Tuqsonov Abdulhodiy - Naf’ing agar xalqqa beshak erur,
- Balki bu naf o‘zingga ko‘prik erur.
- Alisher NAVOIY
- Buyuk bobokalonlarimiz aql mash’ali ila turli fanlarga asos solingan. Aytaylik, «Algebra» so‘zi qayerdan olinganini bugungi avlod yaxshi biladi. Abu Abdullo Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning «Al-jabr val-muqobala» asaridagi «Al-br» – «Algebra» atamasiga asos bo‘lgan bo‘lsa, dunyo miqyosida deyarli bir xil talaffuz etiladigan «Meditsina» – asli ibn Sino (Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali)ga nisbatan o‘sha davrdayoq aytilgan «Madadisino» (ya’ni, «Sinoning madadi») atamasining hosilasidir. Bugun lisonimizda keng qo‘llanayotgan «Tibbiyot» fani nomi (atamasi) ham ulug‘ hakimning «Tib qonunlari» asaridan olinganini shu soha mutaxassislari e’tirof etishadi.
- Inson aqli-tafakkuri ila kashf etilgan jamiki fanlar mohiyatan bir-biri bilan uzviy aloqada ravnaq topadi. Falsafa, adabiyot, biologiya, kimyo, tarix, geografiya, matematika, fizika, geodeziya, astronomiya, sotsiologiya, informatika, kibernetika, elektronika, genetika kabi fanlar mantiqan bir-biri bilan chambarchas. Nafaqat fan sifatida, ishlab chiqarish sohalarida ham ularni bir-birisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Aytaylik, adabiyot – barcha soha uchun birdek qadrli. U butun insoniyatning ma’naviy boyligi, ko‘ngil mulki! Kimyo mo‘‘jizalari kimni hayratga solmaydi, deysiz. Tabiat qonunlarini o‘rgatuvchi fizikaning daxli bo‘lmagan soha bo‘lmasa kerak. Hisob-kitoblar yechimini matematika fanisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Butun borliq, kurrai zamindagi mamlakatlar, ularning chegaralari, poytaxtlari, xalqlari, iqlimi, turfa boyliklari haqida biz avvalo geografiya fani orqali tasavvurga egamiz.
- Hayot voqeligiga aylangan ana shu fanlar mudom uzviydir. Bu uzviylikni yanada mukammallashtirib, takomillashtirib borayotgan yangi fanni esa so‘nggi o‘n yilliklar mo‘‘jizasi deb atash mumin. Negaki, u butun mohiyat-e’tiboriga ko‘ra – fanlararo fan hisoblanadi. Bu fan – «Pablik rileyshnz» deb ataladi. Ingliz tilidan olingan «Public Relations» atamasi – «Jamoatchilik bilan aloqalar», «Jamoatchilik bilan munosabatlar» degan ma’nolarni anglatadi.
- «Public Relations» (bundan buyon – PR, piar) iborasi ilk bor AQShning uchinchi prezidenti Tomas Jefferson tomonidan ishlatilgan. U 1807 yili «Kongressga yettinchi murojaati»da ushbu atamani birinchi marta qo‘llagan1.. Bundan maqsad, o‘sha davrda hukumatning jamoatchilik bilan aloqalarini davlat darajasiga ko‘tarish, ilmiy-tashkiliy jihatdan yo‘lga qo‘yish edi.
- Keyinchalik PR fani asoschilaridan biri Edvard Bernayz bu iboraning mohiyatini «jamiyat manfaatlari yo‘lidagi harakatdir»2 deb ta’riflagan. Demak, «AQShda piarning paydo bo‘lishi bevosita siyosiy jarayonlar mahsuli»3 bo‘lgan. Oradan bir asr vaqt o‘tib, alohida fan sifatida voqelikka aylangan PR tarixi o‘sha davrdagi hodisalardan kelib chiqadi.
- AQSHning o‘sha davrdagi prezidentlari hukumat bilan xalq o‘rtasida mustahkam va ishonchli aloqalar o‘rnatishni yangi davlat ravnaq topishi asosiy omili sifatida qabul qildilar. Ularning bu mezonga asoslangan fikrlari nihoyatda to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Tomas Jeffersonning quyidagi so‘zlari demokratiya yo‘lini tanlagan qator gazetalar uchun shiordek bo‘lib qoldi: «Agar menga hukumat bo‘lsinu gazetalar bo‘lmasin yoki gazetalar bo‘lsinu hukumat bo‘lmasin – birini tanlang, deyishsa, men hech ikkilanmasdan hukumat bo‘lmasa ham gazetalar bo‘lishi kerak, degan bo‘lardim»4.
- Bu fikrni biryoqlama talqin qilmaslik kerak. Tomas Jefferson gazeta va boshqa nashrlar mavqeini, ta’bir joiz bo‘lsa, mas’uliyatini oshirishni ham ko‘zda tutgan bo‘lishi mumkin. Binobarin, hukumatning yo biror tashkilotning jamoatchilik bilan aloqalarini matbuotsiz, ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etib bo‘lmasligini demokrat rahbar ushbu tushunchasi vositasida ham ifodalagani ko‘rinib turibdi.
- Jamoatchilik fikri bilan hisoblashish masalasi uzoq yillar turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani tarixiy manbalarda ko‘p uchraydi. Bu g‘oyani miloddan oldin yashagan Suqrot ilgari surib, o‘z shogirdlarini haqiqatni bilishga undagan.
- U haqiqatni «bahs orqali, suhbat yo‘li bilan bilish, anglash mumkin, degan, suhbatda asosiy e’tiborni inson ongi va tafakkurini tahlil qilishga qaratish zarurligini aytgan. O‘z davrida bu usul «Suqrot usuli» deb atalgan»5.
- Sharq allomalari ijodida ham jamoatchilik bilan aloqalar g‘oyasi ilgari surilganini anglash mumkin. 1072 yili Malikshoh saroyida vazirlik qilgan Nizomulmulkning fikrlari ham e’tiborga molikdir. Olim va shoir Umar Xayyom bilan maslakdosh bo‘lgan Nizomulmulk «Siyosatnoma» asarida shunday yozgan: «zarurat bo‘lmasa, oliy majlisdan hech nima yozilmaydi. Farmonning hurmati va kuch-quvvati shunday bo‘lishi kerakki, ijro etilmaguncha uni hech kim qo‘lidan qo‘ymasin»6. Demak, bu qadim siyosat zamirida ham jamoatchilik bilan aloqalar o‘ziga xos jihatlari aks etgan. Podsho amriga munosabatlar o‘rganilgan hamda uning ijrosi nazorat qilingan. Bu qimmatli fikrlar bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
- jtimoiy munosabatlar qadimda qay darajada voqelikka aylanganini professor Najmiddin Komilovning quyidagi fikrlaridan ham anglash mumkin: «O‘zbekistonda Yevropa demokratik davlatlariga xos xususiyatlar bilan birga, Sharq davlatchiligining bizning xalqimiz ruhiyatiga xos va mos tajribalarini saqlab qolish maqsadga muvofiq»7.
- Bulardan tashqari Sharqda azal-azaldan fikrlar xilma-xilligiga e’tibor bilan qaralgani qator maqollarda o‘z aksini topgan. Ko‘pdan ko‘p fikr chiqadi, maslahatli to‘y tarqamas, yetti o‘lchab bir kes, otalar so‘zi – aqlning ko‘zi, singari maqollar zamirida axborot almashmoq, fikrlashmoq, maslahatlashmoq kabi ma’nolar mujassam.
- Demak, jamoatchilik bilan aloqalar biz uchun aslida qadimiy tushuncha. O‘tgan asrda rivojlangan mamlakatlarda voqelikka aylangan PRni tushunish, uning mohiyatini anglash qiyin emas.
- Mutaxassislarning e’tirof etishlaricha, zamonaviy PR amaliy jihatdan jurnalistika zaminida paydo bo‘lgan. Uning aynan amaliyotdagi asoschilaridan biri amerikalik jurnalist Ayvi Ledbetter Li bo‘lgani haqida qator «Pablik rileyshnz» kitoblarida qayd etilgan. 1898 yilda Nyu-Yorkdagi Priston universitetini tamomlagan Ayvi Li dastlab «World» gazetasida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Biroq, yosh jurnalistni reportyorliklikning tor ko‘chalari qoniqtirmaydi. U ko‘proq ijtimoiy-siyosiy hayotda faol bo‘lishga intilardi. Bu intilishini 1903 yili Nyu-York meri saylovida namoyon etdi. Keyingi yili AQSh prezidentligiga saylov davrida demokratlar partiyasi milliy qo‘mitasiga matbuot-byurosi xodimi bo‘lib o‘tgach, hamkasbi Jorj Parker bilan birga «Parker va Li» firmasini tashkil etishdi.
- 1906 yilda Ayvi Li «Tamoyillar deklaratsiyasi»ni nashrdan chiqardi. Bu bilan u dastlab «matbuot xizmati xodimining faoliyatini jamoatchilikka yaqinlashtirgan»8 bo‘lsa, ayni vaqtda yangi kasbni jamiyat uchun juda zarur bo‘lgan soha bilan to‘ldirdi, uning muhimligini ko‘rsatib berdi. «Ayvi Lining asosiy xizmati shuki, u yangi kasbga ochiq xarakter berdi. «Tamoyillar deklaratsiyasi» butun millat uchun yuqori davlat organlari va hokimiyatni ham hisobga olib mashhur amerikacha ochiq jamiyat shakllanishi yo‘lida asosiy dasturiy hujjatlardan biri bo‘lib qoldi»9.
- Deklaratsiyada shunday deyilgan: «Bu sirli matbuot-byurosi emas. Butun ishimizni ochiq-oydin bajaramiz. Bizning vazifamiz yangiliklar yetkazib berish. Bu targ‘ibot agentligi emas. Biron-bir materialingiz tashviqot bo‘limiga to‘g‘ri keladi, deb hisoblasangiz, unda murojaat qilmang. Bizning ishimiz – aniqlik. Biz yuqorida eslab o‘tilgan faktlarni shaxsan tekshirish uchun har bir muharrirga jonu dilimiz bilan yordam beramiz. Qisqasi, maqsadimiz shundan iboratki, biz ishchan doiralar va tashkilotlar nomidan AQSh jamoatchiligini qiziqtirgan ma’lumotlarni matbuotga ochiq-oydin berib borishdir»10. Shu tariqa AQShda tashkilotlar bilan jamoatchilik o‘rtasida aloqalar o‘rnatish harakati boshlandi. Bu harakat asta-sekin ijtimoiy voqelikka aylanib ketdi.
- PR tarixining shakllanish va taraqqiy etish evolyutsiyasi uch davrga bo‘linadi, ya’ni ular: tayyorlov, oraliq va asosiy davrlardir.
- irinchi davr, Tomas Jeffersonning ilk bor «Pablik rileyshnz» atamasini qo‘llagan paytlardan boshlanib, to XX asr boshlarigacha davom etgan.
- Ikkinchi davrni, Ayvi Li «Tamoyillar deklaratsiyasi»ni e’lon qilgan va piar xizmatlari bo‘yicha firma tashkil etgan voqealar bilan bog‘liq, deyish mumkin. Bu davr 1807 yildan to XX asr boshigacha davom etgan.
- Uchinchi davr 1904-1906 yillardan hozirgi paytgacha davom etmoqda. Bu davrni «piar-kasb sifatida shakllanishi, sohalar kengayishi va o‘zaro bog‘lanishida fanlararo fan rolini ado etgan va ijtimoiy institut sifatida»11 tan olingan davri deyishimizga asos bor.
- PR tadqiqotchilari uning tarixiga oid ko‘p fikrlarni ilgari surganlar. Shulardan biriga e’tiborni qaratamiz: «Biz ko‘p narsalarni rivojlangan dunyodan kechroq bildik,– deb yozadi Rostov universiteti jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti Grant Kartashyan.– Shunday ta’lim bor ekanki, biz biladigan genetika va kibernetikadan ustunroq. Bu – Pablik rileyshnzdir»12. PR tarixiga oid bu kabi fikrlar zamirida ham uning rang-barang qirralari aks etadi.
- Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ijtimoiy institut sifatida maydonga chiqqan PR xalqaro miqyosda o‘rin tutardi. 1974 yili piar xalqaro ijtimoiy institut sifatida tan olindi, bu paytda YePRA – Yevropa pablik rileyshnz assotsiatsiyasi BMT tarkibidagi iqtisodiy va ijtimoiy kengashning maslahatchi organi sifatida qayd qilingan.
- Mutaxassislar fikricha, 1914 yilda birinchi jahon urushi boshlanishi turli davlatlar hukumatining piarlari keskin o‘sishi uchun zamin yaratgan, chunki ular oldida jangovar harakatlarga nisbatan o‘z mamlakatining tutgan o‘rnini xalqiga va jahon jamoatchiligiga bayon qilish vazifasi turgan. O‘sha davrdagi «AQSh Prezidenti Vudro Vilson jurnalist do‘sti Jorj Krilning maslahati bilan jamoatchilikni xabardor qilish uchun maxsus Qo‘mita tuzgan. Mazkur Qo‘mita mamlakatda va chet elda piarni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan»13.
- 1918 yilda Buyuk Britaniya qirolining o‘z matbuot kotibi paydo bo‘ldi.
- Buyuk Britaniyada 1932 yilda Vazir o‘rinbosari qoshida Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha xizmat rahbarining lavozimi ta’sis etilgan edi. Zero, «Piar xizmatlarining rahbarlari tinglovchilarga ta’sir etish soha va usullarini kengaytirishni afzal ko‘rar edilar»14 hamda ushbu maqsadlar uchun standard bo‘lmagan usullardan ham foydalanganlar. Xalqaro miqyosda yuksak maqega ega bo‘lgan ingliz tilidagi bu atama o‘shandan buyon dunyoviy fan nomi sifatida boshqa tillarda, xususan, o‘zbek tilida ham keng qo‘llanilmoqda.
- Zamonaviy piar vatani – AQShdir. Piar faoliyatini u yerdan G‘arbiy Yevropa o‘zlashtirib olgan. Har bir mamlakatda piar o‘zining milliy ruhi va xususiyatlari bilan boyitilgan. Bu tabiiy jarayondir. Ijtimoiy hayotdagi har qanday yangilik turli davlatda o‘ziga xos tarzda aks etadi.
- XX-asrning so‘nggi choragida piar rivojlangan mamlakatlarda ravnaq topgan faoliyat turi bo‘lib qoldi. Bu davrda «piarning yangi turlari, shakl va usullari uzviy ravishda paydo bo‘la boshladi, piarmenlarning kundalik faoliyatiga jalb etilmagan iqtisodiyot, siyosat va madaniyat sohalari kamayib borar edi»15. Bugungi kunga kelib PR jahon uzra keng quloch yoymoqda. Uning ibratomuz qirralari, bu sohadagi ilg‘or tajribalar hozirjavoblik bilan o‘rganilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |