Nazariy qism.
Tarixga nazar tashlar ekanmiz, shuni anglashimiz lozim, o‘zbeklar qadimdan o‘z davlatlariga ega bo‘lgan xalqdir. Uning davlatchilik tarixi ilk bor xunlar, somoniylar, gaznaviylar, saljuqiylar, chig‘atoy ulusi, temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar, mang‘itlar, Qo‘qon va Xiva xonliklari. Buxoro amirligi orqali Turkiston muhtoriyati, Buxoro va Xorazm xalq respublikalari, nihoyat O‘zbekiston Sovet sotsialistik respublikasi orqali O‘zbekiston Respublikasi shakliga etib keldi.
XV asr oxirlariga kelib, Movarounnaxrda temuriylarning bir-biridan o‘zaro mustaqil bo‘lgan hokimiyati vujudga keldi: Samarqandda sulton Ahmad Mirzo hukmronligi; Toshkentda Sulton Maxmud Mirzo hukmronligi; Andijonda Umarshayx Mirzo xukmronligi. Bu uchchala davlatning o‘zaro urushlari Movarounnaxr ahlining temuriylaridan noroziligini yanada avj oldirdi. Bu temuriylarning davlat boshqaruvida mustahkam tayanchga ega emasligidan dalolat berardi. Bu vaqtda temuriylar huzurida ta’lim olgan Abdulxayrxonning nevarasi Muhammad SHohbat SHayboniy Dashti Qipchoqda ko‘chmanchi o‘zbek urug‘larini birlashtirib, o‘z hokimiyatini mustahkamlamoqda edi.
Muhammad SHayboniyxon 1499 yildan Movarounnahrni egallashga jiddiy kirishdi. U erdagi asosiy dushmani Boburdan 1501 yilda Samarqandni tortib olgan SHayboniyxon 1503 yilda Toshkentni, 1504 yilda Xisorni, 1505 yilda Urganchni, 1507 yilda Hirotni, 1509 yilda Marvni o‘ziga bo‘ysindiradi. Natijada Dashti Qipchoq, Xorazm, Movaraunnahr, Xurosonni birlashtirgan SHayboniyxon Mashhad va Tus shaharlarini egallab Eronda SHoh Ismoil asos solgan Saffaviylar davlatiga xavf soladi. 1510 yilda Marv yaqinidagi jangda SHoh Ismoil qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchragan Muhammad SHayboniyxon og‘ir yarador bo‘lib, vafot etadi.
Muhammad SHayboniyxon vafotidan keyin Ko‘chkunchixon (1512-1529) va Abu Sa’id (1523-1533) davrida Movarounnahr va Xurosonda markaziy hokimiyat zaiflashib, amirlar va sultonlar o‘rtasida nizo kuchaydi. Bu paytda Xorazm mustaqil davlat bo‘lib ajralib chiqdi va Turkiston erlari parchalandi. O‘zaro urushlarga birmuncha barham bergan, SHayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonning o‘g‘li Ubaydulla Sulton 1512 yilda Buxoro hukmdori bo‘lgan bo‘lsa, 1533 yildan butun markazlashgan o‘zbek davlatining oliy hukmdori etib saylandi. Ubaydullaxon poytaxtni Samarqanddan Buxoroga ko‘chirdi.
XVI asrning 40-yillariga kelib feodallar va mahalliy sulolalar o‘rtasida shaharlar va hududlar uchun kurash avj olib ketdi. Samarqand hukmdori Abdulatifxon (1541-1552 yy.) bilan Buxoro xoni Abdulazizxon (1540-1550 yy.) o‘rtasidagi kurashni Toshkent va Sirdaryo bo‘yidagi shaharlarning hukmdori Baroqxon (1540-1556) yanada kuchaytirdi. U 1551 yilda Samarqandni bosib oldi. Karmana va Miyonqol hukmdori Abdulla Sulton Baroqxonga qarshi kurash olib bordi. Bu kurashlarda Iskandar Sultonning o‘g‘li Abdullaxon (1534-1598) o‘zining qat’iyatliligi, yaxshi siyosatchi va sarkardalik qobiliyati bilan ajralib turdi. U 1561 yilda otasi Iskandarxonni oliy hukmdor deb e’lon qildi.
Abdullaxon II markazlashgan SHayboniylar davlatini tiklash maqsadida amirlar va sultonlar bilan ayovsiz kurash olib bordi. Tinimsiz urushlar natijasida Farg‘ona (1573), SHahrisabz, Qarshi, Hisor viloyatlari (1574), Samarqand (1578), Toshkent, SHohruhiya, Sayram, Ohangaron (1582), Balx (1583), Badaxshon (1584), Hirot (1588), Xorazm (1595), Abdullaxon qo‘l ostiga birlashtirildi. 1598 yilda Abdullaxon II vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Abdulmo‘min uzoq muddat taxtni boshqara olmadi. So‘nggi SHayboniy hukmdori Pirmuhammad II (1599-1601) ham bebosh amirlarni tiyib qo‘ya olmadi.
Muhammad SHayboniyxonning markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun amalga oshirgan ba’zi chora tadbirlari, beklarning kuchayishi va o‘zaro kurashlariga ham sabab bo‘ldi. Masalan, davlat boshqaruvi sohasida suyurg‘ol tizimining joriy etilib, bosib olgan hududlarda boshqaruv ishining farzandlari, qarindosh-urug‘lari, qabila boshliqlariga topshirilishi uning vafotidan keyin markaziy hokimiyatdan mustaqil bo‘lishga intilishlarni kuchaytirdi.
SHayboniylar davrida 40 dan ortiq soliq va jarimalar bo‘lib, xiroj va zakotdan tashqari, tagjoy jizya, ixrojat, tog‘ar, ulufa, qo‘nalg‘a, begar, madadi lashkar, boj, tuhfa kabi nomlar bilan atalgan soliq turlari va yasoq deb ataluvchi majburiyatlar bo‘lgan. Soliq to‘lovchi aholi fuqaro (rayiyat) deb atalgan.
SHayxlar kabi yirik ulamolar-din peshvolari barcha soliqlardan ozod qilingan. Oliy tabaqaga xon va uning yaqinlari kirgan. Harbiy-ma’muriy boshqaruv tizimidagi amaldorlar umaro, olim va shoirlar fuzalo deb atalganlar, bundan tashqari yana shayboniylar davrida qullar ham bo‘lgan.
SHayboniylar davlati ma’muriy jihatdan viloyatlarga bo‘lingan bo‘lib boshqaruv tizimi markaziy va mahalliy amaldorlar qo‘lida bo‘lgan. Mahalliy boshqaruv hokim va beklar qo‘lida bo‘lib, bu jarayonda qozi, muftiy, rayislar muhim rol o‘ynaganlar.
Markaziy boshqaruvda xondan keyin ko‘kaldosh, otaliq, naqib, parvonachi, vaziri a’zam kabi masabdorlar dunyoviy ishlarni boshqargan bo‘lsalar shayx ul-islom, qozi kalon, a’lam, imom, sadr, muftiy, rayis (muhtasib)lar diniy ishlarni nazorat qilganlar, hamda no‘yon, tug‘begi, tovochi, jevachi, qutvol, dorug‘a, to‘pchiboshi kabi harbiy unvonlar bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |