www.ziyouz.com kutubxonasi
2
MAXTUMQULI – VALIY SHOIR
Tarjimon muqaddimasi
Maxtumquli Firog‘iy XVIII asr ma’rifiy she’riyatining buyuk darg‘alaridan bo‘lib, butun
turkiy xalqlar uchun tushunarli va sevimli shoir, ma’rifatli siymo, orif oshiq, sohibi
hikmat bo‘lgan valiy zotdir. Uning insonparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalari
bilan yo‘g‘rilgan she’riyatida pok islomiy ma’rifat ruhi gurkirab, yashnab turadi.
Maxtumquli taqriban yilda Turkmanistonning janubi-g‘arbidagi Atrek (Atrok) daryosi
sohillarida, ma’rifatli islomiy oilada dunyoga keladi. Otasi Davlatmand Ozodiy o‘z
davrining taniqli shoirlaridan bo‘lib, uning she’riy kitobi hamda "Va’zi Ozod" nomli asari
mavjud. Ozodiy ijodi, ayniqsa, "Va’zi Ozod" kitobi, chamasi, to‘liq islomiy ruhda bo‘lgani
bois sho‘ro davrida yetarli o‘rganilmagan. Bu kitobda muallif ulug‘ mutafakkir shoir
Alisher Navoiy ijodini yaxshi o‘zlashtirgan, ayniqsa, "Mahbub ul-qulub" asaridan ta’sir
olgan adib sifatida namoyon bo‘ladi.
Davlatmand Ozodiy shunchaki shoir emas, balki zamon allomasi, taqvo va ma’rifat
ahlining peshvosi, avliyoi barhaq ekanini Maxtumqulining bir necha marsiyasidan
anglash mumkin. Shoir otasi haqidagi marsiyada yozadi:
Molu davlatlarga ko‘ngil qo‘ymadi,
Bu jahonning ishratini suymadi,
Eski sholdan ortiq po‘shish kiymadi,
Oxirat uyi bo‘ldi qasdi otamning.
"Munkir bilmas, muxlislarning shakki yo‘q, Payg‘ambar dastidir dasti otamning" satrlari
hazrati Rasululloh (s.a.v.)ning: "Kimki bir olim kishini hurmat qilsa, muhaqqaq, u meni
hurmat qilgan bo‘ladi" hamda: "Har bir muttaqiy olim mening ahli baytimdandir" degan
muborak hadisi shariflariga asoslangan.
Nuqabo der: uch yuz eran ko‘rishdi,
Chiltanda otamga nazarim tushdi,
Nujabo borsam, hafttanlarga qorishdi,
Abdollardir chin payvasti otamning.
Bu misralar Ozodiyning shubhasiz valiy zot ekanini anglatadi. Nuqabo, Nujabo
avliyolarning muayyan guruhlaridir. "Nuqabo" – "naqib" so‘zidan, naqiblar – biror jamoa
va guruhning ulug‘lari, e’tiborli kishilari, raislari; "nujabo" – "najib" so‘zidan, najiblar –
buzurgvorlar va tanlangan aziz zotlar degani. Abdollar – valiylikning qutbdan oldingi
martabasiga erishgan zotlar, demakdir.
Mahshar kuni g‘amsiz kirar behishtga,
Har kim chindan bo‘lsa do‘sti otamning! -
Bu satrlar hazrati Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning "Kishi oxiratda yaxshi ko‘rgan kishisi bilan
birga bo‘ladi", degan hadisi shariflariga tayanadi. Maxtumqulidek shariatda sobitqadam
va istiqomatda mustahkam zotning bu mujdasi oddiy ta’rif emas, balki ma’no olamidan
yetgan shavq natijasidir.
* * *
Saylanma. Maxtumquli
Do'stlaringiz bilan baham: |