66 s. FELLARNING YASALISHI
Fe`llar asosan ikki usul bilan yasaladi. 1 . Morfologik usul. 2. Sintaktik usul. Morfologik usul bilan fe`l yasalishida so`zlarga maxsus fe`l yasovchi qo`shimchalar qo`shish orqali yangi fe`l yasaladi. Fe`llar asosan ot, sifat, son, olmosh, qisman, ravish, undov va taqlidiy so`zlardan yasaladi. Fe`llar quyidagi qo`shimchalar bilan yasaladi.
1. -la qo`shimchasi. Bu qo`shimcha ko`plab fe`l yasashda ishtirok etishi bilan xarakterlanadi. Chunki, deyarli barcha so`z turkumlaridan -la qo`shmchasi yordamida fe`l yasaladi. Jumladan -la qo`shimchasi bilan otlardan yasalgan fe`llar quyidagi ma`nolarni ifodalaydi. a) negizdan anglashilgan predmet bilan shug`ullanish, unga egalik qilish uni yuzaga keltirish ma`nolaridagi fe`llar yasaydi: ho`lla, tezla, sekinla, yangila, qorala kabi.
b) negizdan anglashilgan predmetga o`xshashlik ma`nosidagi fe`l yasaladi: muzla, elimla, bo`g`izla;
v) negizdan anglashilgan predmetlarning o`rin yoki paytga munosabatini anglatuvchi fe`llar yasaydi: qishla, yozla kabi. -la qo`shimchasi undov va taqlidiy so`zlarga qo`shilganda ruhiy holat va o`zakdan anglashilgan tovushga o`xshashlikni ifodalovchi fe`llar yasaydi: ohla, ufla, uhla, shivirla, shitirla, qitirla kabi.
2) -la qo`shimchasi, ot, sifat va taqlidiy so`zlarga qo`shilib, o`zakdan anglahilgan predmetni hosil qilish, predmetga o`xshatish, harakatga o`tish ma`nosidagi fe`llar yasaydi: osha, sana, o`yna, bo`sha, guldira kabi.
3) -y (-ay) ot, sifat, ravish negizlardan fe`l yasaydi: kuchay, qoray, ulg`ay, zo`ray.
4) -r (- ar) qo`shimchasi sifatga qo`shilib, belgiga egalik ma`nosidagi fe`llar yasaydi: ko`kar, qizar, yoshar.
5) -ik (-iq) qo`shimchasi ot, ravish, son va boshqa so`zlarga qo`shilib o`zakdan anglashilgan predmet belgiga munosabat ma`nosini ifodalovchi fe`l yasaydi: to`liq, kechik, birlik, chiniq kabi.
6) -sira qo`shimchasi ot va olmosh negizlariga qo`shilib , predmetga munosabat ma`nolarini anglatuvchi fe`llar yasaydi: suvsira, sensira, uyqisira, yotsira, gumonsira kabi.
7) -i qo`shimchasi ot va sifat negizlariga qo`shilib, negiz anglatgan predmet yoki holatga egalik qilish ma`nosidagi fe`llar yasaydi: boyi, tinchi.
8) -qir, -illa qo`shimchasi taqlidiy so`zlarga qo`shilib negiz anglatgan ma`noni bajarishni ifodalovchi fe`llar yasaydi: hayqir, o`shqir, gurilla, vishilla kabi.
9) -lan (-lash) qo`shimchasi fe`l nisbatlarini yasaganidek, ot va sonlardan fe`l yasaydi: otlan, gaplash, birlash kabi.
Sintaktik usul bilan murakkab va juft fe`llar yasaladi. Murakkab fe`llarning qismlari har xil . Ularning biri asosiy ma`no anglatib, murakkab fe`lning ma`no ifodalashi etakchi qism vazifasini bajaradi. Ikkinchi qism esa qo`shimcha ma`no ifodalab, yordamchi qism vazifasida qoladi. Asosiy ma`no ifodalovchi qism etakchi qism, unga birikkan qism esa ko`makchi qism hisoblanadi.
Murakkab fe`llarning birinchi qismi fe`ldan yoki fe`l bo`lmagan so`zlardan tashkil topadi.
1. Fe`lning ravishdosh shaklidan tashkil topadi: ayta oldi, yozib oldi, chiopib bordi, kulib qo`ydi kabi.
2. Fe`l bo`lmagan so`zlardan tashkil topadi: quloq soldi, buyruq berdi, nazar soldi kabi.
Qo`shma fe`llarning etakchi qismi fe`l va fe`l bo`lmagan so`zlardan tuzilishi ularni muayyan tiplarga ajratishni taqoza etadi. Shunga ko`ra murakkab fe`llar ikki turga: birinchi tip murakkab fe`llar va ikkinchi tip murakkab fe`llarga bo`linadi.
Birinchi tip murakkab fe`llarning etakchi qismi fe`l bo`lmagan so`zlardan tashkil topadi. Bunday fe`llarning ko`makchi qismi bo`l, qil, et, ayla, ol, ber, tur, yot, qol, tush, o`t, tashla kabi fe`llardan tuziladi: imzo qo`y, quloq sol, e`lon qil , va`da ber , kabi. Ikkinchi tip murakkab fe`llarning har ikkala qismi fe`llardan tashkil topadi: yoza boshladi, olib keldi, ko`rib chiqdi kabi.
Juft fe`llar fe`llarning takrorlanib kelishidan hosil bo`ladi. Juft fe`llarda ham asosiy ma`no birinchi qism orqali anglashilgan: oldi- berdi, bordi- keldi, aytdi, -qo`ydi kabi
TAKRORLASH UCHUN SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
1. Fe`llar qanday usullar bilan yasaladi ?
2. Fe`l yasovchi qo`shimchalar qaysilar ?
3. Qanday fe`llar murakkab fe`llar hisoblanadi ?
Do'stlaringiz bilan baham: |