Geliy
Odatda turli manbalarda geliy elementini 1868-yildagi to‘liq Quyosh tutilishi vaqtida
o‘tkazilgan spektral tahlil vositasida olimlar Jansen va Lokyer kashf qilishgan deb ta’kidlanadi.
Aslida asl voqe’lik bunchalik jo‘n emas. 1868-yilda farang fizigi Pyer Jyul Jansen (1824-1907)
shu yilning 18-avgustida to‘liq Quyosh tutilishini o‘z ko‘zi bilan kuzatish uchun ataylab
Hindistonga keladi. U Quyosh tutilishi yakunlanishi bilanoq, keyingi bir necha daqiqa ichida
spektroskopda kuzatuvni davom ettirdi va birinchi marotaba, Quyosh protuberanslarining
spektrini tomosha qildi. Xuddi shunga o‘xshash kuzatuvlarini o‘sha yilning 20-oktyabr
sanasida ingliz astronomi Jozef Norman Lokyer (1836-1920) ham olib borgan. Faqat Lokyer
kuzatuv o‘tkazish uchun to‘liq Quyosh tutilishini ham kutmadi, yoki, Hindistonga safar qilib
ham o‘tirmadi. U barcha kuzatishlarini Londonda olib borgan va o‘zi ishlayotgan uslub,
Quyosh atmosferasini istalgan vaqtda kuzatish imkonini berishini ta’kidlashdan
charchamagan. Lokyer ham, Jansen ham Quyosh atmosferasi haqidagi o‘z kuzatishlari
natijalarini deyarli bir vaqtda Parij Fanlar Akademiyasiga yo‘llashgan. Akademiyaga ikkita
mustaqil olimdan deyarli bir xil natijalar qayd etilgan ilmiy ishlar kelib tushishi va ular bir-
birining natijalarini tasdiqlashi, Akademiya rasmiylari va olimlar orasida katta hayajonga
sabab bo‘lgan. Quyosh atmosferasiga oid yangi ilmiy natijalardan ruhlangan Fanlar
Akademiyasi olimlar Jansen va Lokyer sharafiga, ularning bo‘rtma tasvirlari tushirilgan
maxsus tilla tangalar zarb qilish haqida ham qaror chiqargan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, shu
choqqacha matnda yangi kimyoviy element kashf etilishi haqida so‘z bormadi. Jansen va
Lokyer faqat Quyosh atmosferasini, aniqrog‘i, protuberanslarining spektral tasvirlarini
o‘rganganliklari uchun shon-sharafga musharraf bo‘lishdi.
Xuddi o‘sha, 1868-yilning 13-noyabrida Italiyada yana bir astronom Petro Anjelo
Sakki (1818-1878) ham Quyosh spektrini kuzatish va tahlil qilish borasida izlanayotgan edi.
Sakki Quyosh spektrida natriyga tegishli sariq D-chiziq yaqinida turgan, o‘zining ta’biri bilan
aytganda «ajoyib» chiziqqa e’tibor qaratdi. Sakki ushbu chiziq Quyoshdagi favqulodda
ekstremal sharoitlardan turgan vodorodga tegishli bo‘lsa kerak deb o‘ylagan. Lekin, Sakki
ham, shu tariqa, Quyosh spektriga tegishli tahlillarda bu mavzuga qaytmagan. Keyingi uch yil
ichida esa, 1868-yilda Jansen, Lokyer va Sakki olgan Quyosh spektriga tegishli tahlillar deyarli
hech kimni jiddiy qiziqtirmadi. Faqat 1871-yilga kelib Lokyer o‘sha tahlillarni qayta ko‘zdan
kechirishga qaror qiladi. Tahlil chog‘ida u ham, spektrdagi natriyga tegishli sariq D-chiziq
yaqinida turgan boshqa chiziqqa e’tibor qaratdi. Lokyer bu chiziqni sinchiklab tekshirgach, u
Quyoshda mavjud bo‘lgan va Yerda hali aniqlanmagan qandaydir bir noma’lum kimyoviy
elementga tegishli bo‘lsa-chi? – degan fikrga keldi. Lokyerning ushbu taxmini ko‘p o‘tmay
o‘zini oqladi va mazkur chiziq haqiqatan ham yangi kimyoviy elementga tegishli ekani
tasdiqlandi. Ushbu kimyoviy elementga «geliy» nomini berilishi haqida ilk bora 1871-yilning
iyun oyida o‘tkazilgan anjuman chog‘ida, Britaniya ilm-fanga ko‘maklashish assotsiatsiyasi
prezidenti Uilyam Tomson, ya’ni, lord Kelvin (1824-1907) ma’lum qilgan. Geliy nomi ham
qadimgi yunon ma’budining ismidan olingan bo‘lib, yunon mifologiyasida Quyosh ma’budi
Gelios (Helios) deb nomlanar edi. Sezganingizdek, element avvaliga Quyoshda kashf etilgani
sababli, unga geliy, ya’ni, Quyosh nomi berilgan. Ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i 1895-yilda ingliz
kimyogari Uilyam Ramzay (1852-1916)
uran
minerali bo‘lmish kleveitga kislota bilan ta’sir
ko‘rsatish orqali, reaksiya natijasida ajralib chiqayotgan noma’lum gazni yig‘ib oladi va ushbu
gazni spektral tahlil qilish uchun, hamkasbi Lokyerni taklif qiladi. Lokyer va Ramzay
birgalikda olib borgan tekshirishlar natijasida, ushbu gaz geliyning aynan o‘zi ekani ma’lum
bo‘ldi. Natijada, geliy faqat Quyosh tarkibida emas, balki, Yerda ham mavjudligi aniqlandi.
35
Tarkibidan geliy ajratib olingan kleveit minerali esa, shved kimyogari Pyer Teodor Kleve
(1840-1905) sharafiga nomlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |