KASBIY MEHNATGA QOBILLIK — insonning malakasiz mehnatga layoqatliligini nazarda tutuvchi umumiy mehnatga qobillikdan farqli o‘laroq, shaxsning muayyan kasb (yuristlik, vrachlik, musiqachilik)da mehnat jarayonini bajara olishlik uquvi. Maxsus mehnatga layoqat ham, ya‘ni insonning muayyan ixtisoslik (yurist-tergovchi, vrach-xirurg, musiqachi-g‘ijjakchi) kasbiga uquvi farqlanadi. Mehnatga qobiliyatni yo‘qotgandan keyin doimiy yoki vaqtincha mehnatga yaroqsizlik yuzaga chiqadi, bu vrachlar yoki sud-tibbiyot eksperti tomonidan kasallanganda, jarohatlanganda, shu jumladan, ishlab chiqarishda shikastlanganda belgilanadi.
Sud-tibbiyot ekspertizasi kasbiy mehnatga yaroqlilik yo'qotilganda tergovchining tavsiyasi yoki sud qarori bo‘yicha jinoiy va fuqaroviy ishlarda ko‘riladi.
MEHNAT BIRJASI — xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarini muvofiqlashtirishni ta‘minlovchi tashkilot, mehnat bozoridagi ishchi kuchga bo‘lgan talab va taklifni mutanosiblaydi. M.b. mehnat bozorida ro‘yxatga olingan korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlarini hisobga olgan holda ishsizlarni ijtimoiy himoyalash, yoshlarni kasbiy yo‘naltirish, ishsizlik bo‘yicha nafaqalar to‘lash, muayyan kasbga talabni bashoratlash bilan shug‘ullanadi.
Rivojlangan mamlakatlarda M.b. faqat xodimlar va ish o‘rinlarini aniqlash bilangina emas, balki boshqa kasbga yo‘naltirish bilan ham shug‘ullanadi, bunday holda mablag‘ malakali mutaxassilarga
ehtiyoj sezgan korxonalardan o‘tkaziladi. Korxonalar tobora malakali ishchi kuchlarini sifatli saralashdan manfaatdor bo‘lib bormoqdalar.
Tomonlar manfaatini iloji boricha mutanosiblash uchun betaraf vakolatli vositachi zarur, u tezkor axborotlar jamg‘armasiga ega (boshqa birjalar bilan kompyuter tarmog‘iga ulangan) bo‘lishi mumkin.
M.b. bozor infratuzilmasining majburiy unsuri emas. Ular asosan davlat tomonidan mablag‘ bilan ta‘minlanadi. O‘zbekistonda M.b.lari aholi bandligi bilan shug‘ullanuvchi davlat xizmati vazifasini bajaradi. Yana q. Aholi bandligi xizmati.
MEHNATDA JAROHATLANISh — ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa natijasida yuz bergan sog‘liqdagi o‘zgarish. Maxsus vrachlardan iborat ekspertlar komissiyasida ko‘rib chiqiladi, nogironlik guruhi belgilanadi, agar jabrlanuvchi sug‘urta shartnomasiga ega bo‘lsa, vrachlik-sug‘urta eksperti komissiyasi ko‘rib chiqadi. MEHNAT KODEKSI — O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjati. 1996 yil 1 apreldan kuchga kirgan. Hujjat to‘rt bobdan iborat bo‘lib, quyidagilarni qamrab olgan: asosiy qoidalar (1—13-m.); mehnatga oid munosabatlarning subyektlari (14—20-m.); xodimlar va ish beruvchilarning vakilligi (21—28-m.).
Do'stlaringiz bilan baham: |