1-mavzu: “Oziq-ovqat xavfsizligi” fanining mazmun mohiyati.
Reja:
Fanning mazmun mohiyati, predmeti va obekti.
Fanning metodi va o’rganish uslublari, boshqa fanlar bilan aloqasi.
Oziq-ovqat xavfsizligi tushunchasi: mohiyati, zaruriyati
Oziq-ovqat xavfsizligining tarkibiy qismlari: narxi, hajmi, aholining urbanizatsiyasi.
1.1 Fanning mazmun mohiyati, predmeti va obekti.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo’yicha o’tkazilayotgan xalqaro ekspert tadqiqotlari jahonda va uning ayrim mintaqalarida ushbu muammo bilan bog’liq murakkab vaziyat yuzaga kelgani bugungi kunda mazkur muammoni jahon hamjamiyati uchun o’ta dolzarb va jiddiy tahdidlar qatoriga kiritilmoqda.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti hamda Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, hozirgi vaqtda dunyoda 840 milliondan ortiq kishi, ya’ni deyarli har sakkiz odamning biri to’yib ovqatlanmayapti, sayyoramiz aholisining 30 foizidan ziyodi to’laqonli ravishda ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosini boshidan kechirmoqda. Ana shunday sabablar tufayli 160 milliondan ortiq bola bo’yining o’sishi, jismoniy va intellektual rivojlanishiga doir kamchiliklardan aziyat chekmoqda.
Yer yuzi aholisining tez ko’payib borayotgani bilan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o’sish imkoniyatlari cheklangani o’rtasidagi tafovut oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi yildan-yilga keskinlashib borayotganining asosiy sababi bo’lib va bu tafovut, avvalo, oziq-ovqat mahsulotlarini jadal ishlab chiqarish uchun tegishli sharoitlar mavjud bo’lmagan mamlakat va hududlarda chuqurlashib bormoqda. Eng avvalo, atrof-muhitning ekologik jihatdan buzilishi hamon davom etayotgani, iqlim o’zgarishlarining oldindan aytib bo’lmaydigan oqibatlari, tez-tez takrorlanayotgan qurg’oqchilik va suv resurslari taqchilligi, jumladan, sug’orish uchun yerosti suvlarining tugab borayotgani, irrigasiya, meliorastiya va yerlarning unumdorligini qayta tiklashga yo’naltiriladigan investisiyalarning yetarli emasligi mazkur muammoni yanada keskinlashtirmoqda.
Yerlarning ekologik jihatdan buzilishi kimyoviy moddalar, mineral o’g’it va pestisidlarni tinimsiz ishlatish oqibatida yanada kuchaymoqda. Bularning qatoriga urbanizasiya, ya’ni shaharlashuv jarayonlari, aholining qishloqlardan shaharlarga ko’chishi bilan bog’liq muammolar ham qo’shilmoqda. Natijada oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun ekin maydonlari sezilarli darajada qisqarib ketmoqda. Bulardan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini “daladan dasturxonga” sxemasi bo’yicha iste’molchiga yetkazib berishda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, har yili dunyo bo’yicha qariyb 1,3 milliard tonna miqdoridagi salkam 1 trillion dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari nes-nobud bo’ladi.
Demokratik tamoyillarga asoslangan jamiyat va huquqiy davlat vazifalarining markazida inson salomatligi, uning uzoq va barakali umr ko’rishini ta’minlash masalalari turadi va uning bu vazifalarning nechog’lik bajarilishi davlatning iqtisodiyotni tartibga solishi va siyosatida o’z ifodasini topadi.
“Oziq-ovqat xavfsizligi” fani mamlakat agrar sektori, qishloq xo’jaligi tarmoqlarida hamda sanoatning oziq-ovqatni qayta ishlash tarmoqlari va bozorlar zanjirida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar va iqtisodiy qonunlarning harakat qilish mexanizmi, ularning namoyon bo’lish shakillarini va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda tarmoqlardan foydalanish kombinatsiyalarini shuningdek mamlakatda birlamchi oziq-ovqat ta’minotchisi sifatida qishloq xo’jaligini rivojlantirishda agrar siyosatning ta’sirini baholashni, sanoat tarmoqlarida qayta ishlash tarmoqlariga jalb etilayotgan investitsiyalarning o’sishi va samaradorligi, aholi demografiyasining xarakteri va shunga mos oziq-ovqat zaxira fondlarining holati bo’yicha muqobil qarorlarni qabul qilishda qo’llaniladigan usul va vositalarni o’rganadi.
Fanning o’rganishdan maqsad – talabalarda oziq-ovqat xavfsizligi haqida tasavvur uyg’otish, mamalakat aholi demografiyasiga va talabiga mos oziq-ovqat turi va miqdorini aniqlash va maksimal talabni qondirish yo’llarini izalsh, oziq-ovqat sanoatini mintaqaviy, logistik tarmoqlar bilan a’loqasini mustahkamlash hamda tarmoqga investitsiyalar oqimini kuchaytirish, iste’molchi huquqlarini himoyalash va iste’mol mahsulotlari xavfsizlik parametrlarini amaliy o’rganish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning mohiyati va ahamiyati, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan agrar siyosat va islohotlarning asosiy yo’nalishlari hamda bosqichlari, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda davlatning roli va iqtisodiy strategiyasi hamda zamonaviy nazariyalar asosida oziq-ovqat xavfsizligi holatini iqtisodiyotini tartibga solish darajasi va usullariga baho berish bo’yicha bilim va ko’nikmalarni shakllantirishdan iborat.
“Oziq-ovqat xavfsizligi” fanning predmeti – mamlakat aholisini oziq-ovqatga bo’lgan talabi, istagi, didi, aholining etnik tarkibi hamda demografik tuzulishi hissoblanadi.
“Oziq-ovqat xavfsizligi” fanning obekti – mamlakatda oziq-ovqat yetishtiruvchi qishloq xo’jalig, agrosanoat majmuasi, oziq-ovqat maxsulotlarini sanoatda qayta ishlovchi tarmoqlar hamda oziq-ovqat xavfsizligi bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlar, mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligiga mas’ul davlat organlari hissoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |