Ish tuzilmasining tavsifi. Ushbu tadqiqot kirish, uch asosiy bob, umumiy xulosa hamda adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
Dissertasiyaning kirish qismida ishning dolzarbligi, metodologik asosi va tadqiq usullari, muammoning o‘rganilish darajasi, tadqiqot ob’ekti va predmeti, tadqiqot maqsadi va vazifalari, dissertasiyaning ilmiy yangiligi, tadqiqot manbalari, shuningdek, ishning ilmiy va amaliy ahamiyati haqida mukammal ma’lumot beriladi. Ish uch bobdan iborat bo‘lib, har bob 3 faslni o‘z ichiga oladi. Har bobdan so‘ng xulosalar keltirilgan va umumiy xulosa ish so‘nggida berilgan. Barcha foydalanilgan manbalar adabiyotlar ro‘yxatida keltirilgan.
I BOB. O‘ZBEK TILIDA KISHI NOMLARI HOSIL BO‘LISHINING KOGNITIV ASOSLARI
1.1. O‘zbek tilshunosligida kishi nomlarining o‘rganilishi
O‘zbek antroponimiyasini zamonaviy ilmiy metodlar asosida o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘tgan asrning 60-yillarida yuzaga kela boshladi. Ungacha bolaga ism qo‘yish masalasiga bag‘ishlangan ba’zi ilmiy-ommabop maqolalar nashr etilgan edi.
O‘zbek ismlarining ma’nolari ommabop tarzda izohlangan dastlabki risola Y.Menajiev va X.Azamatovlarga tegishlidir9. Risolada ismlar ma’nosini tushunish, ism ma’nosining asosi bo‘lgan motivlar va boshqalar yuzasidan jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘yilgan. Bunday kamchiliklar E.Begmatov10 va A.Irisov11lar tomonidan yozilgan taqrizda keltirib o‘tilgan. Ushbu risolaning ma’lum qismi keyinchalik “Fan va turmush” jurnalida chop etilgan12.
Mualliflar “Ismingizning ma’nosi nima?” kitobining maqsadi “o‘zbek ismlarining turdosh otlik ma’nosini izohlashga bag‘ishlangan”, deb ko‘rsatishadi. SHu bilan birga, bu ma’noni ular “ismlarning dastlabki ma’nosi” deb ham atashgan13. Ammo kitobning izohli lug‘at qismidagi ismlar ma’nosini izohlashga diqqat qilinsa, unda ismning turdoshlik ma’nosidan tashqari, etnografiq ma’nosi ham izohlanganining guvohi bo‘lamiz.
Bu davrda o‘zbek ismlari haqida yozilgan dastlabki ilmiy maqolalar ham yuzaga kela boshladi. Dastlab, M.Shamsieva “Ism berishning ba’zi motivlari haqida14, E.Begmatov “Ismlar ma’nosini tushunish va talqin qilishning xususiyatlari haqida15, U.Nosirov “Ism qo‘yishning Qashqadaryo aholisi orasida tarqalgan udumlari va ismlarning lingvistik o‘ziga xosligi haqida” maqolalar e’lon qilishdi. Keyinchalik E.Begmatov tomondan yozilgan maqolalarda antroponimlarning lug‘aviy jihatdan o‘ziga xosligi, ismlar yasalishidagi xususiy tomonlar bo‘yicha fikr-mulohazalar berildi.
M.Shamsievaning maqolasida ism berishning 5 xil motivi, qiz bolalarni nomlashning 5 xil motivi, shuningdek, diniy ismlarning qo‘yilish sabablari yoritilgan.16
U.Nosirov o‘z maqolasida o‘rganilgan hududda ism berish udumlari bilan aloqador ba’zi nomlarga keng to‘xtalgan. Masalan, chaqaloq dunyoga kelgach, uning badanidagi belgilarga ishora qiluvchi Qoriq, Qo‘shboy, Qo‘shboq, Qo‘shoq, Oltiboy ismlarining; go‘dakning yuzi, ko‘zi va sochiga xos xususiyatiga ko‘ra qo‘yiluvchi Ko‘kiboy, Sariboy, Qoraboy; agar chaqaloq tug‘ilgandan to etti kunga qadar ko‘zi ochilmasa, unga Ochil, Ochiloy, Ochilbek, Ochildi kabi nomlar berilishining; ba’zi ismlar chaqaloqning tug‘ilgan vaqtiga ishora qilishi Chorshanboy, Juma, Jumaboy, Payshanba, Bozor, bola biror voqea, tadbir kuni tavallud topsa Haydar (shanba kuni sotish uchun bozorga mol haydashgan – mol aydar kuni) va boshqalar haqida qimmatli ma’lumotlarni keltirgan.17
Demak yuqoridagi Barot, Ramazon, Asad, Rajab, Muharram, Safar ismlari chaqaloq tug‘ilgan oy; Nizom, Sobir, Bahor, Gulbahor ismlari bola tug‘ilgan mavsum; Bayram, Hayit, Bayramali, Hayitgul, Hayitmurod, Qurbon, Qurbonboy ismlari bayram va marosim kunlari; Mehmon, Mehmonali, Momoxol, Boboqul, Bobonazar, Otabek, Yo‘ldosh, Yo‘lchi nomlari go‘dakning o‘z uyida tug‘ilmaganligi; Qirq, Oltmish, Sakson, To‘qson ismlari chaqaloq dunyoga kelganda otasining yoshi nechada bo‘lgani; CHori, Panji ismlari nom egasining oiladagi nechanchi bola ekani; To‘xta, O‘g‘iloy, Uljon, Ultuv, Uzil, Adash, Maqsad, Qarshi, Qarshigul kabilar o‘g‘il yoki qiz ko‘rish orzusi bilan bog‘liqligi; Edgor ismi chaqaloqning otasiz yoki onasiz qolgani; Suyun, Suyunduq, Quvonchiq, Xursand ismlari ota-onalarning shodligi, emosional holatini bildirgan.
Maqolada ismlar nomga asos bo‘lgan apellyativning xarakteriga ko‘ra ham tasniflangan va ular o‘n ikki guruhga bo‘lingan. U.Nosirov kishi nomlarining ma’nolari haqida ham o‘z mulohazalarini bildiradi. Uning fikricha, ismlar quruq yorliq emas, ma’lum ma’noga ega. Ushbu maqola quyidagicha xulosalangan: “O‘zbek onomastikasini to‘plash, tarixiy nuqtai nazardan tekshirish, xarakterli grammatik belgilari va semantik xususiyatlariga ko‘ra umumlashtirish, ularni ilmiy asosda har tomonlama o‘rganing o‘zbek tilshtunosligi uchun muhim nazariy va amaliy ahamiyatga egadir18.
1965 yilda E.Begmatov tomonidan “O‘zbek tili antroponimikasi” mavzuidagi nomzodlik dissertasiyasi himoya qilindi.19 Bu ish o‘zbek tili antroponimlarining tarixiy-etnografik, lisoniy xususiyatlari keng ko‘lamda o‘rganilgan ilk tadqiqot edi. Tadqiqot antroponimlarni lingvistik jihatdan o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, unda antroponimlar tarixiy, etnolingvistik, sosiolingvistik tomondan ham tadqiq qilingan. Tadqiqotda o‘zbek laqablari, taxalluslar, familiya va ota ismlari ham keng tahlil qilingan.
Muallifning ismlarning ma’no strukturasi, ismning unga asos bo‘lgan so‘z (apellyativ)dan semantik va funksional jihatdan farqi, ismlarga xos ba’zi antropoleksemalar, nomlarning tuzilish qolipi, ism va laqab, ism va taxalluslarning farqi haqidagi fikrlari o‘sha davrda ilk aytilgan mulohazalar edi.
E.Begmatov o‘zbek antroponimlarini o‘rganishni keyinchalik ham tinimsiz davom ettirdi. U o‘zbek ismlarining imlosi va rus tiliga transkripsiyasiga bag‘ishlangan “Kishi nomlari imlosi”20, “O‘zbek ismlari imlosi”21, “O‘zbek ismlari”22, “Литературные имена и фамилии узбекских авторов в русской транскрипсии”, ism berishning enolingvistik va diniy motivlari izohlangan “Ism chiroyi”, o‘zbek ismlarining ma’nolari talqin qilingan “O‘zbek ismlari ma’nosi” va boshqa bir qator asarlar muallifi.23
Ma’lumki, sho‘rolar davrida o‘zbek tili antroponimlariga, umuman, atoqli otlar tizimiga munosabatda ko‘pgina salbiy tomonlar mavjud edi. Ya’ni:
ittifoqda bir qator millat va xalqlar kabi o‘zbeklar ham ruscha familiya, ota ismga zo‘rlab o‘tkazilgan va ular uch shaklli sistema asosida nomlanar edi: Tursunova Gulchehra Berdievna, Sharifov Tursun To‘xtabaevich kabi;
shaxsning shaxsiy hujjatlarida o‘zbekcha yozuv uchun maxsus joy ajratilmagan edi. Shaxs nomi mavjud hujjatlarda faqat rus tilida yozilardi;
qayd qilingan xatolar o‘zbek fuqarolari ism-shariflarini faqat ruscha imloda yozish holatini tug‘dirdi va o‘zbekcha ismlarning milliy talaffuz shaklini buzib aytish va yozishga olib keldi;
rus tilidan va u orqali chet tillar onomastikasidan kirib kelgan ismlarni o‘zbek qizlari va o‘g‘illariga berish udum bo‘ldi (Klara, Svetlana, Marat, Telman va boshqalar). Bunday ismlar “Internasional nomlar” (“baynalmilal ismlar”) deb maqtalardi.
Shuningdek, Kolxozbek, Sovxozbek, Saylovboy, Maya kabi ismlar “sovetizmlar” o‘zbek onomastikasining yangi qatlami sifatida ma’qullanardi. Milliy tillar antroponimiyasini rus tili nomlar bilan boyitgan deb, bu ijobiy ta’sir deb talqin qilinardi. Bu hol sho‘rolarning mafkuraviy maqsadiga mos tushadigan hodisa, milliy tillar onomastikasida “internasional fond”ning paydo bo‘lishi deb hisoblanardi.
E.Begmatov ba’zi maqolalarida mana shunday hodisalarning asl mohiyatini ochib tashlagan va mustaqillik davrida o‘zbek onomastikasi, jumladan, antroponimikasining yangi vazifalariga to‘xtalgan24.
Ma’lumki, o‘zbek antroponimiyasining lug‘aviy boyligi ikki katta qatlamga bo‘linadi: o‘z qatlam ismlar va o‘zlashma qatlam ismlar. Bu qatlamlar maxsus tadqiqotlarni talab qilar edi. Mana shuni hisobga olgan holda G‘.Sattorov E.Begmatov rahbarligida o‘zbek tilining o‘z qatlami yuzasidan tadqiqot olib borib, 1990 yilda “O‘zbek ismlarining turkiy qatlami” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi25.
Tadqiqotda o‘zbek ismlarining turkiy qatlami ism uchun asos bo‘lgan motivlarga ko‘ra tasniflangan, so‘ngra o‘zbekcha ismlar ismbag‘ishlovlar, tavsifiy ismlar, ism-istaklarga ajratilgan holda tasniflangan. Dissertasiyaning uchinchi bobida ismlarning grammatik tuzilishi o‘rganilgan. Dissertasiya faktik materiallarga boyligi bilan ajralib turadi.
Tadqiqotchi S.Rahimov 1998 yilda “Xorazm mintaqaviy antroponimiyasi” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. Tadqiqotda ba’zi tarixiy va mifologik ismlarning ma’no va motivasiyasiga oid fikrlar mavjud. Masalan, Hibbi, Hibbiqul (32-bet), O‘g‘uz, Qayumar, Jamshid, Zol, Kaykubod, Kaykovus, Rustam va boshqalar. Shuningdek, dissertasiyada islom dini ta’sirida udum bo‘lgan arabcha, qadimiy yahudiycha ismlarning, turli marosim va urf-odatlar bilan bog‘liq nomlarning (Hayitboy, Ro‘ziboy va boshq), yil, oy, hafta nomlariga nisbat berilgan ismlarning asosini hayvon va qushlar nomi tashkil etuvchi nomlarning qo‘yilish sabablari izohlangan. Dissertant Xorazm vohasi aholisi ismlari uchun xos bo‘lgan mintaqaviy ismlar va ism komponentlarini belgilashga muyassar bo‘lgan. Uning yozishicha, xorazmcha ismlar tarkibida niyoz, juma, anna, odina, poshsha, shoh, rajab, ro‘zi, qurvon, quron, hayit, ota, bobo, et, meng komponentlarining kelishi xarakterlidir”.26
“O‘zbek xalq ijodi asarlarida antroponimlarning nominativ, lingvistik va uslubiy xususiyatlari, D.Abdurahmonov va H.Bektemirovning katta hajmli maqolasi hisobga olinmaganda, deyarli o‘rganilgan emas edi”, deb yozadi E.Begmatov.27 Mana shu ma’noda I.Xudoynazarovning Ergash Jumanbulbul kuylagan dostonlarda qo‘llangan antroponimlar tadqiqiga oid ishi diqqatga molik. Tadqiqotning bosh qismida antroponimlarning til tizimidagi o‘rni haqida so‘z boradi. Afsuski muallif antroponimlarni sistem tilshunoslik nuqtai nazaridan baholaydi hamda antroponimlarni oddiy va turdosh so‘zlarga qiyoslaydi hamda ismlarning til lug‘at tizimidagi o‘rnini belgilaydi. Bu tahlillar onomastikaning o‘ziga xos xususiyatlariga sira ham yopishmaydi, tahlillar antroponimning nominativ vazifasidan, ijtimoiy-kommunikativ xususiyatlaridan kelib chiqmaydi va kuzatishlar sun’iyligicha qoladi. Buni tahlillar davomida erishilgan quyidagi xulosadan ham bilsa bo‘ladi: “Antroponimlar tilning lug‘aviy tizimida eng chekka qurshov sifatida mavjud bo‘lsa ham, ular tilning qurilish tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega. Shuning uchun ham antroponimlar deyarli barcha lug‘atlardan o‘rin oladi. Antroponimlar turkiy tilshunoslikning to‘ng‘ich asari Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”idan boshlab ikki tomli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati gacha bo‘lgan lug‘atlarning ko‘pchiligidan o‘rin olib kelmoqda. SHuni ham ta’kidlash joizki, o‘zbek tilining lug‘at boyligi tizimida nomlarning o‘ziga xos o‘rni bor. Lekin, u umumijtimoiy tabiatga emas, balki shaxsiy ijtimoiy tabiatga ega. Antroponimlar umumijtimoiy, ya’ni lisoniy lug‘aviy boylikning eng chekkasidan o‘rin olsa ham, alohida olingan shaxs nutqida faol leksik boylik sifatida qo‘llanilaveradi. Zero, umumlisoniy bosqichda antroponimik qurshov odam leksemasi qurshovidagi leksemalarning eng chekka va eng zarur lisoniy bo‘sh qurshovini tashkil etadi. Bu qurshov lisoniy bosqichda faqat imkoniyat sifatida mavjuddir, xolos. Har bir shaxs uchun bu qurshov shaxsiy va xususiydir28.
N.A.Xusanovninng o‘zbek tarixiy antroponimiyasiga bag‘ishlangan doktorlik dissertasiyasida XV asr yodgorliklarida takror uchraydigan va hozirgi o‘zbek antroponimiyasida funksional bo‘lgan ismlarni “an’anaviy antroponimlar” deb yuritadi (masalan, Dilorom, Zulayho, Navro‘z, Farhod va boshqalar). Uning nomlarni “to‘qima ismlar”, “real antroponimlar”ga bo‘lishi ham o‘zini oqlaydi. Keyingi guruhga real tarixiy shaxslar, asar mualliflari nomi, ba’zi hukmdorlar nomi kiritilgan.29
Tadqiqotning keyingi qismlarida nomlarning badiiy-uslubiy xususiyatlari hamda turli badiiy san’atlarni hosil qilishdagi ahamiyati haqida fikr yuritilgan. Tadqiqotda diniy ismlarning ma’no va genetikasiga oid mulohazalar turli diniy, tarixiy, mifologik adabiyotlarda mavjud fikrlarning tavsifi bo‘lib qolgan bo‘lsa, muallifning antroponimlarning badiiy san’atlar hosil qilishdagi ishtiroki o‘rganilgan o‘rinlarda ancha yangi tahlillar mavjud.30
XV asr o‘zbek yozma yodgorliklari tilida antroponimlar yuzasidan N.Husanov amalga oshirgan ishlarning natijasi u e’lon qilgan ikki kitobda o‘z mujassamini topgan31.
Keyingi paytlarda o‘zbek ismshunoslari o‘zbek antroponimi yasalishining konkretroq muammolariga qo‘l urmoqdalar. E.Begmatov rahbarligida R.Xudoyberganovning o‘zbek antroponimlarining variantdorligini o‘rgangani, S.Kenjaevaning o‘zbek antroponimlari semantik va sosiolingvistik masalalarini tadqiq qilgani buning isbotidir.
R. Xudoyberganov antroponimlar misolida variantdorlik tushunchasiga aniqliklar kiritgan va bu variantlarning sinonimiyaga, onomastik parallellarga munosabatini belgilashga intilgan. U antroponimlarning lug‘aviy-lahjaviy variantlarini, ismlarning qisqargan variantlarini, ismlarning erkalash-kichraytish variantlarini hamda antroponimlar imloviy variantlarini aniqlagan va boy dalillar asosida atroflicha tadqiq qilgan.32
O‘zbek onomastikasining rivoji davomida uning bu soha muayyan ilmiy terminlarini paydo bo‘lishiga va o‘zbek tilida yozilgan tadqiqot matnlarida mustahkamlanishiga olib keldi. Sohaning qanchalik rivoj topgani uning ilmiy terminologiyasida ko‘rinib turadi. O‘z navbatida, soha terminologiyasini terminologik tizim talab qiluvchi muayyan me’yorlarga solish, tartibga tushirish lozim bo‘ladi. Masalaga mana shu nuqtai nazardan yondashilsa, R.S.Nuriddinovning alohida asosda yozilgan “O‘zbek onomastikasi terminlarining lisoniy tahlili” mavzuidagi tadqiqoti diqqatga sazovordir.
R.Nuriddinovning o‘zbek onomastikasida hozirda mavjud bo‘lgan va tadqiqotlarda qo‘llanayotgan terminlari to‘liq to‘plangan hamda ularni 14 yirik hamda mavzuiy guruhlarga ajratilgan33.
Terminlarning lug‘aviy-ma’naviy xususiyatlari asosida yotgan leksema tarixiy-etimologik jihatdan baholangan holda tahlil qilingan. Tarixiy-an’anaviy terminlar, o‘zbekcha terminlar, rus tili va u orqali o‘zga tillardan kirgan terminlarga oid tahlillarda ancha original mulohazalar mavjud34
M.Rashidova o‘zbek laqablarini to‘plash bilan shug‘ullanib keladi. Ushbu izlanishlarning mahsuli sifatida bitta risola e’lon qilingan.35
Taniqli nomshunos V.A.Nikonov o‘zbek ismlari materiallarini to‘plash bilan shug‘ullanib, o‘zbek ismlarining ismlarda biologik jins tushunchasining ifodalanish usullarini asoslash bilan qiziqdi36.
Ko‘pchilik turkiy xalqlarda, jumladan, o‘zbeklarda ham bir oiladagi farzandlarga yoki yaqin qarindoshlarning bolalariga ohangdosh, "uyqash" (“qofiyadosh”) ismlar berish odati mavjud. A.I.Royeyenzon va A.I.Isayevlar ushbu hodisani tadqiq etar ekan, “antoroponimik seriya” deb nomlaydi va uni quyidagicha izohlashadi: “Antroponimik seriya bir qo‘shimcha bilan tugovchi ism guruhidir yoki bitta segment bilan shaklan o‘xshash ismlardir. Bunday seriya ismlar bitta oilaga mansub bolalarga aka-singillarga beriladi”37.
Mualliflarning antroponimiyahaqida keltirgan fikrlarida ba’zi munozarali o‘rinlar bor. Birinchidan, antroponimik seriya hosil qiladi deyish mumkin emas, chunki seriya tilda mavjud ismlardan ohangdoshlarini tanlab hosil qilinadi, ikkinchidan, antroponimik seriya “kishilarni yaxshiroq farqlashga xizmat qiladi” deb hisoblash ham ishonchsiz.
Chunki bir oila bolalarini (aka-uka, opa-singillarii) Norbo‘ta va Begbo‘ta deb atashdan ko‘ra Norboy va Bekmurod deb nomlashda differensiasiya qilish kuchli. Yaqin ismlar ba’zan ularning ismini almashtirib aytishga sabab bo‘ladi, kishi xotirasini chalgitadi (ayniqsa, keksalar bunga moyil).
Muallif antroponimik seriya muammosini to‘gri ko‘targan bo‘lsada, bu hodisaning mohiyatini to‘liq ochib bera olishmagan.
Maqolada kuzatish natijasida aniqlangan Jizzax viloyatining Moltop qishlog‘i aholisi ismlari asosida quyidagi tip seriyalar keltirilgan (har bir seriya bitta oila farzandlari nomlari):
- Norbo‘ta, Begbo‘ta, Shobo‘ta, Eshbo‘ta;
- Doniyor, Shodiyer, Baxtiyor, Mamadiyer;
- Nizomiddin, Kamoliddin, Muhiddin, Husniddin;
- Abdurazzoq, Abduhalil, Abdujalil, Abdusattor, Abdushukur;
- Shodi, Hodi; - Irisqul, Irisbek;
- Saydivali, Baydivali;
- Jo‘ra, To‘ra;
- Kamol, Jamol38.
Bizning nazarimizda, bu kabi ohangdosh ismlarniig tanlanishida oiladagi farzandlarni o‘zaro jipslashtirish, ularning bir oilaga mansubligini ta’kidlash, birbirini ism orqali ergashtirib turli balo-qazolardan himoya qilish ko‘zda tutilgan. Ba’zi holatlarda bola ismining ota yoki ona, o‘zga qarindoshlar ismiga ohangdosh bo‘lishi ushbu mulohazani quvvatlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |