E. Soxta bankrotlik
(Jinoyat kodeksining 180-moddasi)
Mazkur jinoyatning obyekti tadbirkorlik tuzilmalarining normal faoliyat ko‘rsatishini, xo‘jalik yurituvchi
subyektlarning manfaatlarini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlardir. Bankrotlikka taalluqli ko‘pgina
masalalar O‘zbekiston Respublikasining «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonunida tushuntirib berilgan.
Obyektiv tomondan jinoyat xo‘jalik yurituvchi subyektning o‘z majburiyatlarini iqtisodiy jihatdan bajara
olmasligi haqida bila turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan e’lon berishi natijasida kreditorlarga ko‘p
miqdorda zarar yetkazilishida namoyon bo‘ladi.
Subyektning bila turib, o‘zining nochorligi haqidagi yolg‘on ma’lumotni e’lon qilishi soxta bankrotlik
hisoblanadi. Xo‘jalik yurituvchi subyekt haqiqatda kreditorlar oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir
bo‘lgani holda ularni bajarishdan ataylab bo‘yin tovlab, o‘zini bankrot, deb e’lon berishi, ataylab haqiqatga
to‘g‘ri kelmaydigan e’lon berish hisoblanadi.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt qonunda belgilangan tartibni buzib o‘zining iqtisodiy nochorligini e’lon
qilgan hollarda, aybdorning qilmishi muayyan holatlar mavjud bo‘lganida firibgarlikni vujudga keltiradi.
Agar mansabdor shaxs soxta hujjatlar taqdim etib, bankrotlik to‘g‘risida e’lon bersa, uning qilmishlari
jinoyatlarning jami bo‘yicha Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan ham
kvalifikatsiya qilinadi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektning jinoiy harakatlari oqibatida kreditorlarga ko‘p miqdorda zarar
yetkazilishi soxta tadbirkorlikning zaruriy belgisi hisoblanadi. Ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan paytdan
e’tiboran jinoyat tamom bo‘lgan, deb hisoblanadi.
Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasddan sodir etiladi. Jinoyatning motiv va maqsadi qilmishning
kvalifikatsiyasiga ta’sir qilmaydi. Jinoyatning subyekti tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi, 16 yoshga to‘lgan
har qanday shaxs hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustda qabul qilingan Qonuni bilan Jinoyat kodeksining
180-moddasi quyidagi mazmundagi 2-qism bilan to‘ldirilgan: «Yetkazilgan moddiy zarar uch karra
miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi».
F. Soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash
(Jinoyat kodeksining 184-moddasi)
1997-yil 24-aprelda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilindi, unda soliq tizimining
huquqiy asoslarini, soliq to‘lovchilarning huquqlari hamda majburiyatlari, soliq ishlarini yuritish tartibini va
soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Jinoyatning obyekti davlatning moliyaviy sohada faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq ijtimoiy
munosabatlardir. Soliq solinishi lozim bo‘lgan obyektlar Soliq kodeksida belgilab qo‘yiladi. O‘zbekiston
hududida quyidagi soliqlar va yig‘imlar mavjud:
1) umumdavlat soliqlari: yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) solig‘i; jismoniy shaxslardan
olinadigan daromad solig‘i; qo‘shilgan qiymat solig‘i; aksiz solig‘i; yer osti boyliklaridan foydalanganlik
uchun soliq; ekologiya solig‘i; suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
2) mahalliy soliqlar va yig‘imlar: mol-mulk solig‘i; yer solig‘i; reklama solig‘i; avtotransport
vositalarini olib sotganlik uchun soliq; savdo-sotiq qilish huquqi uchun yig‘im, shu jumladan, ayrim
turlardagi tovarlarni sotish huquqini beruvchi litsenziya yig‘imlari; yuridik shaxslarni, shuningdek,
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni ro‘yxatga olganlik uchun yig‘im; avtotransport
to‘xtash joyidan foydalanganlik uchun yig‘im va hokazo.
Obyektiv tomondan jinoyat foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni yashirish,
kamaytirib ko‘rsatish, shuningdek, davlat tomonidan belgilangan soliqlarni, yig‘imlarni, boj yoki ancha
miqdordagi boshqa to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashda ifodalanadi.
Soliq kodeksining 16-moddasiga muvofiq, jami daromad bilan mazkur kodeksda belgilangan chegirmalar
o‘rtasidagi farq sifatida hisoblangan daromad (foyda) soliq solish obyektidir. Soliq solinadigan obyektlarni
yashirish deganda, buxgalteriya hisobotlarida daromadlar va xarajatlardan tashqari soliq solish obyektlarini
aks ettirmaslik tushuniladi. Soliq solinadigan obyektlarni kamaytirib ko‘rsatish deganda, soliq solinadigan
asoslarni to‘g‘ri hisoblamaslik, uni qonunga xilof ravishda kamaytirib ko‘rsatish tushuniladi.
Davlat tomonidan belgilangan soliqlar, yig‘imlar, boj va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash
deganda, shu to‘lovlarni to‘lamaslikka qaratilgan har qanday harakatlarni sodir etish tushuniladi.
Ancha miqdordagi soliqlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash tahlil qilinayotgan modda
bo‘yicha jinoiy javobgarlik yuzaga kelishining zaruriy sharti hisoblanadi. Jinoyat ancha miqdordagi soliqlar
yoki boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashga qaratilgan harakatlar sodir etilgan paytdan e’tiboran
tamom bo‘lgan, deb hisoblanadi.
Subyektiv tomondan jinoyat qasddan sodir etiladi. Uning motivi va maqsadi jinoyatni
kvalifikatsiyalashda e’tiborga olinmaydi. Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan har qanday shaxs bo‘lishi
mumkin.
Ushbu qilmishning takroran, ko‘p miqdorda (Jinoyat kodeksining 184-moddasi, 2-qismi), juda ko‘p
miqdorda (Jinoyat kodeksining 184-moddasi, 3-qismi) sodir etilishi javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar
hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim
qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuniga binoan Jinoyat
kodeksining 184-moddasi quyidagi: «Qasddan yashirilgan, kamaytirib ko‘rsatilgan foyda (daromad) bo‘yicha
soliqlar va boshqa to‘lovlar to‘liq to‘langan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo
qo‘llanilmaydi», degan qism bilan to‘ldirilgan.
1. Naf keltirmaydigan bitim tuzish deganda nima tushuniladi? «O‘zbekiston Respublikasi manfaatlari»ga tushuncha bering.
2. Qalbaki pul, aksiz markalar yoki qimmatli qog‘ozlar yasash yoki o‘tkazganlik uchun javobgarlikning kelib chiqish shartlari
qanday? Jinoyat kodeksining 176-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning shakllari qanday?
3. Qalbaki pul yoki qimmatli qog‘oz yasash yoki ularni o‘tkazish va qonunga xilof ravishda valuta qimmatliklarini olish yoki
o‘tkazishning qanday umumiy tomonlari va farqlari mavjud?
4. Valuta qimmatliklarini g‘ayriqonuniy olish va o‘tkazish deganda nima tushuniladi?
5. Valuta qimmatliklarini g‘ayriqonuniy olish yoki sotganlik uchun javobgarlik shartlari qanday?
6. Chet el valutasini qasddan yashirish nimalarda ifodalanadi?
7. Chet el valutalarini yashirish o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilishdan qanday farq qiladi?
8. Soxta tadbirkorlik deganda nima tushuniladi?
9. Soxta tadbirkorlik o‘zgalar mulkini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan egallab olishdan qanday farq qiladi?
10. Soxta bankrotlik deganda nima tushuniladi?
11. Soxta bankrotlik uchun javobgarlik shartlari qanday? Bu jinoyat o‘zlashtirish yoki firibgarlik jinoyatlaridan qanday farq
qiladi?
12. Soxta bankrotlik va bankrotlikni yashirishning qanday umumiyligi mavjud?
13. Bankrotlikni yashirish deganda nima tushuniladi? Bu jinoyatning talon- tarojdan qanday farqi mavjud?
14. Bojxona to‘g‘risidagi qonunlarni buzish qanday harakatlarda ifodalanishi mumkin?
15. Bojxona to‘g‘risidagi qonunlarni buzish jinoyatining javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlari nimalarda namoyon bo‘ladi?
16. Bojxona to‘g‘risidagi qonunlarni buzishning jinoiy javobgarlik shartlari sifatida nimalar asos bo‘ladi?
17. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzish qanday harakatlarda ifo- dalanadi?
18. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzishning ijtimoiy xavfliligi nima larda ifodalanadi?
19. Soliq yoki boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortishning belgilarini aytib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |