Magnit induksiya. Maydonning biror nuqtasiga turli xil magnit momentli tokli konturlarni joylashtirib ko'raylik. Ma'lum bo'lishicha ularga ta'sir etadigan aylantiruvchi momentlar ham turlicha bo’ladi. Lekin ularning nisbati o'zgarmas kattalik bo'lib qolaveradi. Demak, bu kattalik maydonning shu nuqtasini xarakterlovchi kattalik bo'lib, unga magnit induksiyasi deyiladi.
Magnit induksiya chiziqlari. Elektr maydon elektr kuch chiziqlari vositasida grafik ravishda tasvirlanishi mumkin bo'lganidek, magnit maydoni ham magnit induksiya chiziqlari (magnit kuch chiziqlari) yordamida grafik ravishda tasvirlanishi mumkin. Magnit induksiya chiziqlari deb istalgan nuqtasiga o'tkazilgan urinma shu nuqtaning В vektori bilan mos keladigan chiziqqa aytiladi.
Magnit induksiya chiziqlarini temir kukunlari yordamida ko'rinadigan qilish mumkin. Misol uchun to'g'ri tok o'tkazilgan shisha plastinka ustiga temir kukuni tashlanib, sekin chertilsa, kukunlar kuch chiziqlari bo'ylab joylashib qoladi.
Tajribadan ko'rinib turibdiki, tokli to'g'ri o'tkazgich atrofidagi magnit induksiya chiziqlari tekislikda yotuvchi, tokka perpendikular konsentrik aylanalardan iborat bo'lar ekan. Aylanalarning markazi o'tkazgichning o'qi bilan mos keladi. Xuddi shuningdek, temir kukuni yordamida istalgan shakldagi tokli o'tkazgich magnit induksiya chiziqlarining tasvirini hosil qilish mumkin.
Hosil bo'lgan manzaralardan quyidagicha xulosa chiqarish mumkin.
Magnit induksiya chiziqlari doimo yopiq chiziq xarakteriga ega va tokli o'tkazgichni qamrab oladi. Shuning uchun ham magnit maydoniga uyurmali maydon deyiladi. Magnit maydon induksiya vektori chiziqlarining yo'nalishi o'tkazgichdagi tokning yo'nalishiga bog'liq bo'lib, o'ng parma qoidasiga muvofiq aniqlanadi: Agar o'ng parma uchining ilgarilanma harakati tokning harakati bilan mos kelsa, parma dastasining aylanma harakat yo'nalishi magnit induksiya chiziqlarining yo'nalishi bilan mos keladi.
Agar magnit induksiya vektorlari barcha nuqtalarda bir xil bo'lsa (B = const), magnit maydongabirjinsli maydon deyiladi. Bir jinsli maydonga uzunligi diametridan ko'p marta katta bo'lgan g'altak, solenoidning ichidagi maydon misol bo’ladi.
Magnit induksiya chiziqlarining zichligi magnit induksiyasi В ning qiymatini ifodalashi mumkin. Masalan, magnit induksiya chiziqlariga perpendikular bo'lgan birlik yuza orqali o'tkaziladigan chiziqlarning soni magnit maydonning shu sohadagi magnit induksiyasiga teng yoki proporsional bo'lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |