38
Reniy
Nomi nemislar va Germaniya bilan bog‘liq yana bir element bu – reniydir. Uni 1925-
yilda er-xotin kimyogarlar Ida Noddak (1896-1978) hamda, Valter Karl Fridrix Noddak (1893-
1960) birgalikda kashf qilishgan. Ida Noddak qizlik familiyasi Ida Takke bo‘lib, u
Germaniyaning Reyn o‘lkasida dunyoga kelgan edi. Aynan Ida Noddakning taklifiga ko‘ra,
o‘zlari kashf etgan elementga olimlar oilasi Reyn o‘lkasining nomini berishgan.
Poloniy
Er-xotin olimlar birgalikda kashf etgan yana bir element – poloniy bo‘lib, uni 1898-
yilda Pyer va Mariya Kyurilar sintez qilib olishgan. Mariya Kyurining vatani Polsha sharafiga,
ushbu mamlakat nomining lotincha talqini –
Polonia bilan atalgan.
Ruteniy
Navbat Rossiyaga yetib keldi. Ruteniyni 1844-yilda Qozon universiteti professori Karl
Klaus (1796-1864) tomonidan kashf etilgan. Klausga Peterburg tanga zarb qilish saroyidan bir
uyum platina rudasi qoldiqlari keltirib berishgan edi. O‘sha yillarda Ural konlaridan katta
miqdorda platina zaxiralari topilgan bo‘lib, Rossiyada platina tangalar zarb qilish amalga
kirgan. Klaus o‘zi kashf qilgan elementga Rossiyaning lotincha nomlanishi –
Ruthenia nomini
biriktirgan. Ism-familiyasidan ham yaqqol ko‘rinib turibdiki, Klaus o‘zi rus bo‘lmagan.
Haqiqatan ham, u 1704-yilda Rossiya tarkibiga qo‘shib olingan Drepte shahrida tug‘ilgan.
Drepte keyinchalik Yurev deb nomlangan. Hozirda bu shahar Estoniya tarkibida bo‘lib, Tartu
deb nomlanadi.
Ruteniy haqida gap ketganda, yana bir narsani aytib ketmaslik adolatdan bo‘lmaydi.
Aslida, ruteniy atamasini Klausdan ancha avvalroq boshqa bir kimyogar – Gotfrid Vilgelm
Ozann (1797-1866) o‘ylab topgan. Ozann aynan Tartu universitetida ishlagan va u ham, xuddi
Klaus kabi, platina rudasidan uch xil yangi moddani kashf qilgan. Ehtimol, ulardan
biri aynan
ruteniy bo‘lgandir. Lekin, Ozanning ilmiy natijalarini o‘sha zamonning eng
nufuzli kimyogari
Yens Yakob Berselius tasdiqlamagan. Ozann esa, Berselius qarshisida o‘z natijalarini himoya
qila olmagan va yangi element kashf etganlik maqomidan quruq qolgan. Oradan 16 yil o‘tgach,
endi Klaus ham platina rudasidan yangi element ajratib oldi va u ham kashfiyot haqida
Berseliusga axborot yo‘lladi. Qaysar Berselius bu
safar ham, Klaus
ajratib olgan modda aslida
yangi element ekaniligini tasdiqlamadi. Biroq, Ozanndan farqli ravishda, Klaus o‘z ilmiy
natijalarini qattiq himoya qildi va ilmiy bahs-munozaralarda o‘zining haq ekanini isbotlay oldi.
Shu tariqa, ruteniyni kashf etganlik maqomi rasman Klausga nasib etdi.
Skandiy
Geografik-kimyoviy sayohatimiz Skandinaviya yarim oroliga ko‘chmoqda. Skandiyni
avvaliga D.I. Mendeleyev tomonidan «eka-bor» nomi bilan bashorat qilingan. Sof element
tarzida esa, 1879-yilda shved kimyogari Lars Frederik Nilson (1840-1899) tomonidan ajratib
olingan. Sezganingizdek, elementga Skandinaviya yarim orolining nomi berilgan.