30-§. Sememaning nutqqa xoslanishi. Semema nutqda uni ushbu qo‘llanishga xoslovchi turli vosita ta’siriga berilgan va juz’iylashgan holda «ko‘rinish» beradi. Sememaning nutqiy ko‘rinishida uni nutqqa xoslagan nolug‘aviy vositaning ta’sir darajasi turlicha bo‘ladi.
Sememaning nolug‘aviy tajallilar ta’siridagi o‘zgarishga uchrashi natijasida vujudga keladigan sifat o‘zgarishi ham unga ta’sir qiluvchi omillar darajasiga ko‘ra turlicha bo‘ladi.
Semema so‘z yasash qolipi asosida nutqiy yasama so‘z ma’nosi sifatida namoyon bo‘lar ekan, bunda bu nutqiy ma’noning tarkibida sema ko‘rinishi maqomini oladi. Masalan, fe’l + -uvchi = fe’l anglatgan harakatning bajaruvchisini anglatuvchi shaxs oti lisoniy so‘z yasash qolipi hosilalarida (ichuvchi, kesuvchi, yozuvchi, xohlovchi va b.) bu so‘zning asosida yotgan ich, kes, yoz, xohla leksemalarining sememasi yasama so‘zlarda nutqiy ma’noning bo‘lakchasi sifatida yuzaga chiqadi. Deylik, ichmoq leksemasining sememasi «biror suyuqlikni iste’mol qilmoq» bo‘lib, u (ichuvchi) nutqiy hosilasida «ichish bilan shug‘ullanuvchi kishi» nutqiy ma’nosining «ichish» uzvida mujassamlashgandir. Bunda ma’lum bir butunlikning «kichrayib», nutqiy bir butunlikning tarkibiy qismiga aylanganini ko‘ramiz. Bu esa sememada sifat o‘zgarishi yuz berganligini ko‘rsatadi. Demak, nutqiy yasama so‘z lisoniy butunlikning nutqiy qismga aylanishi hodisasi yuz beradi. Buni shartli ravishda «sememaning nutqiy ma’no bo‘lakchasiga aylanishi» deb ataymiz.
Sememaning mazkur hodisadan quyiroq darajada o‘zgarishi uslubiy omil va ayrim lug‘aviy-sintaktik shakl hosil qiluvchining ta’siri natijasida yuz beradi.
Leksema ko‘chma ma’noda qo‘llanar ekan, uning sememasi tarkibidagi atash semasi so‘nib, nutqiy voqelikka mos ravishda ifoda va vazifa semasi kuchayadi. Masalan, oltin yoshlik birikuvida voqelangan oltin leksemasining «sariq tusli qimmatbaho noyob metallni ifodalovchi ot» sememasidagi «sariq tusli», «metall», «ot» semasi butkul so‘ngan bo‘lib, «kamyob», «qimmatbaho» semasi kuchaygan va «ot» vazifa semasi «sifat» ma’no bo‘lakchasiga aylangan holda namoyon bo‘lgan. Biroq bundagi vazifa semasining o‘zgarishi nutqiy hodisa bo‘lganligi sababli u sememaning ikkinchi turkumga ham xosligini ko‘rsatmaydi, balki boshqa turkumga xos vazifasini bajarishi deb tushunmoq lozim. Demak, leksemaning ko‘chma ma’noda qo‘llanilishidagi ma’noviy modifikatsiyasini «semema semasining o‘zgarishi» deb baholash mumkin.
Semema vazifa semasining o‘zgarib voqelanishini fe’l leksemaning sifatdosh, ravishdosh va harakat nomi shaklini olib qo‘llanishida yaqqol kuzatish mumkin. Masalan, ravishdosh shaklini olgan fe’l leksema sema asosida fe’lning ma’nosi kuchsizlanib ravishga xos belgi kuchayadi. Qiyoslang: U shoshildi – U shoshilib gapirdi.
Ayrim lug‘aviy shakl hosil qiluvchi fe’lning atash semasini modifikatsiya qiladi. Masalan, kitob leksemasi sememasidagi belgilanmagan miqdor semasi nutqda voqelangan kitoblar so‘zida, son + ot qolipli sintaktik qurilmada muayyanlashadi. Bu esa uni shartli ravishda «sememaning atash semasi o‘zgarishi» deb talqin qilish imkonini beradi.
Aytilganlar asosida sememaning nutqiy xoslanishini quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:
1) sememaning so‘z ma’no bo‘lakchasi sifatida voqelanishi;
2) sememaning atash semasi so‘nishi natijasida vazifa semasi kuchayishi va ifoda semasi o‘zgarishi sifatida voqelanishi;
3) sememaning atash semasi o‘zgarib voqelanishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |