1.2-rasm. Oziq-ovqat xavfsizligi tushunchasining elementlari7 Bu yerda oziq-ovqatga jismoniy erishish deganda kishilarning xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlariga yetarli miqdorda ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi tushiniladi. Bunga erishish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari mamlakat hududida qabul qilingan iste’mol me’yorlariga muvofiq yetarli miqdorda va assortimentda mavjud bo‘ladi hamda ularni aholiga yetkazib berish uzluksiz bo‘lishi kerak. Bunday imkoniyatni vujudga keltirish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini ichki va tashqi yetkazib berish manbalari hamda ularning zaxiralari ustidan davlat nazorati tashkil etiladi.
Oziq-ovqat mahsulotlariga iqtisodiy jihatdan aholining barcha ijtimoiy qatlamlari yetarli hajmda va sifatda ta’minlanishi mamlakatning har bir fuqarosi o‘zining yoshi, mulkiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar oziq-ovqat mahsulotlarining minimal turkumiga ega bo‘lishi uchun zarur miqdordagi daromadga ega bo‘lishi lozimligini ifodalaydi. Bunday imkoniyat, sharoit aholining yetarli daromad darajasini ta’minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlarining maqbul narx darajasini nazorat qilish yo‘li bilan vujudga keltiriladi. Shuningdek, aholi o‘zining tomorqa va dala hovli uchastkalarida oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga harakat qilishi lozim bo‘ladi.
Oziq-ovqat mahsulotlariga ijtimoiy jihatdan erishish deganda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, moddiy yordam berish asosida yetarli miqdorda va sifatda xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash tushuniladi.
Oziq-ovqatlar bilan ta’minlashning ishonchliligi milliy oziq-ovqat ta’minoti tizimining mavsumlar, iqlim va boshqa o‘zgarishlar ta’sirini minimallashtirish qobiliyatidir. Oziq-ovqatlar bilan ta’minlashning barqarorligi esa milliy oziq-ovqat ta’minoti tizimining kengaytirilgan takror ishlab chiqarish ko‘lamida rivojlanishi hisoblanadi. Oziq-ovqat xavfsizligi tushunchasi mamlakatning asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha mustaqillikka va o‘zini–o‘zi ta’minlashga erishishini ham taqozo etadi. Shularni o’rgangan holda biz oziq-ovqat xavfsizligi tushunchasi safiga sifatli zaxira tizimini qo’llash jarayonini ham element sifatida qo’shdik. Bunda mavsumiy saqlanadigan oziq-ovqatlarning sifatini uzoq muddat ushlab turishda mahalliy va innovatsion usullardan foydalanishni ko’zda tutadi.
Har bir inson uchun oziq-ovqat xavfsizligi innovatsiyalar orqali chiqindilarni kamaytirishni, ovqatlar va ovqatlanish sifatini oshirishni, insonning haddan ortiqcha ovqatlanishdan saqlanishini, ovqatlardagi makro va mikro elementlarning yetarli bo’lishini, energiya va kaloriyaning balansligini o’z ichiga oladi(1.3-rasm).
Oziq-ovqat turlari va ovqatlanish xususiyatlariga aholining dini, urf-odatlari, shuningdek, reklama va psixologik holati ta’sir ko’rsatadi.