Oziq-ovqat xavfsizligi tushunchasi: mohiyati, zaruriyati
Oziq-ovqat xavfsizligi atamasi xalqaro muomalaga 1972-1973 yillarda yuz bergan don inqirozidan keyin kirib keldi. Bu davrda rivojlangan mamlakatlarda ortiqcha oziq-ovqat ishlab chiqarish yuzaga kelgan. Bu muammo jahon hamjamiyatida muhokama qilina boshlangan. Bu muhokamalar zamirada 1974- yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan uchinchi dunyo mamlakatlarida aholi o‘rtasida ocharchilik vujudga kelishini oldini olish yuzasidan BMT Bosh Assambleyasida Birlashgan Millatlarning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan “Jahonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Xalqaro majburiyatlar” ma’qullandi1. Ammo bu hujjatda oziq-ovqat xavfsizligi atamasiga ta’rif berilmagan.
Oziq-ovqat xavfsizligiga oid ilmiy adabiyotlarni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, bu tushuncha birinchi marta o‘tgan asrning 70-yillarida iste’molga kirib kelgan.
1996-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi Rim xalqaro uchrashuvida “Butun dunyo oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Rim deklaratsiyasi” qabul qilingan. Ushbu deklaratsiya har kimning yashash va munosib ovqatlanish huquqiga muvofiq salomatligi uchun xavfsiz va to‘laqonli oziq-ovqat mahsulotlariga erishish huquqiga ega ekanligi tasdiqlangan2. Shu yilda bo’lib o‘tgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha butunjahon sammitida Jahon banki taklif etgan ta’rifga ko‘ra “barcha insonlarning faol va sog‘lom turmush tarzi kechirishi uchun, o‘zlarining ehtiyojlariga mos, yetarli hajmdagi, xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqatlarni har doim olishga jismoniy va iqtisodiy jihatdan qurblari yetishi – oziq-ovqat xavfsizligini anglatadi.3 FAO ta’rifiga tayanib ta’kidlanishicha, “oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, bu barcha insonlarning xohlagan vaqtda jismoniy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yetarli miqdorda xavfsiz ozuqaviy mahsulotlar bilan ta’minlanishini anglatadi. Ushbu mahsulotlar shaxsni fiziologik me’yorlar bo‘yicha qoniqtirishi, uning xohish-istagiga mos kelishi va faol sog‘lom turmush tarzini shakllantirishi shart.
2001-yilda oziq-ovqat xavfsizligi g‘oyasiga moddiy va iqtisodiy imkoniyatdan tashqari ijtimoiy imkoniyat tushunchasi ham qo‘shildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti” (FAO) belgilagan tushuncha mazkur qo‘shimcha jihatni quyidagicha aks ettiradi: “barcha odamlarda o‘z oziqlanish ehtiyojlari va shaxsiy hohishlariga binoan hamda faol va sog‘lom hayotni ta’minlash uchun yetarli miqdorda xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlariga ega bo‘lishi uchun jismonan, iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlari mavjudligi oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlandi deganidir”.
Iqtisodiy adabiyotlarda “oziq-ovqat xavfsizligi” tushunchasining mazmunini ta’riflashga turli yondashuvlar mavjud. Eng ko‘p tarqalgan ta’rifga ko‘ra oziq-ovqat xavfsizligi shunday holatki, bunda barcha kishilar vaqtning har qanday lahzasida faol va sog‘lom turmush kechirish uchun zarur bo‘lgan havfsiz ovqatga yetarli miqdorda jismoniy va iqtisodiy jihatdan erishishdir4. Ushbu ta’rifga ko‘ra oziq-ovqat xavfsizligiga xavfsiz va yetarli miqdordagi oziq-ovqatga jismoniy va iqtisodiy jihatdan erishish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Iqtisodchi olim T.Usakovaning fikricha, oziq-ovqat xavfsizligi-cheklanmagan vaqt davomida davlat va jamiyatning aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan har bir shaxsning odatdagi sharoitlarda har tomonlama sog‘lom jismoniy va ijtimoiy rivojlanishi va favqulotda vaziyatlarda sog‘lig‘ini va mehnat qobiliyatini minimal darajada qo‘llash uchun yetarli miqdor va sifatlarda ta’minlashdir5. Ushbu ta’rifda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning odatdagi va favqulotda vaziyatlarda turlicha ma’no kasb etishi o‘z ifodasini topgan.
Akademik V.K.Senchagov rahbarligidagi mualliflar jamoasining bergan ta’rifiga ko‘ra, oziq-ovqat xavfsizligi milliy xavfsizlikning muhim elementi sifatida murakkab biologik tizim bo‘lgan insonning normal hayot kechirishi uchun ustuvor ravishda ichki ishlab chiqarish hisobiga Tibbiyot Fanlari Akademiyasining Ovqatlanish instituti tavsiya qilgan me’yorlarni hisobga olgan holda oziq-ovqatlar iste’molini ta’minlash va aholini sifatsiz mahsulotlardan, ichki bozorni esa qishloq xo‘jalik mahsulotlarining ortiqcha demping importidan himoyalash, ularning sug‘urta zaxiralarini va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining tashqi bozorlarga chiqishlari uchun sharoitlarni vujudga keltirishni taqoza etadi6.
V.G.Bulavko, P.G.Nikitenko va boshqalarning bergan ta’rifga ko‘ra oziq-ovqat xavfsizligini talab qilinadigan sifat va assortimentda mahsulotlarni zarur va yetarli miqdorda ishlab chiqarishni va iste’mol bozorining milliy mahsulotlarga bo‘lgan talab va taklif muvozanatini ta’minlashga davlatning imkoniyatlari va qishloq xo‘jaligi korxonalari, yetkazib beruvchilar, qayta ishlash va sotish sohalarining qodirligi deb tushunish lozim.
O‘zbekistonlik olim H.P.Abulqosimov fikriga ko‘ra “Oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat aholisini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi, mustaqil ta’minlashga qodirligini ifodalaydi.” . Shuningdek, oziq-ovqat importiga o‘ta bog‘liqlikdan xalos bo‘lganligini anglatadi. Ta’kidlash joizki, oziq-ovqat xavfsizligi faqat ichki o‘zini o‘zi to‘liq oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bilan cheklanmaydi. Buning uchun oziq-ovqat importi ham e’tiborga olinadi. Davlatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi siyosatida, asosan, o‘zining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va ichki sotish bozorlarini rivojlantirishga, qisman, chet ellardan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish asosida aholini oziq-ovqatga bo‘lgan maqbul darajadagi ehtiyojini qondirish ko‘zda tutiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, oziq-ovqat xavfsizligi bu - har bir inson har doim, to'yimli, xavfsiz va yetarlicha oziq-ovqatdan ijtimoiy, jismoniy va iqtisodiy tomonlama foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishi lozim bo’lishidir. Sog'lom hayot kechirish uchun esa mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi zarur. Ma'lumki, to'yimli oziq-ovqat inson hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Oziq-ovqat muammolarini hal qilishni ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik jihatdan qarash mumkin. Bunda Ijtimoiy- iqtisodiy jihat oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish yoki yetishmayotgan qismini import qilish bilan bog‘liq bo'lgan hamda aholining barcha qatlamlarini u bilan ta'minlash bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi. Ekologik jihat atrof-muhitni saqlash va aholi sog‘ligi uchun xavfsiz bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ta'minlaydigan tadbirlarni o'z ichiga oladi.
Umumjahon oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Rim deklaratsiyasida qayd etilgan oziq-ovqat xavfsizligi tushunchasining muhim e’lementlari sifatida, oziq-ovqatga jismoniy (miqdoriy) va iqtisodiy jihatdan erishish, oziq-ovqat mustaqilligi, ishonchlilik va barqarorlik kabilarni asos qilib oldik va unga ijtimoiy jihatni qo‘shdik (1.2- rasm).