani! — buyruq berdi Spolding.
Tom bandargohga ko‘tarildi. Spolding uning qo‘lidan tutdi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |